O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

E'TIQOD VA AXLOQ

 
 

Abu Salama roziyollohu anhu Madinaga hijrat qilishga ahd qildi. Xotini Ummu Salama bilan o‘g‘li Salamani bitta tuyaga, o‘zi bitta tuyaga minib yo‘lga chiqdi. Makkadan endi chiqqan paytida Ummu Salamaning qavmi Bani Maxzumdan kishilar kelib: "O‘zing ketaver, ammo xotiningni ketgani qo‘ymaymiz", deb xotini bilan bolasini olib ketishdi. Abu Salama roziyollohu anhu noiloj o‘zi Madinaga ketdi. Ustiga-ustak Abu Salamaning qavmi xotinining urug‘i bo‘lmish Bani Maxzum qabilasiga kelib: "Salama bizning farzandimiz", deb Ummu Salamadan bolani tortib olib o‘zlari bilan olib ketishdi. Onaizor ham eridan, ham bolasidan ajralib bo‘zlab qoldi. Bir yil ana shunday holda o‘tdi.

Ummu Salama roziyollohu anho har kuni Makka atrofiga chiqib eri va o‘g‘lidan ajralganiga chiday olmasdan yig‘lab o‘tirar edi.
Bir kuni Makkaning chekkarog‘iga borib yig‘lab o‘tirganida qarindoshlaridan biri ko‘rib qolib unga rahmi keldi. Qavmi huzuriga borib shunday dedi:
- Sizga nima bo‘lgan. Bu bechora ayolni eri va o‘g‘lidan ajratdingiz?!
Qavmi rahmi kelib Ummu Salamaga ketishi mumkinligini aytdi. Xotin Abu Salamaning qavmidan borib o‘g‘lini oldi va Madina tomon yo‘lga chiqdi. Makkadan tashqaridagi Tan'im degan joyga yetib borganida unga Usmon ibn Talha uchrab qoldi. U hali islomga kirmagan edi. Usmon Ummu Salamadan so‘radi:
- Qayerga ketayapsan?
- Madinaga, erimning oldiga.
-Sen bilan biror kishi bormi?
- Yo‘q. Alloh va mana bu bolamdan boshqa hech kim yo‘q!
- Seni shunday tashlab ketmayman. Madinaga yetkazib qo‘yaman!

Usmon Ummu Salamaning tuyasini jilovidan tutib Madina sari yo‘l oldi. Ummu Salama roziyollohu anho dam olmoqchi bo‘lsa tuyani cho‘ktirar, so‘ng tushib olishi uchun o‘zi ulardan uzoqroqqa borib turar edi. Yo‘lga chiqmoqchi bo‘lishsa yana tuyani cho‘ktirar, o‘zi uzoqroqqa borib turar, Ummu Salama tuyaga minib olganidan so‘ng kelib tuyaning jilovidan ushlab yo‘lga tushar edi. Ana shu holatda Usmon ibn Talha ularni Madina atroflarigacha olib keldi. Ularga Madinani ko‘rsatib dedi:
- Ering mana shu qishloqda. Allohning barakasi bilan boringlar uning oldiga!

So‘ngra o‘zi Makkaga qaytdi.

Biz hammani birdan yoqasidan tutmasligimiz lozim. "La ilaha illalloh" degan barcha musulmon bir xil bo‘lmaganidek, mushriklar ham bir xil emas edi. Ummu Salama roziyollohu anhoni hijratdan qaytarganlar mushriklar edi. U kishiga rahmi kelib qavmidan uni o‘z holiga qo‘yishini so‘ragan ham mushrik. U kishini Madinaga yetkazib qo‘ygan ham mushrik. Ular shirkda bir xil bo‘lishsada axloqda farqli edilar.

Mamlakatingizni tortib oladiganlar kofirlar ham bor, sizga aziyat bermaydiganlar kofirlar ham bor. Bularning orasini farqlab olishingiz lozim. Shunga ko‘ra muomala qilishingiz kerak. Hamma insonlarni dushman tutish ahmoqlik, tadbirsizlik va voqelikni o‘qiy olmaslikdir.
Musulmonlar yerini bosib olgan mustamlakachi qonxo‘r davlat boshqa, musulmonlar bilan tinchlik sulhi tuzib omonlikda yashaydigan davlat boshqa. Barchasini tarozuning bir pallasiga qo‘yish noto‘g‘ri!

Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov


Kiritilgan vaqti: 27/11/2021 07:07;   Ko‘rilganligi: 1136
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/etiqod-va-axloq
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing