O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Bolalarning boshqalar bilan munosabatiga ota-onaning aralashuvi

 
 

Biz onalar bolalarimizni hammadan himoya qilgimiz, bizning ko‘z qorachig‘imizni xafa qilgan boshqa bolanimi yoki ba'zida o‘qituvchinimi ta'zirini berib qo‘ygimiz keladi. Afsuski, bu aralashuvimiz farzandimizni jamiyatdagi o‘rniga, muammolarni o‘zi hal qilishiga ta'sir qiladi.

Misol tariqasida bir voqea aytib bermoqchiman. 2-sinf o‘g‘lim maktabda ishtonini ho‘llab qo‘yibdi. Tabiiyki, o‘zini sharmanda bo‘lgan his qilib, juda tushkun holatda uyga kirdi. Kirishi bilanoq juda qattiq yig‘lab yubordi, g‘ururli o‘g‘lim bu uyatga chiday olmayotgan edi, uning ustiga aybdor ham o‘qituvchi ekan. U dars vaqtida hojatga chiqishiga ruxsat bermagan va bola tanaffusgacha sabr qilolmagan. Har qanday onadek juda ham jahlim chiqdi, o‘qituvchisini ta'zirini berib, maktabdan haydatgim kelardi. Lekin o‘zimni bosib, o‘qituvchisiga qo‘ng‘iroq qildim. Uning juda afsusda ekanligini, o‘zini aybdor his qilayotganini ko‘rib hech narsa deya olmadim. Qattiq gapirganimdan foyda ham yo‘q edi, unga keyinroq aloqasiga chiqishimni aytib, go‘shakni qo‘ydim.

O‘tgan ishni o‘zgartira olmas edim, lekin bolamni o‘ziga ishonchi ortishi uchun nimadir qilishim kerak edi. Maktabga bora olmaganim uchun sinfdoshlari fikriga umuman ta'sir qilolmasdim, uning ustiga o‘qituvchi bilan munosabatim yomonlashishi, uni farzandimga munosabatini yomonlashtirar edi. Shuning uchun o‘qituvchi yordamidan foydalanishga qaror qildim. O‘quv yilining oxiri bo‘lgani bizga qo‘l keldi. O‘qituvchi farzandim bilan alohida xonada gaplashib, ayb undan o‘tganini aytdi va keyingi darslar davomida har bir yutug‘ini maqtab, ta'kidlab turdi. Alhamdulillah, tez kunlarda bo‘lgan voqea unutildi. O‘qituvchi maqtagani uchun boshqa bolalar o‘g‘limni yana hurmat qila boshladi. Farzandimning o‘zi esa, ayb unda emasligini bilib, o‘zini nokis his qilmay qoldi.

Demak, farzandimiz ko‘chada yoki maktabda odamlar bilan muammoga uchrasa, ba'zi narsalarga e'tibor berib, shoshilmasdan qaror chiqarishimiz kerak ekan.

1. Bu muammoga bizning aralashuvimiz shartmi? Ba'zi hollarda bolalar urishib yarashib o‘ynayveradi, aralashgan ota-onalar esa dushman bo‘lib qolishadi. Boshqa bolalar bilan urushish-yarashish tabiiy hol, bolalarimiz shu bilan jamiyatda o‘z o‘rnini topadi va o‘zini tutishni o‘rganadi.

2. Voqeani yaxshilab surishtirib, aybdor farzandimiz bo‘lsa, uni tan olishga o‘rgatishimiz kerak. Mehringiz sababli uni himoya qilaversangiz adolatli farzand tarbiya qila olmay qolasiz.

3. Voqeadan farzandimiz qanday aziyat chekdi. Endi buni to‘g‘rilash uchun nima qilishimiz kerakligini o‘ylab harakat qilishimiz kerak. Ya'ni har bir harakatimiz maqsadimizga yo‘naltirilgan bo‘lsin. Yuqoridagi voqea kabi ba'zida aybdorlarni jazolamasdan, ular yordamida muammoni hal qilishimiz ham mumkin.

4. Farzandingiz hislari, muammolariga befarq bo‘lmang. Boshqalar bilan muammolariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmasangiz ham, maslahatlaringiz bilan, hech bo‘lmasa, mehringiz va ishonchingiz bilan dalda bo‘lishingiz mumkin.

Unutmang, farzandingiz kundan-kun ulg‘ayib, o‘z muammolarini hal qilishga, jamiyatning boshqa a'zolari bilan muomala qilishga o‘rganmoqda. Siz esa doim uning oldida bo‘lib, hamma muammolarini hal qilib bera olmaysiz.

Botirali Rizayev Samarqand shahar "Panjob" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/08/2023 15:13;   Ko‘rilganligi: 696
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/bolalarning-boshqalar-bilan-munosabatiga-ota-onaning-aralashuvi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing