O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Bugungi kundagi ekstremistik  oqimlarining «Jihod» deb nomlayotganlari  odamlarni  zo‘ravonlik, vahshiyliklarga boshlovchi   fitnadir.

 
 

Afsuski, bugungi kunda qora kuchlar tomonidan Yaqin Sharq mintaqasida, qo‘shni Afg‘onistonda sodir etilayotgan qonli to‘qnashuvlar uyushtirilib, siyosiy va iqtisodiy tanglik keltirib chiqarilmoqda. Mazkur hududlarda go‘yoki haqiqiy “islomiy davlat” qurish shiori ostida ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik, vahshiyliklarga qo‘l urayotgan turli guruh va jamoalar ko‘payib ketdi.

Taassufki, Islom dinini niqob qilib olgan mutaassib shaxslar ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek kontentida Iroq va Suriya kabi mamlakatlarda terrorchilik harakatlari olib borayotgan jangarilarni qo‘llab-quvvatlashga targ‘ib qilmoqda.

Bu o‘rinda shuni ta'kidlash lozimki, terrorchilik bilan «jihod» orasida hech qanday munosabat, o‘xshashlik va aloqa mavjud emas, balki ular orasida jiddiy qarama-qarshiliklar bor.

Jihod – Islomni kuch bilan yoyish, qurol yordamida tarqatish vositasi emas. Aksincha, dushmanlikni ketkazish, zulmni bartaraf etish va zaiflarni himoya qilish yo‘lidir.

Hadisda aytiladi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga jihodga izn so‘rab keldi. Shunda unga: “Sening ota-onang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi. “Bas, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar”.

«Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayxi vasallam davrlarida amalga oshirilgan «jihod» hech qachon millatchilik, saltanatga ega bo‘lish yoki boshqa hududni bosib olish maqsadida amalga oshirilmagan.

«Jihod» doimo faqat mudofaalanish vazifasini o‘tagan, dushman tomonidan yarashish to‘g‘risidagi taklif bildirilganda esa darrov to‘xtatilgan». Bu borada zamonamiz ulamolari bunday deydilar: “Agar “jihod” islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida edi, Rasululloh (alayhissalom)ning o‘zlari bu borada namuna ko‘rsatgan bo‘lur edilar. Ya'ni, u zot birinchi bo‘lib Makkadagi mushriklarning kattalari bilan urushgan islom davlatini barpo etish uchun jihod e'lon qilgan bo‘lardilar. Biroq Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bunday yo‘l tutmadilar. Aksincha, musulmon jamiyati tinch yo‘l bilan, tabiiy ravishda yuzaga kelgach, uning himoyasi uchun jihodga chiqqanlar”.

  Bundan kurinib turibdiki bugungi kundagi ekstremistik  oqimlarining «Jihod» deb nomlayotganlari  odamlarni  zo‘ravonlik, vahshiyliklarga boshlovchi   fitnadir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bu haqda «Dunyoning yo‘q bo‘lib ketishi Alloh nazdida bir mo‘minning nohaq o‘ldirilishidan ko‘ra yengilroqdir» deb bu jinoyatning oqibati qanchalik yomon ekaniga ishora qilmoqdalar (Ibn Moja rivoyati).

Bundan ko‘rinib turibdiki bularning barchasi din dushmanlarining fitnasidir.

Musulmonlarga fitnada qatnashish Qur'oni karimda qat'iy man etilgan: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob) dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (“Anfol” surasi, 25-oyat).

Bunda tilga olingan dalillar asosida ta'kidlab, urg‘u berayotganimiz nuqta shuki, Islom dunyosida tez-tez ko‘zga botayotgan, hech qanday qoidaga bo‘ysunmagan, zo‘ravonlik va bosqinchilik harakatlari mashru' emasdir (noqonuniydir).

 Abrorov Jahongirxon manbalar asosida tayyorladi 


Kiritilgan vaqti: 24/11/2022 10:59;   Ko‘rilganligi: 266
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/bugungi-kundagi-ekstremistik-oqimlarining-jihod-deb-nomlayotganlari-odamlarni-zoravonlik-vahshiyliklarga-boshlovchifitnadir
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 20:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing