O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Dunyodagi barcha buzg‘unchiliklar o‘zboshimcha aqlning mahsulidir

 
 

Soxta salafiy, bemazhablardan biri Abdullo Zufar o‘z ma'ruzasida Alloh taolo Qur'onda: “Agar biror narsada tortishsangiz, uni Alloh va Rasuliga qaytaring” degan, deb aytgan ekan. U yana “Alloh taoloni qayerdaligini bilish uchun Qur'onga murojaat qilish kerak. Shuning uchun Qur'on va hadisdan to‘g‘ridan to‘g‘ri ma'no chiqarib olish zarur. Agar hali u mazhab, hali bu mazhabga quloq solinsa, ularning oxiri yo‘q”, deb o‘z gapida davom etgan.

Xo‘sh, har kim biror masalaga yechim topishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi Qur'oni karimga murojaat qilib, undan o‘ziga yetarli darajada hukm va xulosa chiqarib olish imkoniyatiga egami va bu shariatda joizmi? Bu haqida tafsirlar va ulamolar fikri bilan tanishib o‘tsak maqsadga muvofmq bo‘ladi.

Yuqorida Abdullo Zufar aytib o‘tgan oyati karimaning to‘liq ko‘rinishi quyidagichadir:  

Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg‘ambarga va o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsangiz, uni Allohga va Payg‘ambarga qaytaring. Ana shunday qilish xayrli va oqibati yaxshidir” (Niso surasi, 59-oyat).

Ushbu oyati karimaning tafsiri haqida mufassirlarimiz quyidagilarni bayon qilgan: “Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsangiz, uni Allohga va Payg‘ambarga qaytaring”, degan jumla shariatda hukm chiqarish uchun Qur'on, sunnat, ijmo' va qiyosga amal qilishni anglatadi. Musulmonlar hayotida yangi bir masala paydo bo‘lsa, aynan shu muammo Qur'onda ham, sunnatda ham zikr qilinmagan, ammo shunga o‘xshash boshqa bir masala bor bo‘lsa, ulamolar ana o‘sha o‘xshash masala bilan yangi paydo bo‘lgan masalani taqqoslab bir hukm chiqaradilar. Buni nomi “qiyos” bo‘ladi. Oyatda musulmonlar o‘rtasida tortishuvga sabab bo‘lgan narsa Allohga (ya'ni, Qur'onga) va Payg‘ambarga (ya'ni, u kishining sunnatlariga) qaytarishni, “agar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsangiz”, jumlasi bilan birga qayd qilinmoqda. Demak, qilinajak ishni shariatga muvofiq ado etish Allohga va oxirat kuniga bo‘lgan iymonning alomati ekan”.

Ushbu so‘zlardan ham tortishuvli masalada Qur'onga va sunnatga zid bo‘lgan, shariat mezoniga hech bir jihatdan to‘g‘ri kelmaydigan manbalarga va hukmlarga murojaat qilmaslik lozimligi anglanadi. Bu degani tortishuvli masalada Qur'oni karim yoki hadisi shariflarni to‘g‘ridan to‘g‘ri zohiriy ma'nolariga amal qilaverish kerak degan fikr kelib chiqmaydi. Haqiqiy musulmonlar har bir ishlarini ushbu oyatda zikr qilingan qoida asosida Allohga, Uning Payg‘ambariga, o‘zlaridan bo‘lgan ishboshilarga itoat qilgan holda olib boradilar. Ba'zi ishlarda fikrlari turli chiqib qolsa, u ishni Allohga va Payg‘ambarga qaytarib, o‘xshash masalalardagi hukmlarga solishtirib-qiyoslab oladilar.

Alloh va Rasuliga qaytarish esa mufassirlarning tafsirlari va mo‘tamad shorihlarning sharhlariga ko‘ra bo‘lishi lozim. Aks holda har kim o‘zicha ma'no berib, o‘zining va boshqalarning adashishiga sabab bo‘ladi. Har kimning Qur'on-sunnatni tushunish borasidagi bilimi har xil bo‘lishi oqibatida ixtilof yanada ziyoda bo‘ladi. Demak, haqiqiy qoida bu ishda mutaxassis bo‘lgan mufassir va shorihlarning kitoblariga murojaat qilishdir.

Mujtahid olimlarga ergashishni ham Alloh va Uning Rasuli buyurgandir. Alloh taolo: “Agar biror narsada tortishsangiz, uni Alloh va Rasuliga qaytaring” – deyishi bilan birga boshqa bir oyati karimada “Qachonki ularga eminlik yoki xavf to‘g‘risida bir ish – xabar yetsa, uni har qayoqqa tarqaturlar. Agar uni Rasulga va o‘zlaridan bo‘lgan ishboshilarga havola qilganlarida edi, ulardan ishning negizini biladiganlari uni anglab yetar edilar”. (Niso, 83).

“Ishning negizini biladiganlar” deb tarjima qilingan so‘z arab tilida “istinbot” deb nomlanadi. Ya'ni, istinbot qila oladigan mujtahidlarga havola qilishsa, xato qilmagan bo‘lishadi, deyilmoqda.

Ushbu oyatlarga ko‘ra ijtihod qilish darajasiga yetmagan har bir odam, garchi u arab tilini yaxshi bilib, oyat va hadislarning ma'nosini tushunsada, mujtahid imomga ergashishi shart.

Ahli sunna ulamolari ittifoqiga ko‘ra hukmni faqatgina mujtahidlar olishga haqli. Bu borada islom tarixida ilk davrlarda shakllangan mazhablar va ularning sohiblari mujtahid ekanligiga o‘sha zamon ulamolari ittifoq qilganlar va ularning mazhablariga ergashganlar. Zamona ulamolaridan  shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy 4 ta fiqxiy mazhablarga ergashish xaqida shunday deydilar: “Mujtahidlar Islom ahkomlarini aniqlovchilardir, paydo qiluvchi emas. Shuningdek, islom ummatiga nubuvvat so‘zlarini muhaddislar, nubuvvat ma'nolarini esa fuqaholar yetkazganlar. Dunyodagi barcha buzg‘unchiliklar o‘zboshimcha aqlning mahsulidir”.

 Bizga dinimiz Rasulullohdan olimlar orqali yetib keldi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi-sharifida “Olimlar Payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir” – deb aytganlar. Demak, dinni to‘g‘ri tushunish uchun mujtahid olimlarga ergashish Alloh va Rasulining buyrug‘i ekan. Ilm yetarli bo‘lmasa ham Qur'on va Hadisdan hukm olishga urinish, yo‘lni bilmasa ham odamlarga yo‘lboshchi bo‘lib, ularning adashishiga sababchi bo‘lish kabidir. Alloh asrasin! Amiyn!

 

ZAFAR MAHMUDOV – Samarqand shahar bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/02/2021 20:29;   Ko‘rilganligi: 771
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/dunyodagi-barcha-buzgunchiliklar-ozboshimcha-aqlning-mahsulidir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 01:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing