Farzand tarbiyasida oilaning o‘rni qanchalik muhim?

Oila-jamiyat poydevori. Farzandlarimiz ongida elu yurtga, Vatanga muhabbat tuyg‘ulari oilada, biz yashab turgan mahalladan shakllanadi. Yurtimizning ertangi kuni, tinch va osoyishta hamda obod bo‘lishi eng avvalo mana shu kichik jamiyatda o‘sib-unayotgan farzandlarimizga bog‘liq. Qaysi oilada, qaysi mahallada tarbiya yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, o‘sha oila, o‘sha mahalla gullab-yashnaydi, ertangi kuni tinch va osoyishta bo‘ladi.
Xo‘sh, farzandlarimiz tarbiyasida oilaning o‘rni nechog‘lik muhim? Avvalo ota-onalarning o‘zlari farzandlariga yurish-turish, muomila jihatidan farzandlariga o‘rnak bo‘lishlari lozim bo‘ladi. Chunki, oiladagi muhit ota-ona o‘z ma'suliyatlarini his qilishi bilan barqaror bo‘ladi. Bolalarning odobli bo‘lib ulg‘ayishi uchun ota-ona bilan bir qatorda mahalla-kuy ham katta ibrat maktabi hisoblanadi. Xalqimiz “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deb bejiz aytmagan albatta.
Farzand tarbiyalayotgan ota-ona har bir harakati, yurish turishi, muomalasi, boshqalar bilan o‘zaro munosabatida olijanob fazilatlarni namoyon eta bilishi kerak. Chunki bola tabiatan nihoyatda taqlidchan va kuzatuvchan bo‘ladi. Shuning uchun uning atrofdagilari o‘z odatlari bilan ba'zan o‘zlari sezmagan holda ularga ta'sir qiladilar. Oiladagi qo‘pol munosabatlar, ko‘p yolg‘on gapirish, yoqimsiz xatti-harakat bola tarbiyasiga salbiy ta'sir qiladigan nosog‘lom muhitni keltirib chiqaradi.
Farzandlarimizni intizomga o‘rgatishimiz oilamizning mustahkamligiga asos bo‘ladi. Islom dini ham shu ma'noda ota-onalarni o‘z farzandlariga sog‘lom tarbiya berishga targ‘ib qiladi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v) o‘z hadisi shariflarida “Farzandlaringizni hurmat qiling va ularni yaxshi xulq bilan xulqlantiring” deb ta'kidlaganlar.
Yoshlarning qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va insoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usi shakllanishida, har tomonlama barkamol etib tarbiyalanishida buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosi katta ahamiyat kasb etadi. Zero, hayotning asl mazmun-mohiyatini anglab yetishga butun umrini bag‘ishlagan allomalarimizning ilmiy meroslarida ham sog‘lom avlod tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarga alohida o‘rin berilgan. Jumladan, Imom Buxoriyning “al-Adab al-mufrad hadislar to‘plami, Abu Lays Samarqandiyning “Tanbehul g‘ofiliyn” asarlarida farzandlarga yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirish tarannum etilgan.
Ota-bobolarimiz azaldan o‘g‘il qizlarning go‘zal xulqli, odobli bo‘lishiga katta ahamiyat berganlar. Binobarin, islom dinida ham axloq imon qatoriga qo‘yiladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, mustahkam ma'naviy immunitetga ega, o‘zining fikrlarini bemalol ayta oladigan, yuqori marralarga erishuvchan yoshlarni tarbiyalash uchun ota-ona, oila muhiti juda katta ahamiyat kasb etadi. Hammamizga ma'lumki,yoshlarning ma'naviy dunyosini zaharlashga qaratilgan turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi kunda o‘zining kimligini, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan, imon-e'tiqodi mustahkam yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona ta'sirlardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga o‘z hissasini qo‘sha oladi.
Azizlar! farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular o‘z ajdodlariga, o‘z tarixi, Vatani, ona tiliga va diniga sodiq bo‘lib kamol topsin.
Isomiddin domla Isayev - Narpay tumani bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 17/10/2022 11:07; Ko‘rilganligi: 2539
Chop etilgan vaqti: 04/11/2025 12:03
		
																				



















