O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

AQIDADA QABR AZOBI

 
 

Qiyomat kuni amallarning o‘lchanishi, tarozu haq va rostdir. Gunoh va savoblar hisob-kitob qilinishi haq va rostdir. Jannat va do‘zzax shu kunda ham mavjuddir. Ular abadiy, foniy bo‘lmaydilar. Jannatning nozu ne'matlari, huru g‘ilmonlari ham abadiy barhayotdirlar. Allohning jazosi ham, savobi ham abadiy, tuganmasdir.

Imom A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning “Fiqul akbar” kitobida qayd etilishicha, qabrda Munkar va Nakir ismli farishtalarning kirib, marhumdan savol so‘rashlari haq va rostdir. Qabrda bandaga ruhning qaytarilishi, qabrning kofirlar va ba'zi gunohkor musulmonlarni qisishi, ularning qabr azobini tortishlari haq va rostdir. Biroq, ayrimlar “Ramazon oyida vafot etsa, jannatga tushadi” deb notog‘ri o‘ylashadi. Ammo bu oyda vafot topib ketganlarga ham ulug‘ rahmat va barakotlari yog‘ilib turishi, hatto fosiqlardan ham azob ko‘tarilib turishi haqida hadislar bor. Juma kunida vafot topgandan qabr azobi ko‘tarilishi haqida hadis kelgan. Aslida bu oyda barcha o‘lishi mumkin. Ammo ro‘zador bo‘lib, ibodatda va kalimani aytib o‘lish e'tiborlidir. Juma va Ramazon hurmatidan savoli ortga suriladi, xolos. Juma va Ramazon tugashi bilan qilganiga yarasha beriladi. Qolaversa, qabr ustiga tosh yoki marmarga o‘xshash boshqa narsalar qo‘yishni agar marhum vasiyat qilgan bo‘lsa, unga shu noshar'iy vasiyati tufayli ma'lum darajada azob berilishi kitoblarda yozilgan.

Abdurahmon ibn Abu Bakra otalariga: «Ey otajon, har tongda uch marta va kechqurun uch marta «Allohumma 'afiniy fiy badaniy, Allohumma 'afiniy fiy sam'iy, Allohumma 'afiniy fiy basoriy, laa ilaha illa anta. Allohumma inniy a'uzu bika minal kufri val faqri, Allohumma inniy a'uzu bika min 'azabil qobr, laa ilaha illa anta» deyayotganingizni eshitaman», dedilar. Abu Bakra roziyallohu anhu: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday duo qilganlarini eshitganman va men u zotning sunnatlariga amal qilishni yaxshi ko‘raman», deb javob berdilar(Abu Dovud rivoyatlari).

Demak, qabr azobi og‘ir ekan, inson hayotligida buni o‘ylab ibodatda bo‘lishi lozim. Kalomi sharifni yod olib, amal qilishi darkor. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib aytganlarki: “Har kim “Mulk” surasini o‘qisa, Qadr kechasiga yetishganning savobini topadi. Bu sura o‘z o‘quvchisini shafoat qiladi va uning gunohlari avf etiladi. Har kim bu surani o‘qisa, Alloh ta'loning hamma kitoblarini o‘qiganlik savobiga erishadi. Agar ixlos bilan uning oyatlarini o‘qisa,qabr azobini ko‘rmaydi. Agar qabr boshida o‘qilsa, o‘sha qabrdagi mayyitning azobi yengil bo‘ladi va qabri Jannat bo‘stoniga aylanadi”.


Ilyos ARABOV,
Samarqand shahar "Qoraboy oqsoqol" jome masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 25/09/2023 14:34;   Ko‘rilganligi: 1945
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/aqidada-qabr-azobi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 09:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing