Ekstremizm va undan ko‘zlangan maqsad
XXI asrning global muammosiga aylangan xalqaro terrorizmga qarshi kurash hanuz dolzarbligicha qolmoqda. Terrorchilikka ixtisoslashgan transmilliy uyushgan jinoiy guruhlar faoliyat ko‘lamini kengaymoqda. Afsuski, xalqaro terrorchilik xavfining o‘sishi begunoh insonlar ko‘rayotgan jismoniy va ma'naviy zararning ortib borayotganligida namoyon bo‘lib bormoqda. Endilikda tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi kuch sifatida xalqaro ekstremizm va terrorchilik jahon sahnasiga chiqmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining mustaqil davlat sifatida xalqaro munosabatlarda ishtirok etishi, jahon xamjamiyatiga integratsiyalashuvi, tinchlikparvar siyosati ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha davlatlararo hamkorlik, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga oid bir qancha ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respubikasi o‘zining geosiyosiy holati, Markaziy Osiyodagi roli va o‘rnini e'tiborga olgan holda bu yerda tinch-totuvlikni saqlash tamoyillarini saqlash to‘g‘risida qayg‘urmoqda va xalqaro terrorizmga qarshi kurashdagi ishtiroki mintaqaviy tashkilotlardagi faoliyatida ham yorqin nomoyon bo‘lmoqda. Jumladan, O‘zbekiston YEXHT, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT), Markaziy Osiyo Hamkorligi (MOH) tashkiloti kabi bir qator mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan ekstremizm va terrorizmga qarshi qaratilgan shartnomalarni bajarishda faol qatnashib kelmoqda. Zero, O‘zbekiston Respublikasining ushbu shartnomalarda qatnashishi uning ichki va tashqi siyosatining mantiqiy davomidir.
Bugungi globallashuv jarayonida jahonda inson qalbi va ongini egallash uchun kurash tobora kuchayib bormoqda. Bu hol hozirgi kunda dunyoning mafkuraviy manzarasini belgilab bermokda.
XXI asrda dunyoning yalpi xavfsizligiga tahdidlar sifatida qo‘yidagilarni eng dolzarb masalalari sifatida sanab o‘tsak bo‘ladi:
- Mintaqaviy mojarolar.
- Ekstremizm va fundamentalizm.
- Buyuk davlatchilik shovinizmi va agressiv millatchilik.
- Etnik va millatlararo ziddiyatlar.
- Korrupsiya va jinoyatchilik.
- Mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik munosabatlari.
Aslida, dunyodagi asosiy dinlardan biri bo‘lgan Islom dini mohiyat – e'tibori bilan adolat mezoni sifatida jahon dinlari orasida alohida ahamiyat va qadriyatga ega. Qur'oni karimning barcha oyat va suralari, Hadisi shariflarida keltirilgan barcha manbalar ana shu adolatni bir jihatdan asoslovchi, ikkinchi jihatdan esa, musulmonlarning turmush tarzini belgilovchi ilohiyot hisoblanadi, shuningdek, insonning davlatga munosabati, jamiyatda, insonlar orasida vujudga kelgan munosabatlar, ularning qadriyat mezonlari faqat bir narsaga, u ham bo‘lsa adolatga qaratilgan.
Bizga ma'lumki, Markaziy Osiyo xalqlari ijtimoiy-falsafiy fikr tarixida muhim o‘rin egallagan tasavvuf ta'limotining insonparvarlik, diniy bag‘rikenglik va adolatparvarlik tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgan g‘oyalar ham diniy mutaassiblik, dinlararo va mazhablararo adovat va nizolarga qarshi qaratilganligi bilan diniy aqidaparastlik, fundamentalizm va ekstremizmning zararli mafkurasini fosh qilishda katta ijtimoiy-ma'naviy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida «Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi», degan edi. 2018 yilning 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.
Qur'oni Karimning “Hud” surasi 113-oyatida “Zulm (nohaqlik) qilganlarga suyanmangiz, toki sizlarga (do‘zaxdan) olov yetmasin!”, deyilgan. Hozir butun dunyo ulamolari terrorchi guruhlarning islomga umuman aloqasi yo‘q ekani haqida fatvo bermoqdalar.
Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam “Musulmon musulmonlar uning tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir”, deb marhamat qiladilar.
Imom Termiziy Abu Sirmadan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim zarar yetkazsa, Alloh unga zarar yetkazadi. Kim mashaqqat tug‘dirsa, Alloh uni mashaqqatga qo‘yadi”, deganlar.
Ilm o‘rganib, islomni kengroq tushunib, insonlarni dahshatga soluvchi ekstremizm va terrorizmning maqsadlarini anglash davr talabadir.
M.Palvanov
Samarqand shahar "Shoxi Zinda" jome' masjidi imom-noibi
Kiritilgan vaqti: 18/09/2023 08:47; Ko‘rilganligi: 663
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:39