O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Farzand ota-onaga omonatdir

 
 

Alloh haq subhanahu va ta'ola odamzotga hisobsiz turli-tuman ne'matlar ato qilgan. Ushbu ne'matlar ichida, farzand (bola) ne'mati eng ulug‘i hamda masuliyatlisidir. Berilgan ne'matni, ne'mat beruvchi zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish lozim bo‘ladi. Binobarin, farzand ne'matiga amaliy shukr qilish o‘sha farzandni Alloh ta'ologa itoat qiladigan banda qilib tarbiyalash bilan yuzaga chiqadi.

Imom G‘azzoliy o‘zlarining "Ihyou ulumiddin" kitoblarida, "Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Yosh bolalarning qalbi, turli naqshlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladigan, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradigan qalblardir. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi. Dunyo va oxiratda saodatmand bo‘lib, ota-onasi hamda odob, ta'lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Bordiyu yomonlikka undalsa yoki hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchrab, halok bo‘ladi va unga mas'ul bo‘lgan kishilar zimmasiga gunohkorlik tushadi". deganlar.

ما من مولود الا يولد علي الفطرة، فابواه يهودانه، اوينصرانه، او يمجسانه، كما تنتج البعيدة بهيمة جمعاء، هل تحسون فيها من جدعاء، ثم يقول ابي هريرة رضي الله عنه- فطر الله التي فطر الناس عليها ، لا تبديل لخلق الله ذلك الدين القيم.

 Xazrati Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygambarimiz sallallohu alayhi vasallam; "Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabi'at) bilan tug‘iladi. Bas ota-onasi uni yaxudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi. Bu xuddi xayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq burni kesilganini xis qilganmisiz?". dedilar.

Ushbu xadisi sharifda Alloh ta'olo insonlarni yaratish paytida sof tabi'atda yaratishi aytilayapti. Demak ota-ona bolani sof tabi'atiga keyinchalik futur yetkazib uni buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin ekan. Bola tarbiyani asosan ota-onasidan oladi. "Qush uyasida ko‘rganini qiladi" deb bejizga aytilmagan axir.

 Avvalo, bolaga Alloh ta'oloni tanitib, uni sevadigan qilib tarbiyalash lozim. Chunki  Alloh ta'olo uni yo‘qdan bor qilib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muxabbatini soldi. Agar Alloh ta'olo ota-onaga farzand muhabbatini solmasa, uni tashlab qo‘yar edi. Shuning uchun ham bola Alloh ta'oloni sevib unga shukr qilishi lozimligini uqtirish kerak. Ikkinchidan, Paygambarimiz sallalloxu alayxi vasallamni sevadigan qilib tarbiyalash lozim. Chunki Alloh ta'olo Rosululloh sallallohu alayhi vasallamni xalq orkasidan tanlab olib, xalqga Paygambar qilib yuborgan. Alloh ta'olo; "Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz" degan. Demak Paygambarimiz sallallohu alayhi vasallam insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi. Uchinchidan,  Alloh ta'oloning kitobi "Qur'oni Karim" ni sevadigan qilib tarbiyalash lozim. Chunki Quro'ni Karim butun insoniyat uchun hidoyat kitobidir. Mazkur uch talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi. Qolaversa tarbiyaning boshka bir necha xillari bor. Ular ruhiy tarbiya, badan tarbiya, aql va fikr tarbiyasi, axloqiy tarbiya, iroda tarbiyasi, so‘zlashuv tarbiyasi, mehnat tarbiyasi va hokazo. Shu bilan birga ota-ona doimo farzandini duo kilishi ham lozim ekan. Chunki xadisi sharifda, ota-onaning, mazlumning, musofirning duosi qabul deyilgan. Qur'oni Karimda  Zakarriyo alayhissalomning Alloh ta'ologa qilgan duolari keltirilgan. 

هنا لك دعا زكريا

ربه قال رب هي لي من لدنك ذرية طيبة  انك سميع  الغداء.

 "O‘sha joyda Zakarriyo Robbiga iltijo qilib, dedi: "Robbim, menga ham o‘z huzuringdan pok zurriyot ato et! Darxaqiqat, Sen duo eshituvchidirsan". Oli- Imron (38)

 Demak barcha ota-onalar  hali farzand dunyoga kelishidan oldin ham keyin ham farzandlarini haqqiga duolar qilaverishi kerak ekan.

A.Egamberdiyev - Narpay tumani "Eshon bobo" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 20/08/2020 13:28;   Ko‘rilganligi: 2572
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/farzand-ota-onaga-omonatdir
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 00:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing