O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Avratlarimizni liboslar ila to‘sishga amr etilganmiz.

 
 

Libos bu – Allohning O‘z bandalariga ato etgan tengsiz ne'matlaridan biri desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi «Ey Odam bolalari, darhaqiqat, Biz sizlarga avratlaringizni berkitadigan libosni ham, yasan-tusan libosini ham nozil qildik.(Hammasidan) yaxshiroq libos taqvo libosidir» (A'rof surasi: 26-oyat).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo insonlarga avratlarini berkitadigan hamda ularga ziynat bo‘ladigan har turli liboslarni yaratib bergani, ularga bu narsalarni bichish, tikish va tayyorlash uchun imkon berganini «nozil qildik» degan so‘z bilan eslatar ekan, avratlarni mazkur liboslar ila to‘sishga amr etmoqda.

Islom dini mukammal shariat bo‘lgach, unda barcha narsaning odobi va madaniyati mufassal tarzda bayon qilib berilgan. Shu jumladan dinimiz ta'limotida kiyinish madaniyatining ham o‘ziga xos odoblari mavjud bo‘lib, quyida ular haqida qisqacha so‘z yuritamiz.

Libos insonning terisini ko‘rsatadigan darajada yupqa va shaffof bo‘lmasligi lozim.

Tor bo‘lmasligi. Ba'zi liboslar terini ko‘rsatadigan darajada yupqa bo‘lmasada ammo, avrat yerlarining shaklini ko‘rsatib qo‘yadigan darajada tor bo‘ladi. Bu ham mumkin emas.

Erkak kishi kiyinishda o‘zini ayollarga o‘xshatib olmasligi yoki aksincha, ayol erkakcha kiyinmasligi lozim. Imom Buxoriy o‘zlarining «Sahih» to‘plamlarida Abdulloh ibn Abbos (raziyallohu anhumo)dan rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (kiyinishda) o‘zini ayollarga o‘xshatadigan erkaklarni va erkaklarga o‘xshab kiyinadigan ayollarni la'natladilar».

Kiyim olishda haddan oshmaslik, odamlardan ajralib turish uchun o‘ta qimmat libosni xarid qilmaslik. Imom Ahmad o‘z «Musnad»larida Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: «Kimki, dunyoda shuhrat libosini kiysa, Qiyomat kunida Alloh unga xorlik libosini kiygazadi». Demak, musulmon kishi odamlarga kibru havo qilish, o‘zini ulardan yuqori tutish yoxud shuhrat qozonish uchun kiyinmasligi lozim. Chunki, bu narsa uni kibru havoga berilib, o‘zidan mamnun bo‘lishga yetaklaydi. Bu esa ma'naviy illatlar sirasiga kiruvchi zararli xislatlardan biridir.

Kiyimlarni pok tutish lozimligi. Islom dini poklik dinidir. Bu poklik ma'naviy va moddiy pokizalikni taqozo etadi. Alloh taolo Qur'oni karimning Muddassir surasida Nabiy alayhissalomga qarata va u kishi orqali butun insoniyatga xitob qilar ekan: «Kiyimlaringni pok tut!»,degan. Demak, libos pokizaligi musulmon kishining hayotida nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Shu bois ham namozning shartlaridan biri libosning pokligidir. Undan tashqari poklik va orastalik iymondan ekanligiga dalolat qiluvchi bir qancha rivoyatlar ham kelgan.

Alloh taolodan barchamizni taqvo libosi ila ziynatlashini, xato-yu kamchiliklarimizni esa O‘zining satri ila berkitishini so‘rab qolamiz.

N.Temirova - Samarqand viloyat bosh otinoyisi manbalar asosida


Kiritilgan vaqti: 16/06/2022 07:59;   Ko‘rilganligi: 797
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/avratlarimizni-liboslar-ila-tosishga-amr-etilganmiz
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing