Eng og‘ir sabr
Sabr insonga xos bo‘lgan fazilat. O‘z nomi bilan boshqa fazilatlarga qaraganda ko‘proq mashaqqatni talab qiladi. Shuning uchun sabrga beriladigan mukofot ham o‘sha maqomga munosib bo‘ladi. Bu haqda Qur'oni karimda bunday bayon qilinadi: “Albatta, sabr qiluvchilarga ajrlari hisobdan tashqari berilur” (Zumar, 10).
Sabrning navlari bor – musibatga sabr, ko‘ngil xohishlariga sabr va ibodatga sabr.
Ko‘ngil xohishlariga qarshi sabr qilish hammasidan ham og‘ir. Qalb taqvo sari chorlab tursa-da, nafs shahvat tomon intilaveradi. “Shubhasizki, agar Robbim rahm qilmasa nafs yomonlikka undovchidir” (Yunus, 53).
Ko‘ngil xohishlari esa, ziynatlangan.
“Xotinlardan, bolalardan, to‘p-to‘p tillo va kumushdan, go‘zal otlardan, chorvadan, ekin-tikindan iborat shahvatlarning muhabbati insonlarga ziynatlab qo‘yilgan” (Oli Imron, 14).
Ana shunday paytda nafsining boshiga urib, gunohdan saqlansa, ana o‘sha kimsadir jannatiy!
“Va, ammo kim Robbisining maqomidan qo‘rqsa va nafsini havolanib ketishidan qaytargan bo‘lsa. Bas, albatta, jannat o‘rin bo‘ladir” (Nozi'ot, 41).
Ayniqsa omad kelib atrofingizni fahsh va ma'siyatlar qurshab olganida, gunoh qilishga imkon har tomondan ochilib turganida Alloh taolodan qo‘rqib sabr qilish – chin mardlik, haqiqiy taqvo, Allohdan qo‘rqish, komil mo‘minning sifati.
Bir kuni kelib omad ketganda sabrdan boshqa chora ham qolmaydi, imkon ham bo‘lmaydi. Xuddi yaqin insoni vafot etgan kishi kunlar o‘tishi natijasida sabrdan boshqa chora topa olmagani kabi.
Ulug‘bek qori YO‘LDOSHYEV
Kiritilgan vaqti: 29/05/2024 09:02; Ko‘rilganligi: 246
Chop etilgan vaqti: 16/01/2025 21:22