O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Chaqimchi jannatga kirmaydi!

 
 

Axloq insonni tavsiflovchi eng ajoyib narsalardan biridir. U barcha vaziyatlarda bir xil suratda namoyon bo‘ladigan, insonning ichki qiyofasi va tabiatidir. Musulmon olimlar axloqni shaxsning muomalasidagi xatti-harakatlarini tartibga soluvchi tamoyillar, qadriyatlar va kelishilgan me'yorlar yig‘indisi deb ta'riflagan. U jamiyatdagi hamjihatlik rishtalarini saqlab qolish uchun shaxsning boshqalar bilan munosabatini tartibga soladi. Axloqsizlik bo‘lsa, nafaqat yakka shaxsning hayotini barbod qiladi, balki jamiyat a'zolariga ta'sir qiladi. Ijtimoiy birlikni buzadigan shunday illatlardan biri chaqimchilikdir.

Chaqimchilik – gapni mish-mish va buzg‘unchilik maqsadida ko‘tarib yurish. Ba'zilar: So‘zni yolg‘on bilan bezash, deb izohlagan. Gapni bir odamdan ikkinchisiga fasod va buzg‘unchilik maqsadida yetkazish chaqimchilik deyiladi.

G‘azzoliy bunday ta'riflagan: “Sirni ochish va oshkor bo‘lishini xohlamagan narsadan pardani ko‘tarish”.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Itoat qilma har bir qasamxo‘r, pastkashga, ayblovchi, chaqimchilik qilib yuruvchiga” (Qalam, 10-11).

Ibn Kasir ushbu oyat tafsirida bunday deydi: “Odamlar orasida yurib, oralarini gijgijlaydi, munosabatlari buzilib ketishi uchun gap tashiydi”.

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Chaqimchi jannatga kirmaydi”, dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikkita qabr oldidan o‘tib qoldilar va: “Mana bu (qabrlardagi) ikkisi azoblanishmoqda lekin, ular (odamlar ko‘zida) katta (hisoblanuvchi) gunoh tufayli azoblanmayapti”, dedilar. So‘ngra: “Ha (ular aslida katta gunoh tufayli azoblanmoqda), ularning biri gap tashib yurardi, ikkinchisi esa o‘z bavlidan saqlanmasdi”, dedilar. Keyin, yerdan ho‘l novda olib, uni ikkiga bo‘larkanlar, ulardan har birini boyagi qabrlarga tiqib qo‘ydilar va: “Shoyadki, bu novdalar quriguncha ularning azobi yengillashtirib turilsa”, dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).  

Ba'zi ulamolar aytadi: “Chaqimchi odam sehrgar bir oyda qilmagan buzg‘unchilik-fasodni bir soatda qiladi. Odamlar o‘rtasini isloh qilish uchun yolg‘on gapirishga ruxsat bor va buzg‘unchilik uchun (gap tashib) rostgo‘ylik qilish haromdir”.

Chaqimchilik turlari

1.Harom.

Shar'iy manfaatlar mavjud bo‘lmagan holda, odamlar o‘rtasini buzish va ularni gijgijlash maqsadida gap etkazishdan iborat.

2.Vojib.

Insonga keladigan yomonlikdan ogohlantirish uchun bu yomonlikdan xabardor qilinadi. Ibn Mulqin chaqimchilik haqida gapirar ekan, bunday deydi: “Agar biror nojo‘ya ishni tark qilish yoki yomonlikni qaytarish va boshqalarga yaxshilik yetkazish uchun nasihat qilingan bo‘lsa, u harom yoki makruh emas, balki vojib yoki mustahab bo‘ladi”.

Imom Navaviy aytadi: “Biror kishi kimningdir boshqa birovga zulm bilan zarar yetkazmoqchi ekanini bilsa, uni ogohlantirib qo‘yishi mustahab yoki vojibdir”.

3.Muboh.

Odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni isloh qilish uchun:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yaxshilik maqsadida gap ko‘tarib brogan kishi yolg‘onchi emas”, dedilar (Muslim rivoyati).

Chaqimchilik zararlari

1.Jamiyatdagi rishtalarni uzadi, adovat va buzg‘inchilikni tarqatadi;

2.Dini va dunyosini buzadi;

3.Rizqning kesilishiga sabab bo‘ladi

4.Jannat yo‘lini to‘sib, do‘zaxga eltadi;

5.Sohibiga xorlik keltiradi

6.Qabr azobiga sabab bo‘ladi.

Kitob, Sunnat va ummatning ijmosidagi ochiq dalillar chaqimchilikning harom va gunohi kabira ekanini ko‘rsatib beradi.

Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda: “Allohning bandalari orasida eng yomonlari chaqimchilik qilib yuruvchilar, yaqinlar orasini buzuvchilar va aybsizlarga bir aybni yuklaydigan zolimlar”, deyiladi.

Bunday illatdan saqlanish, turli buzg‘inchi gaplarning tarqalishiga chek qo‘yish va jamiyat birdamligini saqlashga hissa qo‘shish har bir musulmon zimmasidagi vazifadir.

Bahodir MIRZAYEV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi


Kiritilgan vaqti: 01/12/2022 11:26;   Ko‘rilganligi: 334
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/chaqimchi-jannatga-kirmaydi
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 05:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing