O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

 
 

Din - arabcha so‘z bo‘lib, “ishonch” degan ma'noni anglatadi. Islom dini nuqtai nazariga ko‘ra hanif dinning aqidaviy asosi – Alloh taologa, payg‘ambarlarga, farishtalarga, muqaddas kitoblarga, oxiratga, barcha yaxshilik va yomonlik Yaratganning irodasi bilan bo‘lishiga ishonmoqlikdir.

Mutlaq olganda din – ezgulik manbai hisoblanadi. Ammo sof islomiy e'tiqodni noto‘g‘ri qabul qilish yoki ba'zi bir siyosiy kuchlarning o‘z manfaati yo‘lida dindan foydalanish oqibatida turli ekstremistik kuchlar yuzaga kelib, tarixda ham hozirda ham muqaddas dinimizga hamda jamiyatga katta zararlar keltirmoqda. Hatto, qisman bo‘lsada musulmon bo‘lgan kishilarga Islom dinini yomon ko‘rsatish darajasiga ham erishdi. Aslida, bunday kayfiyatdagi firqalarga Islom dini qanday qaraydi? Asl islomiy mohiyat nimalardan iborat?

Diniy ekstremizm – muayyan diniy konfessiya va tashkilotlardagi ashaddiy mutaassibona unsurlarning faoliyati mafkurasining natijasidir. Mutaassib shaxs o‘z aqidasining shak-shubhasiz to‘g‘riligiga ishonib, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etgan holda ularni tan olmaslik, balki ularni diniy asoslarni buzishda ayblab, ularga qarshi urush ochishga chaqiradigan omillardandir. Dinda mutaasibona e'tiqodda bo‘lish va sof Islomiy e'tiqoddan bexabarlik diniy ekstremizm va terrorizmning asl manbaidir.

Alloh taolo Qur'oni karimda: “Ey mo‘minlar, Allohga itoat qilingiz, va payg‘ambarga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan (ya'ni musulmon) hokimlarga bo‘yinsuningiz! Bordiyu biron narsa haqida talashib qolsangiz,— agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz — u narsani Allohga va payg‘ambariga qaytaringiz! Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq yechimdir.”[1]

Niso surasining mazkur oyatida Alloh taolo bandalarini O‘ziga va Rasuliga hamda o‘z oralaridan chiqqan musulmon boshliqlarga itoat etishni buyurib,  biror muammoli masalaga duch kelinganda uning yechimini “Alloh va payg‘ambariga” havola etishni, ya'ni bunday holda Qur'on va hadisga murojaat qilishni buyurmoqda. Bunday mushkul holatlarda masalaning yechmiini topish uchun eng avvalo muqaddas kitob Qur'onga murojaat qilishimiz lozim va lobud ekan, oyati karimalarda bu haqda nima deyiladi? Darhaqiqat, Qur'onda bunday masalalarning chiroyli yechimi bor. Ixtilof vaqtidagi masalaning eng to‘g‘ri  yechimi, qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham firqalarga ajralishning oldini olishdir. Buning uchun esa musulmon kishi Qur'oni karimda buyurilganidek, Alloh taoloning kitobi va rasulining sunnatiga so‘zsiz ergashib, Alloh va Rasuliga hamda o‘zlaridan bo‘lgan ishboshilarga itoat etishi shart. Musulmon kishi ko‘r-ko‘rona taqlid qilmasdan, balki Alloh taoloning kalomi va payg‘ambarining hadislariga ergashmog‘i, agar o‘ziga lozim bo‘lgan aqidaviy va shar'iy masalalarni bilishga o‘zining ilmi yetarli bo‘lmasa, unda o‘zining shar'iy va aqidaviy masalalarini ishonchli, taqvodor, olim kishilardan so‘rab bilmog‘i hamda uni amalga tatbiq etishda fitna keltirib chiqarishdan ehtiyot bo‘lmog‘i kerak.

Shundan keyin ham kimki to‘g‘ri yo‘l aniq bo‘lib, so‘ng o‘z havoyi xohishiga ergashsa, Alloh taolo uni yanada zalolatga boshlab adashtiradi, oxiratda esa u uchun Alloh taoloning alamli azobi bordir: 

“Kim haq yo‘lni aniq bilganidan keyin payg‘ambarga xilof ish qilsa va mo‘minlarning yo‘llaridan boshqa yo‘lga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qo‘yib beramiz. So‘ngra jahannamga doxil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!”[2]

“... Va barchangiz Allohni arqoni (Qur'on)ga bog‘laningiz va firqalarga bo‘linmangiz”[3]. deb  buyuradi.

“(Ey mo‘minlar, Alloh) sizlar uchun ham dindan Nuhga buyurgan narsani va Biz sizga (ya'ni Muhammadga) vahiy qilgan narsani, (shuningdek) Biz Ibrohim, Muso va Iysoga buyurgan narsani – shariat - (qonun) qildi,— “Dinni barpo qilinglar va unda firqa-firqa bo‘lib bo‘linmanglar!””[4]

Mazkur oyatlarga xilof kelib musulmonlarning firqalarga bo‘linishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Alloh va rasuliga nisbatan isyondir. Ushbu muborak oyatlarda Alloh taolo barcha payg‘ambarlarga bir narsani, ya'ni yolg‘iz Allohning dinini barpo qilishni va bu dinda turli firqalarga bo‘linib ketmaslikni buyurgani bayon etilmoqda.

Jumladan, risolat sohibi Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamdan muqaddas dinimizga xilof bo‘lgan bunday guruhlar haqida bir qator hadislar vorid bo‘lgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: “Mening ummatimdan bir toifa insonlar paydo bo‘lib, dinda juda tez ilmni egallaydilar (shariat ilmini juda tez o‘rganadilar) va Qur'on o‘qiydilar (ya'ni, Qur'on oyatlarini o‘zlaricha tafsir qiladilar). Ular: Boshliqlarimizga borib, ularning molu davlatlarini bosib olamiz va o‘zlarini dinimizdan chetlatamiz (kofir deb e'lon qilamiz), –deydilar. Bunday qilish to‘g‘ri yo‘l emas. Qatoda (tikongul-a'loe)dan tikondan boshqa narsa hosil olinmaganidek, u toifa kishilarga yaqin bo‘lishdan faqat xatolarni jamlash mumkin bo‘ladi,” –dedilar Ibn Moja rivoyati.[5]

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallam: “Islom quvvatlanib kuchga to‘ladi, hatto kufr o‘z iniga qaytib kiradi. Kishilar Islom dinini targ‘ib qilish uchun dengizlar oshadilar. Albatta, insonlar boshiga bir zamonlar keladiki, (unda) odamlar Qur'onni o‘qiganlaricha o‘qiydilar va (Qur'ondagi hukmlarni) qoim qiladilar. Va ular: Biz Qur'onni o‘qib chiqdik va undagi hukmlarni bildik. Endi bizdan ko‘ra yaxshiroq kimsa bormi?– deb aytadilar. Ularda hech bir yaxshilik yo‘q”,– dedilar.

Aslida din – ezgulik manbai hisoblanadi. U – tabiat, jamiyat, inson va uning ongi, yashashdan maqsadi hamda taqdiri insoniyatni bevosita qurshab olgan atrof-muhitdan tashqarida bo‘lgan, uni yaratgan, ayni zamonda insonlarga birdan-bir to‘g‘ri, haqiqiy, odil hayot yo‘lini ko‘rsatadigan va o‘rgatadigan ilohiy qudratga ishonishni ifoda etadigan ta'limotdir.

Alloh taolo muqadas kalomida: “Imon keltirgan va savobli ishlarni qilganlar uchun - agar shirkdan saqlanib, imonda va savobli ishlarda davom etsalar, so‘ngra (may va qimordan) saqlanib, (haromni harom deb) imon keltirsalar, so‘ngra (barcha harom va shubhalardan) saqlanib, (odamlarga) ezgulik qilsalar - yeb-ichgan (oldingi harom) narsalarida gunoh yo‘qdir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi.”[6]

Alloh taolo er yuzida yovuzlik qilmaslikka buyuradi hamda nohaqlik, adolatsizlik, zo‘ravonlik, odam o‘ldirish, qon to‘kishni taqiqlab, zulmning har qanday ko‘rinishini qattiq qoralab, uning jazosiz qolmasligini xabar beradi: “(Alloh) iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarga esa ajrlarini komil suratda berur. Alloh zulm qilguvchilarni sevmaydi.”[7]

Ya'ni, O‘zi ham hech kimga zulm qilmaydi va har kimga qilgan ishiga muvofiq ravishda jazo yoki mukofot beradi.

 “Alloh senga ehson qilgani kabi, sen ham (Allohning bandalariga) infoq-ehson qil. Yerda (zulmu zo‘ravonlik bilan) buzg‘unchilik qilishga urinma. Chunki Alloh buzg‘unchi kimsalarni sevmas”[8].

«Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Shubhasiz, Allohning azobi qattiqdir!»[9]. Qur'on oyatlaridan ko‘rinib turibdiki, Alloh taolo odamlarga yaxshilik va hurmat-ehtirom ko‘rsatishga, solih amallar qilishda bir-biriga yordamlashishga, badniyatlik va janjal-g‘avg‘olardan chekinishga buyuryapti.

Ezgulikning yorqin namoyondasi va dunyodagi har bir mo‘min-musulmonning buyuk ustozi bo‘lgan janob Payg‘ambarimiz har bir musulmon kundalik faoliyatida ishlatishi lozim bo‘lgan, har kungi hayotida tatbiq etishi darkor bo‘lgan mavzularni marhamat qilganlar:

“Alloh Taologa farz  ibodatlardan  keyin eng maqul ish – musulmon kishini xursand qilmoqlikdir”.[10]

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: “Musulmon – musulmonlar uning qo‘li va tilidan salomat bo‘lgan kishidir. Mu'min – insonlar o‘z qonlari va mollarida undan emin bo‘lgan kishidir”[11]. (Termiziy rivoyati).

Ma'lumki til va qo‘l eng ko‘p ishlatiladigan a'zolar bo‘lib, yaxshi ishlar ham yomon ishlar ham asosan shular bilan bajariladi. Yon-atrofdagilarga aksar hollarda til bilan so‘kib yoki qo‘l bilan turtib, urib ozor beriladi, zarar yetkaziladi. Shuning uchun  Payg‘ambar  sollollohu alayhi vasallam  shu ikki a'zoni  lafzan zikr qildilar. Demak  birovlarga u kim bo‘lishidan  qat'iy  nazar  dindoshmi, g‘ayridinmi ozor berishdan  o‘zimizni  saqlashimiz lozim, ayniqsa tilimiz va qo‘limizga xushyor bo‘lishimiz kerak. Dinimiz ta'limotida nafaqat insonlarga nisbatan ezgu  bo‘lishga  balki  uni o‘rab turgan  tabiat va  undagi  barcha jonzotlarga  nisbatan  ham mehru shafqatli  bo‘lishga buyurilgan.

Islom dinimiz, ayniqsa bizning zaminimizdagi Islom ezgulik dini ekanligini, ta'bir joiz bo‘lsa, ko‘rga hassa ushlatgandek muhtaram Prezidentimiz o‘z kitoblarida o‘rgatayaptilar: “Ezgu odatimizga aylanib ketgan mehr-oqibat tushunchasini oladigan bo‘lsak, uning juda teran tarixiy, milliy, diniy ildizlari borligini ko‘rish mumkin. Bu avvalo insonning inson bilan, qo‘shnining qo‘shni bilan, qarindoshning qarindosh, oilaning oila bilan, eng muhimi, shaxsning jamiyat bilan uyg‘un bo‘lib yashashini, yetim-esir, beva-bechora va nogironlarga, musofirlarga saxovat ko‘rsatish, sidqidildan, beg‘araz yordam berishni anglatadi va bunday xususiyat xalqimizning ma'naviy olamiga singib ketganini hech kim inkor eta olmaydi”.[12]

Xalq arbobi, buyuk mutafakkir Abdurauf Fitrat bu haqda shunday deydilar: “Hech shubha yo‘qki, odamlar har xil din va mazhabdan, har xil qabila va millatdan bo‘lsalar ham bir otaning va yagona jinsning farzandi. Boshqacha qilib aytganda, bir-birlarining aka-ukalaridir.Shunday ekan, ular o‘zaro umumiy birodarlikni yuzaga keltirishlari kerak”[13].

Biz qisqa satrlarda diniy ekstremizm va sof Islom haqida so‘z yuritdik. Har qanday nom ostidagi zulm va zo‘ravonlik, jinoyatlarning har qanday holati va ko‘rinishlari, garchi u Islom dini nomidan sodir bo‘layotgan bo‘lsa ham Islom aqidasi va ta'limotiga mutlaqo qarama-qarshidir. Musulmon kishi boshqa odamlarni yomon ishlarni qilishdan qaytarishga mas'uldir hamda o‘zi ham jinoyat sanalgan amallarni sodir etishi mumkin emas. Har bir iymon-e'tiqodli insonnning burchi yer yuzida farovonlik va osoyishtalikni qaror toptirib, buzg‘unchilik va fasod ishlarga qarshi kurashmog‘i lozim.

Nodir Qobilov, Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi

[1] Qur'oni karim ma'nolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq., 2004. Niso, 59-oyat tarjimasi.

[2] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri,Niso surasi. 115-oyat tarjimasi.

[3] Qur'oni karim ma'nolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq., 2004. Oli Imron, 103-oyat tarjimasi.

[4] Qur'oni karim ma'nolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq., 2004. Shuro 13-oyat tarjimasi.

[5] Mishkatu-l-masobih. Muhammad ibn Abdulloh at-Tabriziy. Kazan. Lito-Tipografiya “Bratya Karimovi”, 1908. –B 61.

[6] Qur'oni karim ma'nolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq., 2004. Moida 93-oyat tarjimasi.

[7] Abdulaziz Mansur, "Qur'oni karim ma'nolari tarjimasi" T., "Sharq", 2004 y, “Oli Imron” surasi, 57-oyat mazmuni.

[8] Qur'oni karim ma'nolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq., 2004. “Qasos”surasi, 77 oyat tarjimasi.

[9] Qur'oni karim, Moida surasi, 2-oyat tarjimasi.

[10] "Ming bir hadis" A.Mansurov, 2 jild, 166-bet, 857 raqam, "O‘zbek maskani" , T, 1991 y,

[11] Mishkatu-l-masobih. Muhammad ibn Abdulloh at-Tabriziy. Kazan. Lito-Tipografiya “Bratya Karimovi”, 1908. – B19.

[12] I.A.Karimov, "Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch", 8-9-bet, "Ma'naviyat", T, 2008 y

[13] Terrorizm – jaholat o‘chog‘i, Metodik-bibliografik qo‘llanma Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi Toshkent-2003 B-4


Kiritilgan vaqti: 27/09/2019 16:57;   Ko‘rilganligi: 2615
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/diniy-ekstremizm-va-sof-islom
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 17:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing