O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Buyuk allomalarimiz biz uchun hidoyat mayog‘idir

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Prezidentimizning Murojaatnomasi yurtimiz hayotida tobora alohida ahamiyat kasb etib borayotgan muhim voqeadir. 2017 yildan buyon an'anaga aylangan bu ijobiy tadbirda tugayotgan yildagi asosiy ko‘rsatkichlar, yangi yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar e'lon qilinadi. Yangi marralar belgilanadi. Ko‘zlangan maqsadlar mazmunidan kelib chiqib, boshlanajak yil nomi taklif etiladi. 2022 yil 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi mana shunday tadbirda Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat tashkilotlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari qatori men ham ishtirok etdim.

Ushbu Murojaatnomada yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichini o‘z ichiga olgan rejalar taqdim etilishini millionlab mo‘min-musulmonlarimiz katta qiziqish bilan kuzatdi. Ahamiyatlisi, ana shu teran mulohaza bilan uzoqni ko‘zlab qilingan chiqishning har bir jihati juda keng masalalarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Ushbu Murojaatnomada yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichini o‘z ichiga olgan rejalar taqdim etilishini millionlab mo‘min-musulmonlarimiz katta qiziqish bilan kuzatdi. Ahamiyatlisi, ana shu teran mulohaza bilan uzoqni ko‘zlab qilingan chiqishning har bir jihati juda keng masalalarni o‘z ichiga qamrab olgan. Davlatimiz rahbari kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar haqida gapirib, Yangi O‘zbekiston strategiyasining davomiyligini ta'minlash maqsadida 2023 yilni “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim” yili deb e'lon qilishi boshlangan ezgu ishlar ning uzviy davomi bo‘ldi.

Azim poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan bu galgi nufuzli anjumanda davlatimiz rahbari hozirgi g‘oyat murakkab davrda tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash nechog‘liq muhim ekani haqida so‘z yuritib, ushbu jihatlarga alohida to‘xtaldi: “Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi

xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab o‘tmayapti. Lekin takror aytaman, musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstremizm g‘oyalariga berilganlar bo‘lishi mumkinmi? Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma'rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz”.

Shubhasiz, hozirgi kunda yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash yo‘nalishidagi ishlarni izchil davom ettirish dolzarb vazifadir. Zero, tinchlik va xotirjamlik — Alloh taoloning buyuk ne'mati. Barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikda bo‘ladi. Bu ne'mat bebaho ekani to‘g‘risida islom dini manbalarida ham takror-takror aytilgan. Qur'oni karimning yuzdan ortiq oyatida tinchlik, ezgulik va bag‘rikenglikka chaqirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh rizosini topishga intilganlarni Qur'on bilan tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (“Moida” surasi, 16-oyat).

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘ ne'mat ekanini ta'kidlab, bunday degan lar: “Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular tinchlik-xotirjamlik va sihat-salomatlikdir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan vazifalarni mukammal va xotirjam ado etish hamda oldimizga qo‘ygan ezgu maqsadlarga erishish uchun, albatta, tinchlik-osoyishtalik zarur. Yaratgan Parvardigor ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslikka amr etgan: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (“Baqara” surasi, 208-oyat).

Demak, tinchlik qaror topgan yurtdagina osudalik hukm suradi, farzandu nabiralar emin-erkin kamolga erishadi, mo‘min-musulmonlarimiz ibodatlarini xotirjam ado etadi. Bularning barchasi tinchligimiz sharofatidan. Murojaatnomada davlatimiz rahbari bugungi kunda tinchlikdek ulug‘ ne'matdan hamma ham barobar bahramand emasligini alohida qayd etdi. Chunki dunyoning turli burchaklarida, ayniqsa, musulmon o‘lkalarda terrorchilar tomonidan qo‘poruvchiliklar, nohaq qon

to‘kishlar sodir etilmoqda. Bunday mudhish voqealar dunyoning tinchliksevar xalqlari qatori biz, mo‘min-musulmonlarning ham qalbini larzaga solmoqda.Prezidentimiz nutqida “Ma'rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deya alohida ta'kidladi. Buning zamiridagi hikmat shundaki, qurolga qurol bilan javob berilsa, shu holat davom etaveradi, urush-nizolar barham topmaydi. Lekin ularga ilmu urfon, ma'rifat bilan javob berilsa, qilayotgan ishlari xato ekani tushuntirilsa, ularning munosabati ijobiy tomonga, albatta, o‘zgaradi. Shuningdek, davlatimiz rahbari o‘z nutqida muborak islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini keng jamoatchilikka, xususan, yoshlarga yetkazish muhim vazifa ekanini alohida qayd etdi.

Alloh taolo diyorimizga O‘zining aziz ne'mati — tinchlik, osoyishtalikni berdi, qut-baraka, farovonlikni ato etdi. Atrofga nazar solsak, bizni o‘rab turgan son-sanoqsiz ne'matlar qurshovida yashayotganimizga amin bo‘lamiz. Qur'oni karimda Robbimiz bunday marhamat qiladi: “Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizni ato etdi. Agar Allohning ne'mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz”. Biz qancha shukr qilsak, shuncha oz.

Ushbu sururli damlar bardavom bo‘lmog‘i uchun tinchlik ne'matining shukronasini qilib, uni ko‘z qorachig‘idek asramog‘imiz darkor. Chunki ne'matlar shukri bilan davomli va ziyoda bo‘ladi. Zero, muqaddas Kalomda “Yana Robbingiz e'lon qilgan (bu so‘zlar) ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, deb marhamat qilingan (“Ibrohim” surasi, 8-oyat).

Har bir inson baxtli, farovon, to‘kinchilikda yashashni istaydi. Buning uchun esa Yaratganning bergan ne'matlariga shukr vojib bo‘ladi. Bugungi kunda O‘zbekistonimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga dadil odimlayotgani va barcha sohalarda katta yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani Parvardigorning cheksiz marhamatidir. Allohga shukrki, so‘nggi yillarda diniy-ma'rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar, yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan

qadamjolar mo‘min-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda. Yurtimiz bo‘ylab qad rostlagan, muhtasham qiyofa kasb etgan masjidlar soni 2100 dan oshdi. So‘nggi 5-6 yilning o‘zida 70 dan ziyod yangi masjid ochildi, 200 dan ziyodi qayta bunyod etildi. Bunday ishlar jadal davom etmoqda.

Oxirgi yillarda 3 ta diniy ta'lim muassasasi — Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy madrasasi ta'sis etildi, qabul kvotalari bir necha barobar oshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilishi diniy soha rivojlanishida muhim bosqich bo‘ldi.

Haj safari kvotasi joriy yilda 12 ming nafarga yetdi, 70 ming nafarga yaqin yurtdoshimiz umra ziyoratini amalga oshirish baxtiga erishdi. Bugun dinimiz ta'limotlarini ilmiy o‘rganish va keng targ‘ib etishga har qachongidan keng e'tibor qaratilmoqda.

Bu borada Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda. Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, turli hududlarda hadis, kalom, aqida, tasavvuf, fiqh ilmiy maktablari mavjud. Albatta, mana shunday ulkan ne'matlarning bardavom bo‘lishi Yaratgan Parvardigorning ulug‘ inoyati va hukm surayotgan tinchlik-xotirjamlikning mahsulidir. Unutmaslik kerakki, tinchlik uchun, uni asrab-avaylash uchun BARCHA MAS'UL! Bu, o‘z navbatida, doimiy va qat'iy harakatlarni talab etadi. Hushyorlik, ogoh bo‘lib yashash bir kunlik yoki bir oylik mavsumiy masala emas, balki kundalik ish, kundalik amaliy harakat bo‘lishi lozim. Shu o‘rinda biz — din peshvolari, ulamolar va imom-xatiblar o‘z oldimizga qat'iy maqsadlarni qo‘ygan holda, tinchlikni ta'minlashga daxldorlik hissini chuqur anglashimiz zarur. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan sahobai kiromlar: “Yo Rasululloh, biz Alloh taologa duo qilganimizda ko‘proq nimani so‘raylik?” deb so‘raganda, Payg‘ambar alayhissalom: “Alloh taolodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik) so‘ranglar”, deganlar. Shu nuqtai nazardan, qaysi xonadonga kirmang, qanday yig‘in yoki ma'raka bo‘lmasin, fotihaga qo‘l ochilganda, yoshu qari, erkagu ayol — barchamiz Yaratgandan tinchlik va osoyishtalikni so‘rab duo qilamiz.

Tinchlik — ulug‘ ne'mat, inson hayotining birlamchi sharti. Chunki yaxshi turmush, farovonlik, ezgu maqsadlarning ro‘yobi, eng avvalo, shu ne'matga bog‘liq. Shuning uchun ham qadimdan barcha xalqlar tinchlikni asrash uchun moliyu joni bilan kurashgan. Biroq davlatimiz rahbari haqli ta'kidlaganidek, bugungi kunda ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinib, yoshlarni zo‘ravonlikka, madaniy-ma'rifiy va oilaviy qadriyatlarni yo‘qotishga undash yo‘li bilan jamiyatda radikal qarashlarni tarqatayotgani tashvishli holatdir. Biz bunga mutlaqo yo‘q qo‘ymasligimiz kerak! Respublikamizda so‘nggi yillarda jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu yo‘lda aholining diniy-ma'rifiy savodxonligini oshirish, ekstremistik oqimlar safiga adashib kirib qolgan va qilgan ishidan chin dildan pushaymon bo‘lganlarga nisbatan kechirimlilik siyosati yuritish, yosh avlodning turli buzg‘unchi oqimlar safiga kirib qolishining oldini olish bo‘yicha muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, diniy sohada diniy va dunyoviy bilimlarni egallagan, fuqarolar orasida diniy asosdagi ekstremizm mafkurasiga qarshi immunitetni shakllantira oladigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarini buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurash ishlariga faol jalb etishga katta e'tibor qaratilmoqda. Ko‘p yillik tajribalar ko‘rsatmoqda-ki, yoshlar yetarli bilim-tushunchaga ega bo‘lmagani, o‘ta ta'sirchanligi tufayli ekstremizm va radikalizm mafkurasi oldida eng zaif qatlam bo‘lib qolyapti. Bugungi kunda aqidaparast oqimlar yosh avlodni saflariga jalb qilishda internet tarmog‘idan keng foydalanmoqda, uning yordamida vayronkor mafkuralarni ularning ongiga faol singdirishga harakatlar bo‘lmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi va diniy soha xodimlari tomonidan jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish, aholi orasida turli ekstremistik oqim vakillari tomonidan buzg‘unchi g‘oyalar tarqatilishining oldini olish, fuqarolar, ayniqsa, yoshlarda ma'naviy immunitet shakllantirish yuzasidan joylarda aholi bilan diniy-ma'rifiy suhbatlar, namozlarda tushuntirish ishlari, OAV, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali doimiy chiqishlar qilish hamda islom ma'rifatiga oid nashr mahsulotlarini

tarqatish kabi keng faoliyatlar amalga oshirilmoqda. Bunday ma'rifiy targ‘ibot ishlarini yanada jadal davom ettirish davrning o‘tkir talabidir. Mana shunday targ‘ibot ishlarida diniy soha xodimlari islom dini radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi ijtimoiy illatlarni butunlay qoralashini ta'kidlamoqda. Zero, Alloh taolo Yer yuzida buzg‘unchilik qilmaslikni buyurib, “Alloh esa fasodni (buzg‘unchilikni) yoqtirmaydi” (“Baqara” surasi, 205-oyat), shu suraning 60-oyatida esa, “Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!” deb ogohlantirgan. Rasul alayhissalom hadisi shariflarida “Haqiqiy musulmon uning qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor yetmaydigan kishidir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu faoliyatda milliy mustaqillik g‘oyasi birlashtirgan, hur fikrli va taraqqiyparvar ajdodlarimiz bo‘lgan jadidlarning milliy ongni yuksaltirish, aholi ichida ma'rifat tarqatish, ta'limni rivojlantirish, ozod va farovon, demokratik jamiyat qurish kabi g‘oyalar ilgari surilgan ilmiy merosidan keng foydalanish tarixiy zaruratdir. Shunday ekan, atrofga bir nazar tashlaylik, yurtimizda bo‘layotgan bunyodkorlik, obodonchilik va kundan-kunga go‘zallashib borayotgan go‘shalarni ko‘rib, kishining ko‘zi quvnaydi, dili yayraydi. Shularni his etarkanmiz, muhtaram azizlar, farzandlarimiz, nabiralarimiz baxti uchun yashaylik, ularning yoshlik yillari saodatli zamonga to‘g‘ri kelganini anglataylik. Bularning barchasiga shukr qilish kerak. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir hadisi muboraklarida “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Inson — azizu mukarram zot. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan 2023 yilni “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim” yili deb nomlash taklifi ilgari surilgani ko‘pchilikni quvontirdi. Sababi, Murojaatnomada bayon etilgan reja va loyihalar, hech shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bunday xayrli ishlar yurtimizda inson qadri hamma narsadan ustun bo‘lishi kerak, degan tamoyilning mantiqiy davomidir. Islom inson qadrini nihoyatda yuqori darajaga ko‘taradi. Dinimizda insonning qadr-qimmati qalbi pokligi, maqsadi ezguligi, undagi imon-ixlos va qilgan yaxshi amal lari bilan o‘lchanadi. Inson qadrini o‘lchashning ana shu ilohiy mezonlari ishga solingandagina odamlar haqiqiy qadrini topadi. Zotan, islom dini nozil qilinishining bosh sababi ham, bu muqaddas dinning asl mohiyati ham inson qadrini ulug‘lashdir. Dunyodagi barcha narsalar insonga beminnat xizmat qilish uchun yaratilgan. Qur'oni karimning bir necha oyatida bu umuminsoniy yuksak qadriyat alohida ta'kidlangan. Jumladan, “Isro” surasining 70-oyatida “Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik”, deyiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadisi shariflarida “Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir”, degan ekanlar.

Yangi O‘zbekistonda ham barcha islohotlar insonning mana shunday farovon hayot kechirishiga qaratilgan. Inchunin, bugun inson qadri-qimmati va qonuniy manfaatlarini ta'minlash borasidagi keng ko‘lamli islohotlar yanada yangi pog‘onaga ko‘tarilmoqda. Insondagi azizlik va mukarramlik sharafi kishiga g‘urur-iftixor bag‘ishlashi barobarida xalq manfaati, din rivoji va mamlakat obodligi yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishga undaydi. So‘zimni Imom Moturidiy bobomizning Murojaatnomada keltirilgan: “Elu yurt bilan hamdard bo‘lib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga bo‘lgay”, degan hikmati har bir mutasaddining hayotiy shiori bo‘lishiga da'vat etish bilan yakunlayman.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Yangi O‘zbekiston gazetasi 2022 yil 22 dekabr №260 (782)-son


Kiritilgan vaqti: 22/12/2022 17:43;   Ko‘rilganligi: 872
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/buyuk-allomalarimiz-biz-uchun-hidoyat-mayogidir
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing