O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

BEFARQ BO‘LMANG!

 
 

Alloh taoloning biz bandalariga in'om etgan ne'matlari cheksiz. Bular uchun qancha shukr keltirsak ham haqqini ado eta olmaymiz. Alloh taolo Qur'oni karimda insonlarni bu ne'matlarning qadriga yetmay, unga shukr qilmaydiganlar haqida ham bayon qilgan.

Jumladan, Alloh taolo “Ibrohim” surasining 34-oyatida: “Va U sizga barcha so‘ragan narsalaringizdan berdi. Agar Allohni ne'matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysizlar. Albatta, inson o‘ta zolim va o‘ta noshukrdir”-deb marhamat qilgan. Biz Alloh taoloning ne'matlariga noshukrlik qilsak, ne'matlarning qadriga yetmasak va isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ysak Allohning qahrini keltirgan bo‘lamiz albatta.

Barchamizga ma'lum va mashhurki, bugungi kunda dunyoda “Koronavirus” epidemiyasi dunyoning global muammolaridan biriga aylandi. Bu borada barcha OAVda ko‘plab munosabatlar bildirilmoqda. Eng muhimi bu og‘ir sinovli kunlarda davlatimiz rahbari ham bizlarning g‘amimizni yeb, o‘z sog‘liqlarini keyingi o‘rinlarga qo‘yib, tinimsiz harakat qilmoqdalar. Misol tariqasida biz fuqarolarni o‘ylab pandemiyaga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazganini keltirish mumkin. Qolaversa, yangi shifoxona va karantin hududlarini zamonaviy jihozlash, o‘pkani sun'iy ventilyatsiya qiluvchi 2300 ta apparat va boshqa uskunalar sotib olish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Albatta, bularning barchasi biz fuqarolar manfaati uchun qilinayotgan g‘amxo‘rlikdir.

Bu borada yana aytish mumkinki, ijtimoiy sohalarni qo‘llab-quvvatlash, donor tashkilotlar bilan qo‘shimcha grant kelishuvlari imzolash muhimligi qayd etildi. Respublikamizning barcha hududlarida e'lon qilingan karantinda faqat biz fuqarolarga birgina talab qo‘yilgan, u ham bo‘lsa, “SOVID-19” pandemiyasi qoidalariga qat'iy rioya qilish, kasallikka qarshi ko‘rashayotganlarga yordam berishdir. Xo‘sh qanday yordam berish mumkin? Albatta o‘zimiz va oila a'zolarimizni uyda saqlab, ushbu kasallikni tarqatuvchisi bo‘lib qolmasligimizdir. Bu sinovli kunlarda biz Alloh taolodan biz uchun jonini ayamasdan, kechayu-kunduz tinimsiz xizmat qilayotgan yurtboshimiz, u kishining atrofidagi mutasaddi tashkilotlar, ayniqsa tibbiyot xodimlari haqlariga duolar qilishimiz maqsadga muvofiq ishlardan hisoblanadi.

Alloh taolo yurtimizdan va butun dunyodan bu baloni tezroq arishini  hamda bu sinovdan eson-omonlikda o‘tishimizni nasib qilsin!

Zilolaxon Nurmatova Urgut tuman bosh otinoyisi


Kiritilgan vaqti: 18/04/2020 17:40;   Ko‘rilganligi: 1208
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/befarq-bolmang
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 13:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing