Aqida nima?
Bu ilmning maqsadi diniy aqidalarni qat'iy dalillar ila isbotlash va undagi shubhalarni rad qilishdir. E'tiqod qilishi lozim bo‘lgan ishlarda musulmonni taqlidchi bo‘lishdan dalil keltirish va ishonchli bo‘lish cho‘qqisiga ko‘tarishdir. Eng asosiy maqsadi, to‘g‘ri aqida bilan ikki dunyo saodatini hosil qilishdir.
«Aqiyda» so‘zi arabcha «aqada» fe'lidan olingan bo‘lib, bir narsani ikkinchisiga mahkam bog‘lash ma'nosini anglatadi. Bu so‘zning jami (ko‘plik shakli) «aqoid» bo‘ladi. Islom aqiydasi musulmon insonni ma'lum bir narsalar bilan mahkam bog‘lab turadigan e'tiqodlar majmuasidir
Ulamolarimiz aqoid ilmini turlicha ta'rif qilganlar. Ta'riflarning eng jamlovchisi, eng osoni, eng shomili va eng qisqasi alloma Ali Qorining «Al-Fiqhul Akbar»ga qilingan sharhining takmilasida, 146-sahifada zikr qilingan ta'rifidir:
«U bir ilmki, unda e'tiqod qilish lozim bo‘lgan narsalar haqida bahs qilinadi».
Aqoid ilmini ahamiyati
E'tiqod barcha ilohiy dinlarning tamalini, asosini tashkil etadi, chunki u zamonlar o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin bo‘lgan hukmlarga o‘xshamaydi. Balki, u Odam alayhissalomdan boshlanib, qiyomatgacha o‘zgarmay turadigan tushunchadir. Shuning uchun ham unga amal qilib kelayotgan katta oqim «Ahli sunnat va jamoat» deb nomlangan. Bu jamoa a'zolari sunniylik e'tiqodidagi hanafiylik, shofe'iylik, molikiylik va hanbaliylik mazhablarini haq deb biladi. Ular Aqoid ilmining ikki buyuk imomlari Imom Abu Mansur Moturidiy va Imom AbulHasan Ash'ariy asos solgan aqidaviy ta'limotlarga amal qiladi.
Sog‘lom aqidaning avvali Alloh taoloning borligiga, birligiga va komil sifatlar bilan sifatlanganiga iymon keltirish hisoblanadi. Musulmon kishi nomusulmon kishidan “Ashhadu an la ilaha illalloh” (Allohdan o‘zga ma'bud yo‘qligiga guvohlik beraman) deb shahodat kalimalarini aytishi va ularning taqozosiga ko‘ra hayot kechirishi bilan ajralib turadi. Ushbu guvohlik berish musulmonlikning asosi hisoblanib, musulmon kishining hamma qarashlari mazkur asos ustiga quriladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytamizki dunyoda baxtli hayot kechirib oxiratda jannatga kirishni xohlagan inson albatta sog‘lom aqidani o‘rganishi va uning taqozosiga ko‘ra yashashi lozimdir.
Alloh taolo barchalarimizni dunyo va oxirat saodatiga muvaffaq qilsin.
Jahongirxon Abrorov manbalar asosida
Kiritilgan vaqti: 16/05/2022 20:06; Ko‘rilganligi: 5298
Chop etilgan vaqti: 11/10/2025 01:16