O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

BIZ BILMAGAN HISLAR!

 
 

O‘shanda da'vatni davlat bosqichiga olib o‘tish davri yaqinlashib qolgan edi. Vahiy nozil bo‘lganiga ham o‘n uch yil bo‘lib qoldi. Musulmonlar samo risolasini yerning turli burchagiga yetkazish uchun pishib yetilishdi.

Bilol roziyollohu anhu Umayya ibn Xalafning kibriyosini Makka tuproqlariga qorishtirdi.

Hamza roziyollohu anhu Ka'baning oldida Abu Jahlning yuziga musht tushirib: "Qani qo‘lingdan kelsa sen ham qaytarchi!", dedi.

Ja'far roziyollohu anhu Habashiston podshohi Najoshiyning oldida Uzzoni yerga urdi.

Sa'd ibn Abi Vaqqos roziyollohu anhu onasiga Alloh va Rasuli undan azizroq ekanligini aytdi.

Sumayya roziyollohu anhoning dunyoda oxirgi qilgan ishi Abu Jahlning yuziga tupurish bo‘ldi.

Umar roziyollohu anhu Qurayshga o‘zining hijrat qilayotganini, qo‘lidan kelgan kishi uning izidan tushishi mumkinligini baralla aytdi....

Yarim tun. Nabiy sallollohu alayhi va sallamning hijrat qilish soatlari yaqinlashdi. U zot Yasribga yetib olsalar davlat oyog‘iga qalqar edi. Shuning uchun Quraysh u zotning qonlari barchaga tarqalishi uchun har-bir qabiladan bittadan odam tanlab suyukli Nabiyyimiz sallollohu alayhi va sallamni qatl qilishga qaror qildi.

Buyuk bahodir Ali ibn Abi Tolib roziyollohu anhuning fidokorlik qilish navbati keldi. U zot Nabiyyimiz sallollohu alayhi va sallamning o‘rinlariga yotdi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam Abu Bakr roziyollohu anhuning uyiga borib: "Qani otlan, Madinaga ketamiz!", dedilar.

Abu Bakr roziyollohu anhu ana shunda Rasululloh sallollohu alayhi va sallamdan qachon hijratga ruxsat so‘rasa u zotning: "Shoshmay tur. Shoyad Alloh senga biror yo‘ldosh nasib qilsa", degan gaplarini tushundi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam hayot yo‘lida Abu Bakr roziyollohu anhu bilan yurishni yaxshi ko‘rar edilar. Shuning uchun u zotni "shoshmay tur" bilan hijratdan to‘xtatib turdilar.

Xullas, yer kurrasi taqdirini butunlay o‘zgartiradigan safar boshlandi. Ammo siyrat kitoblari bizga bu safarning chuqur tafsilotlarini aytmaydi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam Makkani tark etar ekanlar, Hadicha onamizning hidi bo‘lgan uyni tark qilayotib qanday hislar ko‘ngillaridan o‘tganini kitoblar gapirmaydi.

O‘n yil oldin Rasululloh sallollohu alayhi va sallam vahiy zalvoridan qo‘rqib uylariga kelganlarida Hadicha roziyollohu anho u zotni quchoqlariga olib hech kim yupata olmaydigan gaplar bilan yupatgan edilar. Hadicha onamiz vafot etganlarida Robbimiz Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga tasalli berish uchun me'rojga ko‘tardi. O‘shanda Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning qalblarida ne hislar o‘tganini hech kim bilmaydi. Ehtimol Hadicha onamiz janobimizni safar oldidan yana quchoqlariga olishlarini istagandirlar.

Siyrat kitoblari Nabiyyimiz sallollohu alayhi va sallamning hijrat oldidan qizlari bilan qanday vidolashganlarini aytmaydi. Islomi uchun suyukli eridan ajralib qolgan qizlari Zaynabga nima deganlarini hech kim bilmaydi. Otalari payg‘ambar bo‘lgani uchun erlari tomonidan haydalgan Ruqayya va Ummu Kulsumni qanday quchoqlariga olganlarini hech kim rivoyat qilmagan.

Qalblarining bir bo‘lagi bo‘lgan kenja qizlari Fotimani qanday tark qilganlarini siyrat kitoblari gapirmaydi.

Biz bularni bilishni istar edik. Ammo mahrummiz. Bu holatlar juda ham xususiy va og‘riqli holatlardir. Menimcha Qurayshning qilmishlaridan ko‘ra onamiz Hadichaning hidi kelib turgan uyni tark qilish og‘irroq kechgan Nabiyyimiz sallollohu alayhi va sallamga.

Mushriklar u zotni garchi qatl qila olishmagan bo‘lsada, ammo sevganlaridan ajratib qalblarini parcha-parcha qilishdi.

Nabiyyimiz sallollohu alayhi va sallamning dinning bizga yetib kelishi uchun siyrat kitoblarida zikri kelgan og‘riqlari, kitoblarda zikri kelmagan alamlar bilan o‘lchanganda hech narsa bo‘lmay qoladi!

 M.Latipov Urgut tumani "Bog‘ishamol" jome masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 16/10/2023 13:09;   Ko‘rilganligi: 124
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/biz-bilmagan-hislar
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 15:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing