O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Farzand tarbiyasi

 
 

Inson zoti Alloh taolo tomonidan yaratilgan maxluqotlarning ichida eng aziz va mukarrami hisoblanadi. Malumki, barcha davlatlarda  dinidan, millatidan va ijtimoiy  kelib chikishidan qatiy nazar, insonlar hayot kechirishadi.

Jamiyat — oiladan boshlanadi. Oilaning asosini esa, ota-ona tashkil qiladi. Ota-onani ulug‘lash va ularni qadrlash, muqaddas islom dinimizning ko‘rsatmalaridan hisoblanadi. Qur'oni karimda Allox taolo marhamat qilib aytadi: ”Robbingiz, uning o‘zigagina ibodat qilishingizni hamda, ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi.(Ey inson!)Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga ,,uf”! dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!  Ularga mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va  (duoda) ayt:  ,,Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen xam ularga  rahm qilgin!” (Isro, 23-24). Shunday ekan, farzand ota-onaning qadriga yetishi  uchun, ota-ona xam o‘z farzandlarini yuqoridagi oyat maqomida tarbiyalashi lozim. Bu haqida Paygambarimiz (Sallallohu alayhi vasallam) ushbu hadisi muboraklarida: ,,Har biringiz tarbiyachisiz va har bir tarbiyachi qo‘l ostidagilarga javobgardir»,  deb marhamat qilganlar.

Shariat talimotlari bo‘yicha, ota-onaning farzand oldidagi burchlaridan biri oila qurishdan avval munosib umr yo‘ldoshni tanlashda farzandiga yordam berishidir. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: ,,Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: ,,Urug‘laringizga ixtiyorni yaxshi qiling. Tengni nikohingizga oling va o‘shalarga nikohlaning’’, dedilar. Ibn Moja rivoyat qilgan. Ushbu hadisni bugungi kunda hayotimizga tatbiq etishda, yosh oila quruvchilarga o‘zlariga munosib juft tanlash borasida ota-ona birinchi yordam buruvchilardir. Milliy qadriyatlarimizdan hisoblangan bu an'ana o‘zbek xalqining asrlar davomida kelayotgan go‘zal udumlaridandir. Zero, farzandlarning aqlli bo‘lishligi munosib juftga bog‘liqdir. Farzand dunyoga kelgandan so‘ng, onalarining eng mo‘tabar vazifasi farzandni ikki yil emizishidir.

Ota-ona farzandlariga manodor, chiroyli, munosib ism qo‘yishi  kerak.  Abu  Dardo roziallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasullulloh  sallollohu alayhi vasallam  dedilar: ”Albatta, Qiyomat kuni o‘z ismlaringiz va otalaringizning ismi ila chaqirilursiz.  Bas, ismlaringizni go‘zal qiling’’.

Bolaning o‘ng qulog‘iga   azon,  chap qulog‘iga  takbir aytish, bolaning tanglayini ko‘tarish,  aqiqa qilish,  voyaga yetgan sari odobli, ilmu — marifatli va kasb-hunarli qilib tarbiyalashi, mustaqil hayotga tayyorlab, jamiyatga manfaatli inson bo‘lishiga e'tibor qaratmog‘i lozim.

Malumki,farzand tarbiyasi murakkab jarayon hisoblanadi. Shuning uchun ota-ona farzand tarbiyasida nihoyatda hushyor bo‘lishi kerak.

Bu to‘g‘risida   o‘zbek  mumtoz adabiyotining nomayondasi hazrat A.Navoiy o‘zining ,,Xazoinul maoniy’’ asarida:

Odam asrorining ijmolini qilding tafsil

Mundin erkinki deding ,,al valadu sirru abih’’.

Mazkur baytda keltirilgan ,,al valadu sirru abih’’ iborasi hadis bo‘lib, ,,bola ota-onaning siridur’’degan manoni bildiradi. Ko‘rinib turibdiki, ota-ona oilada boladan hech narsani yashira olmaydi va shu asosda farzand tarbiya topadi.

”Qush uyasidagi ko‘rganini qiladi’’, degan  maqol bejiz emas. Ota-ona asosiy tarbiyachi hisoblanadi. Pedagoglarning aytishicha: “Tarbiyachi bolani tarbiyalash uchun o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak’’.

Mamlakatimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan yildanoq bolalar va o‘smirlarning jismonan sog‘lom va baquvvat, ruhan barkamol inson bo‘lib yetishishlari uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilishga katta etibor qaratdi.

Malumki,barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning barqarorligi eng muhim omillardan hisoblanadi.

Farzandlarimizga bunday katta etibor va g‘amho‘rliklarga munosib bo‘lishlarini uqtiraylik.

Farzandlarimiz ota-onasi, oila, el-yurt oldidagi burchi va masuliyatini doimo his qiladigan komil inson bo‘lib yetishishida Alloh taoloning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Xidirov    Nurbek,

«Ko‘k to‘nli bobo» jome masjidi imom-xatibi          


Kiritilgan vaqti: 11/09/2020 09:47;   Ko‘rilganligi: 2323
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/farzand-tarbiyasi
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 19:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing