DO‘ST
Abu Hafs Abbor degan zot ibn Shubruma rohimahulloh bilan do‘st edi. Abu Hafs Abborning bir kuni ibn Shubrumaga ehtiyoji tushib qoldi. Ibn Shubruma uning ehtiyojini qopladi. Keyinroq Abu Hafs rahmat aytgani keldi. Ibn Shubruma so‘radi:
- Nima narsa uchun rahmat aytmoqchisan?
- Mening ehtiyojimni qoplagan edingiz.
- Rahmatga hojat yo‘q. Ketaver. Agar bir do‘stingdan hojatingni so‘rasang, u esa qodir bo‘laturib senga moli va joni bilan yordam bermasa, namozga tahorat qilgandek tahorat qil, unga to‘rt takbir janoza namozini o‘qi va uni o‘liklar safiga qo‘shib qo‘yaver!
Do‘st degani ruhning egizagi, qalbning bir bo‘lagidir. Agar bunday bo‘lmasa do‘stlikni da'vo qilinmasa ham bo‘ladi. U oddiy tanish xolos.
Hamma e'tiborsiz bo‘lsada, do‘st e'tiborsiz bo‘lmaydi.
Abu Bakr roziyollohu anhu bilan Umar roziyollohu anhu bir narsada kelisha olmay qolishdi. Ulug‘lar o‘rtasida ham kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Ammo ular o‘rtadagi bo‘shliqni darrov to‘ldirishadi.
Abu Bakr roziyollohu anhu xato qilgan edilar. U zot darrov Umar roziyollohu anhudan uzr so‘radilar. Umar roziyollohu anhuning qattiq tabiatlari sabab hali nafslari soflanib ulgurmagan edi. U zot Abu Bakr roziyollohu anhuning uzrlarini qabul qilmadilar. Abu Bakr roziyollohu anhuga dunyo tor bo‘ldi. Bunday hollarda odatda Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning huzurlariga borib dardlarini aytar edilar. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Abu Bakr roziyollohu anhu Umar roziyollohu anhuning uzrni qabul qilmaganlarini aytdilar.
Ammo bungacha Umar roziyollohu anhu o‘zlariga kelib bo‘lgan edilar. Masjidga kelib Abu Bakr roziyollohu anhuni qidira boshladilar. Ammo Rasululloh sallollohu alayhi va sallam jondan aziz do‘stlarini himoya qilishni minbardan turib boshlab yuborgan edilar:
"Ey insonlar! Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar qilib jo‘natdi. Meni yolg‘onchi deganingizda Abu Bakr tasdiqladi. U menga joni bilan, moli bilan hamdard bo‘ldi. Do‘stimni tinch qo‘yasizlarmi yo‘qmi...?!".
Abu Bakr roziyollohu anhu ham do‘stga e'tiborsiz emas edilar. U zot ham Umar roziyollohu anhuning haq ekanliklarini Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga ayta boshladilar...
Do‘stim! Zamon aylandi. Do‘stlik kamaydi. Do‘stlar nuqsonli bo‘la boshlashdi. Suyanish uchun loyiq yelkalar topilmay qoldi. Og‘riqlaringni bo‘lishadigan qalblar ozayib ketdi. Dardingga malham bo‘la olmasada, sen bilan qo‘shilib yig‘laydigan ko‘zlar kamayib ketdi.
A'mash rohimahulloh aytadi:
"Oldingilar bir-biriga bir oyda yoki ikki oyda bir yo‘liqsa ham unchalik quyuq so‘rashmas, "qandaysan?"dan nariga o‘tishmas edi. Ammo molining yarmini so‘rasa bir-biriga bera olar edi. Vaqt o‘tib shunaqa insonlarni ko‘rdimki, har kuni ko‘rishganda so‘rashadi. So‘rashganda hatto uyidagi tovuqlari haqida ham so‘raydi. Ammo bir dirham so‘rashsa bir-birlariga bera olishmas edi".
Biz endi A'mash rohimahullohning zamonidan 13 asr keyindamiz. Bu zamonda sodiq do‘stlar qora ho‘kiz tanasidagi bir dona oq mo‘y kabi nodir. Agar mabodo shunaqa do‘st topsangiz etagini mahkam tuting. Kimda bunaqa do‘st bo‘lmasa, demak o‘limdan oldin o‘lib bo‘libdi!
Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov
Kiritilgan vaqti: 18/11/2021 07:47; Ko‘rilganligi: 1142
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:45