O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Domla Hindistoniyning hayot qissasi

 
 

Hayot sahifasi (so‘zboshi o‘rnida)

Mavlono mulla Muhammadjon Hindistoniyning ushbu o‘z tillaridan yozib olingan tarjimai hollarini o‘qir ekanman, beixtiyor: «Inson boshi toshdan ham qattiq. Ammo odam boshi soy tubidagi toshdek chidab qoladi», degan o‘y xayolimda takrorlandi. Ha, Xudo g‘olib qilaman desa, odam – g‘olib! Uni hech narsa, hech qanday azob-uqubat, hech qanday qiyinchilik yengolmaydi.

Ilm istagan, dili ma'rifat va yaxshilikka tashna solih yigit boshidan zamon ne tegirmon toshlarini yugurtirmadi. Uni ma'rifat va iymondan toydirolmadi. Balki, aksincha, qiyinchilik ortgan sayin uning iymoni mustahkamlana, ma'rifati komillana bordi. «Alloh doim sabr qilguvchilar bilan birgadir», degan ma'nodagi oyati karima bu ajoyib inson taqdirida yana bir karra isbotini topdi.

Mavlono Muhammadjon Hindistoniyning boshdan kechirganlari magnit lentasiga yozib olingan ekan. Ulamoyi kirom uni qunt bilan oqqa ko‘chirib chiqdilar.

Davrning ne-ne dovullarini boshidan kechirgan bir insonning yuraklarni larzaga soluvchi qissasi shu tariqa hayot sahifasiga kirib keldi.

Bu umr qissasi – og‘zaki qissa. Unda ko‘hna jonli turkiy tilimizning o‘ziga xosliklari, «oshlanmagan», «ishlanmagan» jilvalari shundoq ko‘zga tashlanadi.

Qissa qanday talaffuz qilingan bo‘lsa, shunday qog‘ozga tushdi. Bu til – Mulla Hindistoniyning tili va u daxlsiz, sayqalga muhtoj emas. Ayrim o‘rinlardagina kelishiklarni andak to‘g‘riladik.

Siz bilan, o‘quvchi, hayajonlarimizni tezroq baham ko‘rishni istadik.

Ibrohim G‘afur, 
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمـَنِ الرَّحِيمِ

QO‘QON. JALOBIR

Xudoning nomi bilan boshladim.

Siz qoriyini kiromlarg‘a ma'lum bo‘lsinkim, kamina axqorul-ibod Muhammadjon Hoji Mullo Rustam o‘g‘illari sana 1310 – hijriy muvofiq 1892 melodiyda Qo‘qond muzofotig‘a qarashli Chorbog‘ qishlog‘ida – Xoja Muhammad Valiy mozorlarig‘a yaqin ushbu qishloqda tug‘ulub tarbiya topg‘ondirman.

Qiblagohimning hikoya qilishlaricha, Qo‘qond va Samarqandda tahsili ulum qilg‘on ekanlar. Marhum faqih edilar. Boshqa ulumlarg‘a mahoratlari o‘rtacha erdi. Man oldilarida «Farzi 'ayn» va «Fiqhi Kaydoniy» va ham «Muxtasar» to «Kitobi nikoh» o‘qug‘on erdim. Meni qoriy qilishga ko‘p haris erdilarki, 

– Qo‘qondda madrasada o‘qub turg‘onimda ramazon oyida madrasada xatm bo‘ldi. Bir qoriy xatmga o‘tdi. Nihoyatda xushovoz ekan. Nomi Muhammadjon qoriy ekan. Men Xudog‘a ahd qilib, shundog‘ tiladimki, agar man xotun olsam, Xudo o‘g‘ul bersa, nomini Muhammadjon qo‘yib, qoriy qilaman. Xudoyi taolo talabimga muvofiq, bir obro‘lik ulug‘ kishi meni madrasadan olib borib, qizini menga nikoh qilib berdi. Xudovand iroda qilg‘on ekan, san vujudg‘a kelding.

Xulosai kalom shulki, meni 8 yoshimda marhum Muhammad Amin qoriyg‘a berdilar. Ul zot Jalobir qishlog‘idan erdilar. Bizning joyimizdan bir kilometr masofadadur. Bir oyda «Haftiyak»ni tamom qildim. So‘ngra qoriy domla marhum bo‘lub qoldilar. So‘ngra qiblagohim meni Toshbolta domlag‘a topshurdilar. Bu qoriy domlada to‘rt yil davom etdim, lekin Qur'onni hifz qilmog‘im mahol ko‘rinur erdi. Sababi shulki, uyning xizmati, ham Qoriy domlaning xizmatlari bo‘lub, menga fursat bermas erdi. Men qiblagohimga aytdim:

– Meni shaharg‘a olib borib bering. Bu joyda odam bo‘lmayman. Qiblagohimga ham maqbul bo‘ldi. Shahri Qo‘qond bizning qishloqdan sakkiz kilometr masofada turar erdi. Ul davrda ko‘chalar xarob erdi. Odamlar otu eshak va piyoda yurar erdilar. Otamizning bir otlari bor erdi, eshakdan kattaroq. Meni orqalariga mindirib oldilar. Ikki kilometr yurgandan so‘ng ko‘chada ozgina loydan o‘tmadi. Qiblagoh harchand zajr qilib ursalar ham, bo‘lmadi. Otdan tushub, yetaklasak ham, bo‘lmadi. Hayron bo‘lub turub qolduk. Nogoh orqadan bir ayolning dodu faryod qilg‘on ovozi eshitildi. Qarasak, biz tarafg‘a bir ayol yugurub kelmoqda. Yaqin kelg‘onda ma'lum bo‘ldiki, volidamiz ekanlar. Qur'onim faromush bo‘lub qolg‘on ekan. Orqamizdan volidamiz Qur'onni olib yugurg‘on ekanlar. Yetib kelg‘ondan keyin behol bo‘lub yiqilib, yerga yotib qoldilar. Biz Qur'onni olg‘ondan so‘ng otni yetaklasak, yurib ketaberdi. Qiblagoh aytdilar:

– Agar ot to‘xtab turmag‘onda onang to shaharg‘acha yugurub borar ekan, Xudo rahm qilib otni to‘xtatib qo‘ydi.

Xulosai kalom shulki, qiblagoh meni Zikriyo qoriy domlag‘a topshurdilar. Bu qoriyxonada ikki yilda tamom qildim. O‘n to‘rt yoshimda Qur'onni hifz qildim. So‘ngra, odatga muvofiq, qiblagohimiz tamom ulamolarni jam' qilib, xatm to‘yini qilib berdilar. Hammalaridan dars o‘qushumg‘a fotiha olib berdilar. 
Keyin Mullo Eshonqul domlaning huzurlarida ibtidoiy darslarni o‘qushg‘a boshladim. Ilmu Sarf va ilmu Nahvning ibtidoiy kitoblarini o‘qub, to «Sharhi Jomiy» boshladim. Yoshligimdan ilmga haris edim. Ramazondan ilgari bir oy takrori Qur'on qilmoq uchun Shohimardong‘a borar edim. Ul vaqtlarda araba bilan odamlar ziyoratga borar erdilar. Menda kiraga pul yo‘q, nochor piyoda borar edim. Bir martaba kavshimni yechib, xaltaga solib, yalangoyoq yurdim. Shuning uchunki, kavshim yirtilib qolsa, bozordan yangi olish qiyin, pul yo‘q, kambag‘alchilik:

Xalqimizning kasbidur dehqonchilik,
Mehnatu kulfat edi arzonchilik;
Non desak, olib berar zog‘orani,
Chinni kosa o‘rniga tog‘orani. 

Ish topolmay yotadur qum ustida –
Tagi teshilgan elak, xum ustida.
Xalqimizning ko‘plari omi edi,
Ko‘knori-yu noskashu bangi edi.

Xulosa shulki, men qoriyinlarga ul davr zamoning ahvolidan ozgina bayon qildim. Qariyalardin qolg‘on bir masal borki: «Mushti ramuz az xurdor». (Izoh. Ya'ni, ozgina narsa ko‘p narsani anglashda kifoya qiladi.) 
Ilova o‘rnida 

Mavlaviy-Hindistoniy haqlarida atoqli zamondoshlarining samimiy ta'riflari

Chunonchi, XX asrning muhtasham siymolaridan bo‘lmish mumtoz shoir va alloma Ismoilxon Faqiriy: «Alloh taolo bir kishiga shuncha ilm beradi deb o‘ylamagan edim», deb e'tirof etganlar.

Ulug‘ zamondoshimiz, atoqli alloma Ahmadjon Maxdum Hanafiy-Naqshbandiy Mavlaviy-Hindistoniy haqlarida ushbu nurli so‘zlarni bitganlar:
“Hazratning unvonlari “Mavlaviy”, “Hoji Qoriy”, “Hoji Hindustoniy” va “Hoji Domullo edi. Muborak ismlari Muhammadjon bo‘lib, tafsir sohibidirlar. Bu tafsir “Tarjimatul-Furqon fiy tafsiyril-Qur'on” deb nomlangan. Ajam diyorida va mening ruhimda janob Ustozul-a'zam edilar...”
Yana aytadilar:
“Hazrati Hoji Domullo o‘z vatanlari Qo‘qondda Qur'oni karimni yod olib, boshlang‘ich ta'limni egallab bo‘lganlaridan so‘ng ilmu kamolot tahsil qilish uchun Buxoroga borganlar. Keyin Afg‘onistonga borganlar va Qozi Mir Muhammad G‘avs huzurlarida bir necha muddat ilm tahsil qilganlar. Ustozlari vafotidan so‘ng ul zotning vasiyati va maktubi bilan Hindistonga borganlar”...

Yana aytadilar:
“Hazrat bag‘oyat odob sohibi va o‘z zamonasining yagonasi bo‘lgan bir zoti sharif edilar. Ul zotning nutqlari g‘oyat mukammal edi. Odamlar Hoji Domulloning durru nisor tillaridan so‘ng tinglashni orzu qilar edilar”... 

Yana aytadilar:
“Ul zoti bobarakotdan ta'lim olgan chog‘larimda ajoyib tushlar ko‘rar edim va ul zotning muborak duolariga musharraf bo‘lar edim. ”...

Yana aytadilar:
“Hazrati Ustozning tasavuf ahliga tugal e'tiqodlari, ixlosi tamomlari bor edi... Men “ahqarul-varo”ga kitob va risola tasnifi uchun ijozat berdilar. Eng oxirida menga “Tafsir Kashshof”dan dars berib, duo qildilar”...
 
(“Qissai Mavlaviy Hindistoniy» risolasidan olindi. Nashrga tayyorlovchi va izohlar muallifi: Mirzo Kenjabek)

(davomi bor)


Kiritilgan vaqti: 15/09/2020 13:34;   Ko‘rilganligi: 1147
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/domla-hindistoniyning-hayot-qissasi
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 13:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing