O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Befarqliq eng yomon illat.

 
 

Martin Lyuter King aytadi:

Do‘zaxdagi eng yomon joy katta axloqiy muammolarga befarq bo‘lib chetda turgan loqayd kishilarga tayyorlab qo‘yilgan bo‘lsa kerak".

Martin Lyuter King asli Afrikalik bo‘lgan Amerika fuqarosi. U o‘tgan asrda Amerikada hurriyat va inson huquqlari uchun kurashgan ko‘zga ko‘ringan kishilardandir. U kuch ishlatishning barcha turiga qarshi edi. U hatto qurol ishlatish yo‘lini tutgan qora tanlilarning harakatiga ham qarshi chiqqan edi.U Nobel mukofotini olgan eng yosh inson bo‘lgan. Ammo tinchlik uchun butun kuchini sarflagan bu inson irqchilikning qurboni bo‘ldi. Unga 1968 yil 39 yoshida suyuqasd uyushtirishdi.

Endi yuqoridagi uning gapiga qaytadigan bo‘lsak, men kishilarni jannatiy yoki do‘zaxiy deyishdan yiroqman. Illo vahiy bilan sobit bo‘lgan holatlar bundan mustasno.

Ammo inson qilmishlari ichida eng yomoni befarqlik, loqaydlik, muammolardan chetda turish ekanini bilaman. Agar ta'bir joiz bo‘lsa uni xorlik degan bo‘lar edim.

Unday insonlarning hayotda o‘rni yo‘q. Dunyoda shunday muammolar borki, hatto hayvonlar va jonsiz predmetlar ham befarq bo‘lmaydi undan. Hayvonlar ham bu to‘g‘ri o‘z mavqifiga ega bo‘lmaslikni ayb hisoblaydi. Gaplarimdan ajablanmang. Hali dalil keltiraman bunga.

Nabiy sallollohu alayhi va sallam: "Uhud bizni yaxshi ko‘radi, biz Uhudni " deganlar.

Yana aytadilar:

"Men Makkada shunday toshlarni bilar edimki, ular menga payg‘ambarligimni aytib salom berar edi".

Birodarlar! Toshlara, toshlar?! Haq bilan botil kurashida befarq bo‘lib, loqayd bo‘lib turishmayapdi.

Ba'zi insonlar esa dunyoda bo‘layotgan qirg‘in-barotni, qon to‘kilishini xuddi urush to‘g‘risida borayotgan qiziqali kinoni ko‘rayotgandek bemalol tomosha qilib o‘tiradi.

Ibrohim alayhis salom Namrud tomonidan olovga tashlanganlarida hatto hayvonlar va parrandalar ham befarq turmasdan olovni o‘chirishga harakat qilgan.

Tumshug‘ida bir tomchi suv tashiyotgan qaldirg‘ochni befarqlar tanqid qilishdi:

Hoy nodon! Sen olib kelgan bir tomchi suv nimani hal qilar edi?!Qaldirg‘och dedi:

- Bilaman, men olib kelgan bir tomchi suv bu olovni o‘chira olmaydi. Ammo men qaysi tomonda ekanligimni ko‘rsatmoqchiman. Qiyomat yaqin qolganida musulmonlar yahudiylar bilan jang qilishadi. Unda yahudiylar berkinib olishadi. Shunda toshlar, daraxtlar, o‘simliklar tilga kirib: "Ey musulmon! Ey Allohning bandasi! Mana mening ortimda yahudiy yashirinib yotibdi" deb o‘zining befarq emasligini izhor qiladi. Loqaydlar arzimas maxluqlardir.

Ammo bu degani har-bir janjalga burningni tiqaver degani emas. Ammo eng kamida o‘z fikriga ega bo‘lmoq bu muhimdir. Qolaversa niyat va tuyg‘ular insonni kishilarning xayoliga kelmagan maqomga ko‘taradi.

Imom Buxoriy rahimahulloh "Mag‘oziy" kitobida keltiradilar: "Rasululloh sallollohu alayhi va sallam Tabuk g‘azotidan qaytayotib Madina tomon yurgach dedilar:

"Madinada shunday kishilar borki, ular siz bilan yurgan yo‘lingizda, bosib o‘tgan vodiyingizda birga bo‘lishdi". Sahobalar so‘rashdi:

-Madinada turibmi? Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: Ha Madinada turib. Ularni uzrlari ushlab qoldi.

Usmonli sultonlardan biri o‘z ustozidan so‘raydi:

 Ustoz! Davlatni nima narsa tanazzulga olib keladi?

Ustoz dedi:

"Menga nima" ya'ni, ustoz aytmoqchiki, "menga nima" deb mamlakat taqdiriga befarq bo‘lish mamlakatni tanazzulga olib keladi .

Gapimni Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning bir gaplari bilan yakunlayman:

"Loqayd inson botilga yordam bermadi, ammo haqni yordamsiz qoldirdi".

Ibragimov Husniddin Urgut tumani “Yoqub Oxun” jome masjidi imom-xatibi (manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 06/08/2020 11:58;   Ko‘rilganligi: 3829
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/befarqliq-eng-yomon-illat
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 07:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing