Buqrotning mashhur qasami

Qadimdan bemorlarga qaraydigan, ularni davolashga urinadigan shaxslarning mas'uliyati haqida tortishib kelingan.
Ko‘pchilik holatlarda tabiblarning mas'uliyatiga qattiq nazar bilan qaralgan, yetgan zarar miqdoriga qarab muolajasi zarar keltirgan tabibining qo‘lini kesish yoki uni qatl qilish kabi jazolar qo‘llangan. Albatta, bunday hukmlar kishilarni tib bilan shug‘ullanishdan qochishlariga sabab bo‘lgan.
Boshqa ba'zi holatlarda esa tabib tamoman mas'uliyatdan ozod qilingan. Bu holatda esa, bemorlar zarar ko‘rgan. Mas'uliyatni sezmagan tabiblar nimani xohlasa shuni qiladigan bo‘lib ketganlar.
Islomda bu masala ham o‘ziga xos ajoyib uslub ila hal qilingan.
Dastlabki paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Imom Abu Dovud, Nasaiy, Ibn Moja va Hokimlar Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan:
«Kimki, o‘zida tib bilinmagan holda, o‘zicha tabiblik qilsa, zomindir», degan hadislariga amal qilingan.
Tibni bilmaydigan odam unga umuman yaqin ham kelmagan. Tibni bilganlar esa, iymon va ixlos ila sidqidildan xizmat qilganlar.
Keyinchalik zamon o‘zgarib, kishilar ko‘payib, tibni davo qiluvchilar ham ko‘payib haqiqiy tabibdan tabiblikni da'vo qiluvchini ajratib bo‘lmaydigan holga yetganda bu masala jiddiy tarzda hal etilgan.
Hijriy 311 sana, (m. 931)da xalifa Muqtadir tabiblarni imtihondan o‘tkazishga farmon chiqardi. Bu ishga Sinan ibn Sobitni rais qildi. Bag‘dodning o‘zida, mashhur va podshoh saroyidagilardan tashqari, 860 tadan ortiq tabib imtihondan o‘tkazildi va shahodatnoma oldi.
Mashhur va podshoh saroyidagi tabiblarni ham qo‘shsa birgina Bag‘dod shahridagi tabiblarning soni qanchaga yetishini Alloh taoloning O‘zi biladi. O‘sha vaqtda aholi soni hozirgiga qaraganda juda ham oz bo‘lishini e'tiborga olinsa, musulmon o‘lkalarda tib qanchalik darajaga chiqqanini bilib olsa bo‘laveradi. Bu masalani yana ham oydin ravishda anglash uchun o‘sha paytning o‘zida Ovruponing Reyn havzasida atiga bitta tabib ham yo‘qligini qo‘shib qo‘ymog‘imiz lozim.
Tabiblarni imtihondan o‘tkazishning ilmiy uslublari ishlab chiqildi. Tibning har sohasi bo‘yicha qaysi fanlardan imtihon topshirish lozimligi belgilandi. Imtihondan o‘tuvchilarga beriladigan savollar va ularni tuzish yo‘llari ham aniqlandi. Bu masalani yoritgan kitoblarni o‘qigan odam o‘sha paytdagi ilmiy harkatning rivojiga tan bermay iloji yo‘q.
Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan kishilarga shahodatnoma berish yo‘lga qo‘yildi. O‘sha paytdagi berilgan shahodatnomalardan birining matni quyidagicha:
«Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bori'ul aziymning izni ila ...ga haqiqiy ilmga ega bo‘lgani uchun, bu ishni yaxshi bajarish qobiliyati bo‘lgani uchun jarrohlik kasbini qilishga ruxsat beramiz. Ana shularga binoan u jarohatlarni tuzalguncha muolaja qilishi, tomirlarni ochishi, bavosirlarni olib tashlashi, tishlarni olishi, jarohatlarni tikishi va bolalarni poklashi mumkin. U doimo o‘z raislari ila maslahatlashishib turmog‘i lozim. Ishonchli ustozlaridan nasihat olib, ularning tajribasidan foydalanishi zarur».
Shahodatnomadan ko‘rinib turibdiki, o‘g‘il bolalarni xatna qilish ham qo‘lida ruxsati bor jarrohning ishi bo‘lgan. Agar bizda ham bu tartib yo‘lga qo‘yilsa, xatnadan keyin bolalarimizning azob chekishlari kamayar edi.
Mana shunga o‘xshash shahodatnomaga ega bo‘lgan tabib bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish haqiga ega bo‘lar edi. Biror xastalikni davolash jarayonida qiyinchilikka duch kelsa tabiblar majlisi chaqirilib uni davolash bo‘yicha maslahat kengashi o‘tkazilar edi.
Mazkur majlisga tabiblar ichida yoshi ulug‘i raislik qilar va ularning eng yoshi bo‘lgani maslahatni yozib borar edi.
Musulmon fuqaholar bu masalaning qonuniy tomonini tartibga soldilar. Soxta tabib kishilarni davolayman deb zarar yetkazsa zomin bo‘lishi yuqorida zikr etilgan hadisi sharifga binoan ravshan edi.
Shahodatnomasi bor tabib tomonidan bemorga zarar yetkazilsa nima hukm qilinishi batafsil bayon qilindi. Agar tabib tomonidan mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilsa, u javobgar bo‘lishi belgilandi. Agar boshqa sabablar tufayli bemorga zarar yetsa tabib javobgar bo‘lmaydigan bo‘ldi. Ana o‘sha holatlardan birini zikr qiladigan bo‘lsak, bemorning o‘z roziligi va talabi ila sinalmagan ish joriy qilish oqibatida unga zarar yetsa tabib javobgar bo‘lmaydi.
Umuman bu masala o‘ziga tegishli kitoblarda mufassal bayon qilingan.
Shu bilan birga, tabiblik qilmoqchi bo‘lgan kishilarga imtihon topshirib shahodatnoma olish bilan birga tibbiy qasam ichish ham shart qilindi. Bu qasam Buqrotning mashhur qasami asosida Islom ta'limotlariga moslashtirilgan holda qayta ishlangan edi. Aslini olganda qasam bir matndan emas, bir necha xil bo‘lganini ham mutaxassislar ta'kidlaydilar.
Ba'zi tarixiy ma'lumotlarda tabiblarni imtihondan o‘tkazib shahodatnoma berish Ovrupoda Rojer ikkinchi va Fridrik ikkinchi tomonidan XI—XIII asrlarda yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar beriladi.
Agar bu ma'lumotni chuqurroq o‘rganib chiqilsa mazkur ovrupolik ikki hukmdor bu masalada o‘zlaridan hech narsa qilmaganlari ayon bo‘ladi.
Rojer ikkinchi Saqalliya (Palmero)ni musulmonlardan tortib olganda musulmon o‘lka bo‘lgan bu yerda tabiblarni imtihondan o‘tkazib shahodatnoma berish yo‘lga qo‘yilganiga ancha bo‘lgan edi. Rojerga bu ish yoqib qolib, yaxshi narsa ekan, biz ham shundoq qilamiz, dedi. Keyinroq esa Fridrik ikkinchi bu ishga ba'zi o‘zgartirishlar kiritdi.
Musulmonlarda shahodatnomasi bor, tibbiy qasamni ichgan odamni, endi nimani xohlasang qilaver, deb o‘z holiga tashlab qo‘yilmagan. Tabibning javobgarligi haqidagi qonunlardan tashqari ularning madaniy saviyasini oshirish va insoniy, islomiy fazilatlarini sayqallashga doimo katta e'tibor berilgan. Bu ishning oliy darajada olib borilganiga «Adabut tabib» nomi ostida yozilgan butun boshli kitoblar dalil bo‘la oladi.
Ana shundoq kitoblardan biri hijriy uchinchi asrda, bundan bir ming ikki yuz yil ilgari yashab o‘tgan olim Is'hoq ibn Ali ar-Rohaviyning «Adabut tabib» nomli kitobidir.
Bu kitobda tabiblarga, dorishunoslarga, tibbiy xodimlarga, bemorlarga va ularning ahllariga, shuningdek, ularni ko‘rgani keladigan shaxslarga ajoyib nasihatlar bor.
Tasavvur hosil qilish uchun kitob haqida ba'zi ma'lumotlar berib o‘tishga ijozat bergaysiz.
Birinchi bobda tabibning iymoni va omonati haqida so‘z ketadi. Shu bobda muallif tabibning ta'rifida quyidagilarni yozadi:
«Tabib jonlar va jismlar hokimidir. Jonlar va jismlar mollardan sharafli ekanida hech kim shubha qilmaydi. Shuning uchun tabib o‘ziga tib ishida zarur bo‘ladigan odob va ilmlarni kasb qilmog‘i lozim».
Ikkinchi bobda tabib o‘z jismi va a'zolarini ma'naviy va moddiy jihatdan qandoq tutishi lozimligi haqida batafsil so‘z yuritiladi.
So‘ngra tabibning kundalik ish rejasi bayon qilinadi. Vaqtning qiymatini bayon qilingandan keyin, tabib uni zoye qilmasdan o‘z hojatlari va bemorlari uchun to‘g‘ri taqsimlashi zarurligi uqtiriladi.
Keyin amal qilinishi lozim bo‘lgan kun tartibi haqida so‘z yuritiladi:
1. Namoz o‘qish.
2. Shar'iy va tibbiy kitoblar o‘qish.
3. Bemorlari huzuriga chiqish va hokazo.
Uchinchi bob.
Tabib o‘zini saqlashi va ehtiyot bo‘lishi zarur bo‘lgan narsalar.
To‘rtinchi bob.
Bemor, bemorga qarovchilar va bu ishlarga bosh bo‘luvchilar xizmati haqida.
Beshinchi bob.
Bemor ko‘rgani keluvchilarning odoblari haqida,
O‘n birinchi bob.
Bemor o‘zini ko‘rgani kelganlarga nima qilmog‘i kerakligi haqida.
O‘n ikkinchi bob.
Tib ishining sharafi haqida.
O‘n oltinchi bob.
Tabiblarni imtihon qilish haqida.
O‘n sakkizinchi bob.
O‘zini tibga nisbat beradigan hiylakorlarning aldamchiliklarida ogohlantirish haqida.
Bu qabildagi ish va ma'lumotlarga hozirgi zamon tibbiyoti ham muhtoj bo‘lsa ajab ermas.
«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida Amirov To‘lqin tayyorladi.
Kiritilgan vaqti: 23/11/2021 07:25; Ko‘rilganligi: 1025
Chop etilgan vaqti: 03/11/2025 08:56





















