O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

"BIZ YOSHLARNI YOT G‘OYALAR TA'SIRIDAN SAQLAYLIK!"

 
 

 Yigirma birinchi asrda mafkuraviy kurashlarning aqlbovar qilmaydigan turlari paydo bo‘lmoqda. Xususan, hech bir xalqni milliy, ma'naviy ananalariga asoslanmagan-faqat insoniy axloqqa ters hayot tarziga chaqiruvchi “ommaviy madaniyat”ning tashvishli tomonlari juda ko‘p. Ayrim g‘oyaviy tuzoqlar ko‘rinishidan asr yangiligi yoki “madaniyat”iga o‘xshasada ular kishilarga, ayniqsa, yoshlarga moydek yoqishi bilan yanada xatarlidir. Garchi, “ommaviy madaniyat” biror bir millatning ma'naviyatiga asoslanmaganligi, balki har bir millatning madaniyat va ma'naviyatiga tahdid bo‘lganligi uchun ham ayni madaniyatsizlikdir. Bugungi kunda uning ta'siri kuchayib, hech bir xalqning milliy va ma'naviy an'anasi, odatlariga to‘g‘ri kelmaydigan turli “urf-odatlar”  ko‘paymoqda. Achinarlisi, ayrim yoshlar uning ta'siriga tushib qolishmoqda.

Bunday yot g‘oyalar esa milliy qadriyatlarimiz va an'analarimizga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Turli nayrang va xatolardan ogoh, sergak va hushyor bo‘lishimiz lozim. So‘nggi paytlarda ma'naviyatimizga zid bo‘lgan turli g‘arazli kuchlar “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimiz ongiga ta'sir o‘tkazishga harakat qilmoqda.

Bunday yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan ayrim yoshlar yengil hayotga o‘rganib qolishlari, bu esa ularda buzg‘unchilik, zo‘ravonlik kayfiyatini uyg‘otishi mumkin.

Tezkor zamonda internetdan to‘g‘ri foydalanish darkor. Yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalar bilan sug‘orilgan fillardan asrashni zamonning o‘zi taqozo qilmoqda. Farzandga yoshlikdan hunar o‘rgatish esa kelajakka ko‘yilgan tamal toshi bo‘lishi muqarrar. Kishining qo‘lida hunari bo‘lsa, u aslo xor bo‘lmaydi. Buning uchun esa avvalo, ota-onalar, o‘quv dargohlari, mahalla-ko‘y mas'ul ekanligini aslo unutmasligimiz kerak.

Hadisi sharifda: “Yoshlikni g‘animat biling, qarilik kelishidan oldin”, deyilgan. Shunday ekan, umrni, yoshlikni behuda o‘tkazmaslik zarur. Har bir ota-ona o‘z farzandini baxtli bo‘lishini istaydi. Shunday ekan, kelajakni bugundan belgilash lozim. Hozir dunyoda ruy berayotgan voqea-hodisalardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lishimiz kerak. Shundagina loqayd va befarq bo‘lmaymiz. Hushyorligimiz yanada oshadi. Yoshlarimizni yurt bayrog‘ini baland ko‘taradigan, fidoyi, yurtparvar va elparvar insonlar qilib tarbiyalasak, yurtimiz kelajagi yanada buyuk bo‘lishi muqarrar.

Yoshlarimiz do‘st bilan dushmanni ajrata bilishi lozim. Turli fitna, yovuzlikka qarshi kurash esa doimiy shiorimiz bo‘lsin. Chunki, har bir yomon illat ortida razil maqsad bo‘lishi mumkin. Bu haqda Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ota bolaga go‘zal odobdan yaxshiroq, narsa berolmaydi”, deganlar.

Odob, axloq, hayo va ibo xalqimizga xos fazilatlardandir. Bugun dunyoning ayrim mintaqalarida ildiz otgan “ommaviy madaniyat”ga qarshi ana shunday g‘oyalarimiz va o‘z so‘zimiz bilan kurashmog‘imiz darkor.

Abrorov JAHONGIRXON - Urgut tuman "Boybul" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 28/05/2020 17:13;   Ko‘rilganligi: 1583
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/biz-yoshlarni-yot-goyalar-tasiridan-saqlaylik
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 11:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing