O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Bugungi o‘ylar...

 
 

Mamlakatimizda chorak asrdan ziyodroq davr mobaynida erishilgan barcha yutuqlar, hamma yo‘nalishdagi taraqqiyotga, asrlarga tatigulik o‘zgarishlarga, hech shubhasiz, Bosh qomusimiz huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.

Asosiy Qonunimiz xalqimizning ko‘p asrlik tajribasi, betakror mentaliteti, beqiyos urf-odatlari, o‘ziga xos orzu-o‘ylariga binoan ishlab chiqilgan. E'tiborli jihati, undagi normalar muqaddas dinimiz qoidalariga ham to‘la-to‘kis muvofiq keladi. Bu esa jahon davlatlarining hammasida ham bor emas!

Bugun dunyoni kuzatsangiz, ayrim davlatlarda davom etayotgan urushlar, qonli to‘qnashuvlar, sarson-sargardonliklarni ko‘rib yoqa ushlaysiz... Chet davlatlar ommaviy axborot vositalari tarqatayotgan xabarlarni o‘qishga, ko‘rishga yurak chidamaydi...

Shukrki, behisob shukrlarki, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda! Mamlakatimizda o‘n oltita diniy konfessiya faoliyat yuritmoqda. 130 dan ziyod millat va elat vakillari o‘zaro ahil, tinch yashab kelmoqda. Konstitusiyamizning 18 moddasida «O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar» deb belgilab qo‘yilgan.

Qur'oni karimda esa Baqara surasining 256 oyatida «Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi...» deb, inson sha'ni, qadr-qimmati yuqori ekani, har bir shaxsning huquqiy dahlsizligi kafolatlangan.

Bosh Qomusimizning 31 moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan.

Konstitusiyamizda xotin-qizlarning erkaklar bilan teng huquqli ekani belgilab qo‘yildi. Muqaddas dinimiz ayol kishini ona sifatida qadrlab, oilani charog‘on etishni, kelajak nasllar tarbiyasini unga topshirdi. Shu bilan birga, ayolga ilm olishni farz qildi. Hadisi sharifda “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farzdir!” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari) deyiladi.

Bosh Qomusimizning xalqchilligi shundaki, uning alohida bir bobi oilaga bag‘ishlanib, unda er bilan xotin, ota-ona bilan bolalar hamda qarindoshlar o‘rtasidagi, shuningdek bolalar tarbiyasiga oid me'yorlar ko‘rsatib o‘tilgan. Bu bilan ham boshqa ko‘plab davlatlarning konstitusiyalaridan farqlanib, g‘ayrioddiy bo‘lib, ajralib turadi.

Islom dini keksalarga ehtirom ko‘rsatish, ularga e'tiborli bo‘lishga chaqiradi. «Rabbingiz Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga «uf!..» dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!» deb marhamat qilinadi Qur'oni karimda Isro surasining 23-24 oyatlarida.

Hadisi shariflarda ota-onaga xizmat qilish jannatga kirishning kafolati ekani ta'kidlanadi. Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim ota-onasini qarigan paytlarida topsayu, ikkovlariga yoki birlariga xizmat qilib, jannatga kira olmasa, xor bo‘lsin, xor bo‘lsin, xor bo‘lsin!” – dedilar (Imom Muslim rivoyatlari).

Konstitusiyamizning 66 moddasida «Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar» deb belgilangan.

Yuqoridagi oyati karima va hadisi sharif bilan Bosh Qomusimizning 66 moddasida qayd etilgan me'yorlarni o‘qigan kishi dinimizning naqadar ulug‘, Konstitusiyamizning qanchalik xalqchil ekaniga yana bir karra amin bo‘ladi.

Muxtasar aytganda, Konstitusiyamiz – mamlakatimizning nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining huquqiy asoslari, balki ma'naviyatimiz, ma'rifatimiz, milliy qadriyatlarimizni himoya qilishning huquqiy asosidir!

 

Ibrohimjon domla INOMOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 08/12/2022 19:13;   Ko‘rilganligi: 761
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/bugungi-oylar
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing