O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“Ekstremistik g‘oyalarni inkor qilishda shar'iy dalillar” (beshinchi qism)

 
 

IV.   Madina hayotining keyingi davri 

Biz Madina hayotini keyingi davrini din, e'tiqod ma'nosida faqat Islom dinining hukmronlik davri bo‘lgan deb tushunsak yanglishamiz. Chunki Islom dini va musulmonlar, boshqalardan farqli ravishda shahar aholisini g‘ayridinlardan tozalab aholini Islom  dinga o‘tishga majburlash,  qabul qilmaganlarni esa shahardan badarg‘a qilish kabi amaliyotlarni istamas edi. Hatto Rasululoh sollallohu alayhi vasallam vafot etgan paytlarida ham Madinai Munavvarada yahudiylar majud bo‘lib ular ibodatlarini ham to‘liq bajarar, savdo-sotiqlarini ham yo‘lga qo‘yib, shaharda xavfsiz yashar edi.  Albatta, avvalgidek shaharda ular uchun xos yashash manzillari va o‘ralgan harbiy istehkomlar bo‘lmagan. Ammo ular Madinada musulmonlarni himoyasida shu jamiyatning to‘laqonli a'zosi sifatida tinch-xotirjam yashar edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarda mo‘min-musulmonlarni g‘ayridinlar bilan tinch-xotirjam yashaganliklariga dalillar talaygina. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: “Bir musulmon fuqaro bilan yahudiy odam tortishib qoldi. Shunda musulmon odam Alloh nomi bilan qasam ichib, odamlar orasidan Muhammadni tanlab olgan zotga qasam, dedi. Unga javoban yahudiy: “Musoni odamlar orasidan tanlab olgan zotga qasam”, dedi. Shunda musulmon odam yahudiyga o‘shqirib yuziga  shapaloq tortib yubordi. Yahudiy odam bo‘lgan voqeani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga arz qildi. Shunda janobi Rasululloh sallalohu alayhi vasallam shunday dedilar: “meni Musodan ortiq ko‘rmanglar. Odamlar u kunda hayronu lol qoladilar. Men birinchi bo‘lib tirilaman.  Muso arshning yonida  tirilganlar orasida bo‘ladimi yoki Alloh Taolo xoslagan odamlar orasida bo‘ladimi, bilmayman”.  

Mazkur hadisi sharifdan ma'lum bo‘lishicha musulmon bilan  tortishib qolgan yahudiy Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamga hukm so‘rab borganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarni o‘zi bilan Muso alayhissalom  oralarini ajratishdan qaytardilar. Asri saodatda  bu kabi voqealar ko‘p kuzatilgan.  Ular  bizga o‘sha paytda musulmon va yahudiylar orasida ijtimoiy sog‘lom muhit va yaxshi hayot shakllanganini ko‘rsatadi.      

Rivoyat qilinishicha, yahudiy g‘ulom yigit Rasulluloh sollallohu alayhi vasallamga xizmat qilar edi.  U kasal bo‘lganida Rasululoh sollallohu alayhi vasallam ko‘rishga bordilar. Uning boshiga borib o‘tirib: “ey bola, musulmon bo‘l” – dedilar. G‘ulom boshida o‘tirgan otasiga qaragan edi, otasi unga “ey bolam, Abul Qosimga itoat qil”, dedi. Otaning bu gapidan so‘ng xizmatkor g‘ulom shahodat keltirib musulmon bo‘ldi va ko‘p o‘tmay vafot etdi. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tashqariga chiqar ekanlar “u g‘ulomni do‘zaxdan saqlagan Alloh Taologa hamdu sanolar bo‘lsin” dedilar. 

Mazkur hadisi sharif ham Madinai Munavvarada yahudiy oilalari mavjud bo‘lgani va musulmonlar bilan barcha jabhalarda hamjihat  holatda yashaganligiga dalil bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni yahudiylar bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatishga,  kasallarini yo‘qlashga va boshqa ijtimoiy majburiyat va aloqalarni yo‘lga qo‘yishga targ‘ib qilar edilar. Huquqiy majburiyatlarni bajarishda   musulmonlarga ham, g‘ayridinlarga ham birdek talab qo‘yilar edi.  

Ammo Madina ichidagi munofiqlar musulmonlar orasida diniy va siyosiy muxolifatchilar sifatda yaqqol namoyon bo‘ldilar. Ular  Rasululloh sollalohu alayhi vasallam va sahobalarga qarshi  kecha-yu kunduz,  urush va tinchlik  paytlarida ham zimdan rejalar tuzar edi.  Shunga qaramasdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ular bilan kechirimlilik, sabr va bosiqlik bilan muomala qilar edilar.      

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam musulmonlarga nisbatan eng ko‘p adovatda bo‘lgan yahudiylarga ham lutf ko‘rsatib, hamjihatlikda yashadilar. Ularga zinhor   nohaq ozor yetkazmas edilar.

Oisha onamizda rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi; “Bir odam Rasulullohning huzurariga kirishga izn so‘radi. U kirguncha Rasululoh sollallohu alayhi vasallam “qanday ham yomon qarindosh, qanday ham yomon o‘g‘il” dedilar. U kirib o‘tirgach Rasululoh sollallohu alayhi vasallam uni yuziga diqqat bilan qaradilar va  tabassum qildilar. U odam ketgach Oisha onamiz  hayron bo‘lib “Yo rasululloh, uni ko‘rgan paytingizda shunday-shunday dedingiz. U kirib o‘tirganida esa yuziga diqqat bilan qarab tabassum bilan muomala qildingiz” dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “ey Oisha, qachon buzuq odam bilan kelishganman? Qiyomat kunida Alloh Taolo huzurida eng yomon odam, boshqalar uni yomonligidan qo‘rqib tek qo‘ygan odamdir” dedilar”.  

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Madinada shakllangan yangi islom jamiyatida munofiq va yahudiylarga nisbatan, garchi ularni mo‘min-musulmonlarga nisbatan yashirin nafrat va adovatlari borligini bilsalar ham, ushbu uslubda muomala qilar edilar. Bu bilan butun olamga musulmonlarni g‘ayridinlar bilan tinch-totuv, hamjihat hayot kechirishidagi nabaviy namunani ko‘rsatib berdilar. 

Bu yerda chuqur anglab  olishimiz zarur bo‘lgan, nabaviy sunnatda ko‘rsatib berilgan yana bir qancha amaliyotlar mavjud.  Guvohi bo‘lganingizdek ularni turli davrlarga bo‘lib o‘rganmoqdamiz.  

O‘rganayotgan ma'lumotlarimiz bizga mutaassib jamoalar  boshqalarni nodonlarcha kofirga chiqarishlarini bu ish esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatgan sunnati mutahhara va dinimizni asliy asoslariga mutlaqo xilof ekanini ko‘rsatadi.  

 (Davomi bor)



“Ekstremistik g‘oyalarni  inkor qilishda shar'iy dalillar” kitobidan.

Tarjimon: Tohir Vohidov.


Kiritilgan vaqti: 26/09/2020 09:19;   Ko‘rilganligi: 1176
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ekstremistik-goyalarni-inkor-qilishda-shariy-dalillar-beshinchi-qism
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 02:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing