O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Eng yaxshi iftorlik riyodan xoli bo‘lganidir

 
 

Ramazon oyi kirishi bilan butun Islom olamida o‘zgacha ruh paydo bo‘ladi. Ibodat, Qur'on tilovati, xayru ehsonlar mavsumi boshlanadi. Kun bo‘yi Allohning roziligi uchun o‘zini yeb-ichishdan, shahvatdan, hatto ko‘z, qo‘l, quloq, qalb, boringki butun vujudini gunoh ishlardan saqlab, taqvoda, odob-axloqda kunini o‘tkazgan kishi chin ma'nodagi ro‘zador sifatida quyosh botganidan so‘ng iftorlik qiladi. Mana shu daqiqalar mo‘min kishi uchun eng xursand bo‘ladigan onlar hisoblanar ekan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo: Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men - O‘zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, uyat gaplarni gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. U ik-kisiga ham yetishadi. Qachon iftor qilsa xursand bo‘ladi va qachon Robbisi huzuriga borganda ro‘zasi tufayli xursand bo‘ladi”, dedilar”.

Demak, mazkur ikki xursandlik faqat ro‘za tutgan kishilar uchungina bo‘ladi. Bu ham Ro‘zaning buyuk fazilatlaridan. Ro‘za tutib, o‘zi uchun iftor qilgan kishiga shuncha xursandchilik. O‘zgani iftor bilan siylagan kishining ajri xususida esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

“Kim ro‘zador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham ro‘za tutganning ajridek savob beriladi. Bu bilan ro‘zadorning ajridan hech bir narsa kam bo‘lmas”, dedilar (Imom Termiziy rivoyat qilganlar).

Bu uning o‘zi ro‘za tutmasa bo‘ladi, degani emas. Chunki ro‘za farz ibodat hisoblanadi. Bu hadis iftorlik qilib berishning qanchalik savobi ulug‘ ish ekanini bildirish uchun aytilgan.

Darhaqiqat, bir ro‘zadorning savobini qo‘lga kiritish katta amal. Lekin masalaning boshqa jihati ham borki, uni e'tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. U ham bo‘lsa iftorlik marosimlarida isrofgarchilik qilish, kimo‘zarga, dabdabaga berilish illatidir. Bunda hadisda aytilgan maqomga ko‘tarilish, ro‘zador erishgan savobni qo‘lga kiritish uchun iftorlikni dabdaba bilan, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yib o‘tkazishi, kafe-restoranlarga yuzlab odamlarni chaqirishi shart emas. Iftorlik bir piyola suv yoki choy, bir kosa ovqat bilan ham bo‘ladi.

Ammo, afsuski, oramizda iftorlik qilish bilan o‘zini xalqqa ko‘z-ko‘z qiluvchilar, riyoga intiluvchilar ko‘payib bormoqda.

Ramazon taqvo, mehr-muruvvat va saxovat oyidir. Albatta, bu saxovat o‘z o‘rnida qilingani ma'qul. Mehrga, e'tiborga, moddiy ta'minotga muhtojlar bir chetda qolib, qorni to‘qlar, boy-badavlat kishilarni iftorlikka chaqirishdan ne foyda? Rasululloh sollalohu alayhi vasallam muborak hadislarida shunday deydilar:

“Taomning eng yomoni boylar da'vat qilinib, kambag‘allar tark qilgan valiyma (birovga taom berish marosimlari) taomidir”, deganlar.

Alloh roziligi uchun qilinadigan amalni kamtarona, isrof va dabdabadan saqlangan holda o‘tkazish, niyatni xolis qilish, odamlarning malomatiyu maqtovlarini o‘ylamay, xolis Alloh uchun qilish talab etiladi.

Alloh taolo barcha amallarimizni xayrli va maqbul aylasin!


Kiritilgan vaqti: 07/05/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1786
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/eng-yaxshi-iftorlik-riyodan-holi-bolganidir
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 11:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing