Er-xotinning ikki ota-onasi
Shari'atning bir mas'alasi shuki, nikohdan oldin erning bir otasi va bir onasi bo‘ladi. Lekin nikohdan keyin, endi, uning ikki otasi va ikki onasi bo‘ldi. Ya'ni, uning qaynonasi ona va qaynotasi ota kabidir. Xuddi shunday to‘ydan oldin qizning bir onasi va bir otasi bor edi.
Lekin nikoh bo‘lgach, endi, uning ikki otasi va ikki onasi bor. Ya'ni, qaynona va qaynota qiz uchun ona va ota kabidirlar. Yodda tuting, qachonki, qiz qaynona va qaynotasini ota-ona kabi ko‘rishni boshlasa, xech qachon ular o‘rtasida gap qochishi mumkin bo‘lmaydi. Qachonki, kelin o‘zining ota-onasini “ota-ona” deb bilsa va erining ota-onasini “qaynona-qaynota” deb bilaversa, xuddi shunday qaynona o‘zining qizini “qiz” deb bilsa va kelinini “kelin” deb bilaversa, o‘sha payt ish rasvo bo‘ladi.
Qaysi kun qaynona keliniga o‘zining qizi kabi nazar ila qarashni boshlasa, o‘sha kundan boshlab uydagi janjallar barham topadi. Biz ko‘rdikki, ona qizining ayblarini berkitib yuradi. Agar ayni o‘sha ayb kelinidan sodir bo‘lib qolsa, uni bo‘rttirib yuradi. Bu naqadar ahmoqlikdir. Ahir, kelin ham qiz kabi bo‘ladiku. Shuning uchun ona bu qizni ham o‘ylasin. Shunday ayollarni ko‘rdikki, kuyovim qizimga yaxshi qaramaydi deb ezilib yuradilar. O‘zi esa keliniga uyda kun bermaydi.
Siz keliningizga uyingizda kun bermasangiz, u holda Alloh ta'olo sizning qizingizni noxush qilib qalbingizga azob beradi. Qachonki, biz o‘zgalarning qizini dilini og‘ritsak, u holda Alloh ta'olo qanday qilib bizning qalbimizni quvontiradi? Shuning uchun katta yoshdagilar va ota-ona darajasida bo‘lganlar, o‘z maqomlarini yodda tutishlari kerak. To‘ydan oldin bir ona va bir ota, to‘ydan keyin esa, ikki ota va ikki ona. Doimo qaynona va qaynotaga ota-ona maqomini bering.
Hazrat Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh.
“Sukune dil” kitobidan. 145-bet.
Abdulqayyum Komil tarjimasi
Kiritilgan vaqti: 03/02/2021 10:40; Ko‘rilganligi: 1418
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 18:13