O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Bid'at va xurofot-xayrli amallarimiz kushandasi

 
 

Olamlar parvardigori Alloh taologa hamdu sanolar, taqvodorlar peshvosi sayyidimiz Muhammad s.a.v ga salovot va salomlar bo‘lsin.

Katta va kichik gunohlarimiz orasida qo‘shilib, ongimizga singib ketgan bid'at-xurofot xaqida so‘z yuritmoqchiman.

Avvalo bid'at — Payg‘ambar alayhissalomdan keyin odamlar tomonidan dinga kiritilgan yangiliklardir.

«Bid'at»-so‘zi lug‘atda “bir narsani yangidan paydo qilish” ma'nosini anglatib, dinga kirib kelgan yangilikka ishlatiladi. Ulamolarimizning aytgan fikrlari buyicha bid'at ikki xil bo‘ladi:

Bid'ati hasana (yaxshi sanalgan bid'at), masalan: mavlid o‘qish, tarovih namozida xatmi Qur'on qilish kabilar.

Bid'ati sayyia (yomon deb sanalgan bid'at), masalan: Payg‘ambar alayhissalom ko‘rsatib bergan motam kunlariga qo‘shimcha motam tutish, islom dinida bayram qilib belgilangan hayit kunlarini motamsaro kayfiyatda o‘tkazish, qabristonlarga borib sham yoqish kabilar.

Xurofot esa xalq o‘rtasida odatga aylangan, ammo din ko‘rsatmalariga zid bo‘lgan amallardir. Masalan: ayollarning farzand talab qilib, daraxtga latta bog‘lashlari, yangi kelin-kuyovlarning nikoh kechasi alanga yoqib, uning atrofida aylanishlari va shu kabilar.Odatda kayfiyatga ham, ish faolyatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi irim sirimlarga, asosan ko‘proq ayollar ishonishadi. Bunga juda ham ko‘p misollarni keltirish mumkin. Masalan kechqurun tirnoq olsa (yoki seshanba,shanba,va hokazo kunlari) bo‘lmaydi, ayol kishi yo‘ldan kesib o‘tsa ishi yurishmaydi, tirik odamni bo‘yini o‘lchab bo‘lmaydi o‘likni o‘lchagandek bo‘ladi. Shanba kuni qo‘ldan pul ketsa faqirlik keladi, nonni dasturxonga toq qo‘yib bo‘lmaydi, a'zali dasturxonga toq qo‘yiladi va yana darvoza tepasiga, hovlidagi ustunlarga osib qo‘yiladigan hayvon bosh suyaklari, taqa, isiriq, qalampir, asalari uyasi shunga o‘xshash narsalar. Yana, qo‘lga, bo‘yinga osilgan ko‘zmunchoqlar, kiyimga qadab qo‘yilgan do‘lana va hokazo juda ko‘plab irim sirimlar bor. Halqimiz orasida irimlarga ishonish orqali, yaxshi va xayrli ishlarning kechikishi, insonlar hayotidagi intizomiy me'zonlarning izdan chiqishi, o‘zaro nizo va fitnalarga sabab bo‘lishiga olib keladi.

Jamiyatga, hatto dinga zarar keltiruvchi zararli odatlar bor. Biz ularni umumiy tarzda «Bid'at va xurofot» deb yuritamiz. Endi so‘z shu haqda. janozadan fotiha o‘qish uchun qaytganlarga atab jonliq so‘yilib, noz-ne'matli dasturxonni bezab qo‘yishadi. Bu dasturxon uch kun davomida yozig‘liq turadi. Marhumning vafotidan so‘ng yettinchi, yigirmanchi, qirqinchi kun va bir yilda dasturxonni to‘ylardan ham dabdabaliroq tarzda yozilib “ehson” qilishadi. Hozirgi kunda ko‘pgina mahalla va xonadonlarda bu ishlarning bid'at ekanini tushunib, ushbu ishlarni qilishmayapti. Aslida tiriklikda qilinishi lozim bo‘lgan ibodatlar va xayr-ehsonlarning vafotidan keyin qilingani qanchalik manfaati bor. Abu at-Tufayl Omir ibn Vosila (roziyollohu anhu) aytdilar: Hazrat Ali (karamallohu vajhahu)dan so‘ralganda, hazrat Ali: «Payg‘ambarimizning (sollalohu alayhi vasallam) o‘zimizga hos aytgan gaplari faqat mana shu qilichimning qinidagilardir»,- dedilar-da, undan bir sahifa qog‘oz chiqardilar. Bu sahifada: «Alloh taolodan bo‘lak narsalar nomiga atab biron jonliqni so‘ygan kishiga, ota-onasiga la'nat o‘qigan kishiga va shariatda bo‘lmagan narsalarni din nomidan paydo qilganlarga yo‘l bergan (imkoniyat tug‘dirgan) kishiga ham Alloh taoloning la'nati bo‘lsin», degan hadisi sharif yozilgan ekan.

Bid'at-xurofotdan o‘zimizni va atrofdagilarni saqlaylik Sof va muqaddas dinimizni xalqimizga yetqazaylik.

Agar sunnatlarni tarqatadigan bo‘lsak, bid'atlar o‘z o‘zidan yo‘q bo‘lib boraveradi.Masalan:

– Muazzin azon aytganida u kabi qaytarib turish.

–Tungi tahajjud namozini yengilgina ikki rakat o‘qishdan boshlash.

– Ichimlikni puflamasdan ichish.

– Chap qo‘lda ovqatlanmaslik.

– Suvni birdaniga ichmasdan, uchga bo‘lib ichish.

– Tahorat bilan uxlash.

– Alloh yo‘lida ziyorat qilish.

– Uxlash oldidan to‘shakni qoqish.

– Uy ishlarida ahli-ayoliga ko‘maklashish.

– Yosh bolalarga ham salom berish.

– Erkak kishilar oq kiyim kiyishi.

– Uchrashganda qo‘l berib so‘rashish.

– O‘ng tomonga qarab uxlash.

– Bemorlarni ziyorat qilish.

–Aksa urib to alhamdulillah deb aytmaguncha yarhamukalloh demaslik.

– Kaltakesakni o‘ldirish.

–Yo‘ldan ozor beruvchi narsalarni olib tashlash ham sunnat.

–Ramazon hayitiga chiqishdan oldin xurmodan toq yeb chiqish.

Bundan boshqa sunnatlar ham juda ko‘pdir.

Narpay tuman otinoyisi Dilnoza Adiz qizi


Kiritilgan vaqti: 28/06/2021 15:22;   Ko‘rilganligi: 1076
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/bidat-va-xurofot-xayrli-amallarimiz-kushandasi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 15:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing