BOG‘U BO‘STONGA AYLANYOYOTGAN YURT
Islom dini doimo tabiatni asrabavaylashga, nabotot va hayvonot olamini himoya qilishga, Alloh ato etgan har bir ne'matdan oqilona foydalanishga buyurib kelgan. Chunki nafas olib turgan tirik jon borki, unga aziyat yetkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Qur'oni karimda bunday marhamat qilingan: “Yerni yaroqli qilib qo‘ygandan keyin unda buzg‘unchilik qilmangiz!” (A'rof surasi, 56-oyat).
Olamda yaratilgan barcha narsalar inson manfaati uchun xizmat qiladi. Shu bois ularni asrab-avaylash, zarar yetkazmaslik, bog‘u rog‘lar barpo etish dinimizning amri bo‘lib, doimo ko‘chat o‘tqazishga, ekin-tikin ishlariga targ‘ib qiladi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim biror o‘lik yerni tiriltirsa, ya'ni obod etsa, unga shunda ajr bordir. Shuningdek, undan biror jonzot yegan narsada unga sadaqa (savobi) bordir”, dedilar.
Biz o‘tqazgan ko‘chatlar va o‘simliklar doimo Allohga tasbeh aytib turadi. Bunga Qur'oni karimdagi juda ko‘p oyatlar dalolat qiladi. Jumladan: “Osmonlardagi va yerdagi bor narsa podshoh pok, qudrat va hikmat sohibi bo‘lmish Allohga tasbeh aytur”, deb Alloh taolo marhamat qildi. Ularning aytgan tasbeh va zikrlari ularni ekkan va parvarish qilgan kishilarning amallar daftariga yoziladi.
Shu kunlarda bunday savobli ishlar yurtimizda jadallik bilan olib borilmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi e'lon qilindi. Unga ko‘ra, kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chat ekish maqsad qilingan. Mazkur loyiha doirasida har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlar tanlanib, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mazkur xayrli tashabbus doirasida shu yil 1 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining bayonoti qabul qilindi. Bayonotda “Yashil makon” umummilliy loyihasining hayotimizda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritilib, dinimiz ta'limoti asosida barcha yurtdoshlarimizni ushbu tadbirda faol ishtirok etishga chaqirish barobarida, qishloq-ovullarmiz, mahalla-ko‘ylarimizni obod qilish orqali yurtimizni bog‘u bo‘stonga aylantirish nazarda tutilgan.
Ushbu savobli loyihada O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi ham munosib ishtirok etib, hududlarda amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlariga bosh-qosh bo‘lmoqda. Viloyatdagi barcha masjidlar hududida yashil makonlar tashkil etish va ko‘chat ekish ishlari jadal davom etmoqda. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumani “Abdurahmon ota” masjidi hududida 3 200 dona mevali daraxtlar ekilib, mazkur boqqa “So‘fi Olloyor” nomi berildi. Shuningdek, Pastdarg‘om tumanida ham loyiha doirasida 1 000 tup mevali daraxt ko‘chati o‘tqazildi hamda bu bog‘ “Ezgulik bog‘i” nomi bilan atala boshlandi.
Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy majmuasi yonida esa “Imom Buxoriy avlodlari” nomi bilan yangi bog‘ tashkil etilib, 1600 tup mevali ko‘chatlar ekildi. Boqqa ko‘chat ekish tadbirida viloyatning diniy sohada faoliyat yuritayotgan uch avlod vakillari ishtirok etib, yaratilayotgan bog‘ hayot farovonligiga, xalqimiz manfaat olishiga, qolaversa, tabiatning yanada ko‘rkam bo‘lishiga munosib xizmat qilishiga umid va duolar qildilar.
Shuningdek, Payariq tumani Yangiobod mahallasi hududida “Himmat” bog‘ini tashkil etishda Samarqand shahar “Domla Kamoliddin” masjidi imom-xatibi Ismatullo Absalomov katta tashabbus ko‘rsatdi. Bog‘ uchun ajratilgan 5 ga yer maydoni atrofiga 2 000 tup manzarali archa daraxti hamda 1 700 tup olma, nok, o‘rik, gilos, uzum va shu kabi ko‘chatlar ekildi. Kelgusida bu bog‘ning mevalarini ehtiyojmand aholiga tarqatish maqsad qilingan.
Shuningdek, tuman va shahar bosh imomlari ishtirokida mahallabay va xonadonlar bo‘yicha aholi bilan uchrashuvlar tashkil qilinib, ko‘chat ekish ishlarining ahamiyati tushuntirilmoqda. Natijada xalqimizda ham bu ezgu tashabbusga bo‘lgan qiziqish ortib, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ko‘plab yurtdoshlarimiz faol ishtirok etmoqda. Qolaversa, imom-xatiblar tashabbusi bilan mahalla va guzarlardagi bo‘sh turgan joylarga manzarali va mevali daraxtlar ekilayotgani ham ko‘pchilikning e'tiborini tortmoqda.
Qisqasini aytganda, shu kunga qadar Samarqand viloyat vakilligi joylardagi masjid imom-xatiblari bilan hamkorlikda 10 000 tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekishga muvaffaq bo‘ldi. Bu xayrli amallar shu kunlarda ham davom etmoqda.
Kelajakka bebaho sarmoya tariqasida yo‘naltirilayotgan bu ezgu tashabbus – “Yashil makon” umummilliy loyihasining atrof-muhit musaffoligini ta'minlash hamda inson salomatligini mustahkamlashdagi ahamiyati yuksakdir. Shu boisdan muhtaram Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, bu ishlar bir yillik yoki bir mavsumlik emas, balki davomiy bo‘lishi lozim. Bu xayrli amallar bardavom bo‘lar ekan, tez kunlarda yurtimiz bog‘u bo‘stonga aylanadi, inshaalloh.
Zayniddin ESHONQULOV,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 30/05/2022 13:49; Ko‘rilganligi: 861
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 16:16