O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Bir hadis sharhi

 
 

Ibni Umar Roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz (s.a.v) marhamat qilib aytdilarki: “Islom beshta ustun ustiga qurildi. Birinchisi “La ilaha ilalloh, Muhammadun rasulalloh”, deb shahodat berishlik. Ikkinchisi namoz o‘qish. Uchinchisi zakot berishlik va to‘rtinchisi haj qilishlik va beshinchisi ramazon oyining ro‘zasini tutishlikdir”.

Sharh: Mazkur hadisi sharifda islom arkonlari hisoblangan, Alloh taolo bandalariga farz qilgan, shu bilan bandalar o‘zlarini Parvardigori xuzurida qanday ekanligini ko‘rsatib bera oladigan juda muhim amallar zikr qilinmoqda.

Ularning avvalgisi - shahodatdir. Ma'lumki, Islom dini oldingi dinlarni to‘ldiruvchisi, ularning davomchisidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam o‘zlaridan oldin kelgan payg‘ambarlarning dinini davom ettirdilar. Ularning barchalarining dinining shiori bitta – “La ilaha illolloh”, edi. Musulmonni boshqalardan ajralib turishi, iymonining belgisi shahodatdir. Shahodat – bu barcha Payg‘ambarlar olib kelgan shior – Allohga iymon keltirish va Allohni bizga tanitgan zot Muhammad (s.a.v)ni payg‘ambar, rasul ekanliklarini e'tirof etish.

Ikkinchi ustun – namoz. Payg‘ambarimiz (s.a.v) aytadilarki: “G‘ayridin va musulmonning o‘rtasidagi farq namozdir”. Namoz shunday bir ibodat-ki, uni tark etishga biron-bir insonga yo‘l yo‘q. Ba'zi bir insonlar o‘z holatlaridan norozi bo‘lishar, lekin ayni haqiqat shuki, musulmonman deb da'vo qilib, masjidning eshigini topolmaydigan, umrida biror marta peshonasi sajda ko‘rmagan, namoz o‘qishlikni bilmaydigan inson, Alloh saqlasin, g‘ayri dinlarning fe'lini qilib turgan odamga o‘xshaydi.

Navbatdagi uchinchi ustun – zakot berish. Zakot moliyaviy ibodat bo‘lib, ya'ni insonning moli ma'lum bir darajaga yetganidan so‘ng, o‘shandan ma'lum bir qismini, qirqdan birini ehson qiladi. Ma'lum bir daraja – nisob deyiladi. Hammaga ham bu amal farz emas. Bu imkoniyati bor, moli o‘sha darajaga yetgan mo‘min-musulmonlar uchun. Masalan, kishining molu-mulki 85 gr. tilloning qiymatigi yetsa , shundan 2.5 foizini zakot qilib beradi. Shu hisobga yetmaguncha zakot bermaydi.

Undan keyingi farz – Ramazon oyining ro‘zasini tutmoqlik. Bu ibodat ma'naviy hamda jismoniy ibodat hisoblanadi. Ma'naviy tomoni nafs tarbiyalanadi, shahvoniy hoyu-havaslar jilovlanadi, inson komillik sari intiladi. Jismoniy tomoni esa, ro‘za tutishda kishi salomat bo‘lishi shartdir. Agar bir insonda ro‘zadan to‘sadigan kasallik topilsa, undan to tuzalgunga qadar ro‘za tutish soqit bo‘ladi. Agar surunkali bo‘lsa, u inson ro‘zasining evaziga fidyasini beradi.

So‘nggi beshinchi farz– haj qilishlik. Bu farz amali ham moddiyatga taalluqli bo‘lgan ibodatdir. Moddiy tomondan hajga borib kelishga qurbi yetadigan, salomatligi ko‘taradigan kishiga umrida bir marta haj qilishlik farz hisoblanadi.

Xayrulloh Sattarov - O‘MI Samrqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 02/02/2021 14:51;   Ko‘rilganligi: 1012
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/bir-hadis-sharhi
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing