O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ekstremistik va terrorchi guruhlar o‘z harakatlarini “shar'iy” deb isbotlash uchun o‘zlarini “mujtahid” deb e'lon qilishi to‘g‘rimi?

 
 

Qur'on va hadislar islomning asosiy manbalari bo‘lishi bilan birga, musulmonlar hayotini tashkil etish uchun muhim qo‘llanma ham hisoblanadi. Shunday ekan, Qur'on va sunnatga asoslangan holda, musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti va jamiyat farovonligi, ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotni ko‘zlab fatvo chiqarish alohida bilim va malakani talab etadi. Mo‘tabar manbalarga ko‘ra, arab tili, Qur'on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan mujtahidlargina shunday hukum chiqarish huquqiga egadir. Biroq tarix va zamonaviy voqelik dindan yovuz maqsadda ham foydalanish mumkinligini ko‘rsatadi. Bunday haraktlar muqaddas islom dini qoidalaridan foydalangan holda amalga oshirilganini va oshirilayotganini ham afsus bilan qayd etish lozim.

So‘ngi yillarda ekstremistik va terrorchi guruhlar o‘z harakatlarini “shar'iy” deb isbotlash uchun o‘zlarini “mujtahid” deb e'lon qilib, turli manfaatlarni ko‘zlagan holda “fatvolar”ni chiqarib kelmoqdalar. Bu esa, bir tomondan, insonlarni adashib, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishlariga sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan, jamiyatda o‘zaro tushunmovchilik adovat kayfiyatining paydo bo‘lishiga zamin yaratmoqda. Shu o‘rinda, mujtahid kim, mujtahidlik darajalari, fatvo nima, uning tarixi, uni kimlar berishga haqli ekani to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir.

“Mujtahid” so‘zi lug‘atda –“tirishqoq” degan ma'nonini bildiradi Shar'iy istilohda esa, mujtahid deb Qur'on, sunnat va boshqa shariat manbalari asosida hukm chiqara oladigan kishiga aytiladi. Ulamolar kishi mujtahid darajasiga erishishi uchun Qur'oni karim, undagi hukmiy oyatlarning ma'nosi va ularning shar'iy hukmini yaxshi bilish, shuningdek, Qur'on ilmlarini chuqur o‘rgangan bo‘lishi, fiqhiy masalalarni yoddan bilishi, arab tili grammatik qoidalari bilan bir qatorda balog‘at va fasohat kabi unga doir bo‘lgan ilmlarni ham o‘zlashtirgan bo‘lishi lozim, deb ta'kidlashadi. (davomi bor) 

O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 10/07/2020 14:38;   Ko‘rilganligi: 918
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ekstremistik-va-terrorchi-guruhlar-oz-harakatlarini-shariy-deb-isbotlash-uchun-ozlarini-mujtahid-deb-elon-qilishi-togrimi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 03:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing