O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Amirlar taxtga o‘tirishdan oldin Buxorodagi qaysi avliyo qabrini ziyorat qilgan?

 
 

Vatanimiz tarixidagi 2 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1389 yil (bundan 632 yil oldin) – avliyo, naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband vafot etdi. Bu voqea haqida Saloh ibn Muborak al-Buxoriyning “Anis at-tolibin” (“Toliblarning suhbatdoshi”) asarida quyidagicha qayd etilgan: “Alouddin Attor aytmishlar: Hazrat Bahouddin Naqshbandning o‘limlari oldidan men Qur'oni karimning Yosin surasini o‘qirdim. Suraning yarmiga yetganda (Bahouddin Naqshband vujudlaridan) nurlar shu'la socha boshladi. Bir ozdan so‘ng jonlari uzildi. Yoshlari yetmish to‘rtda edi, dushanba kechasi rabiulavval oyining uchinchi kuni, (hijriy) yetti yuz to‘qson birinchi yil (milodiy 1389 yil 2 mart)”.

Bahouddin Naqshbandning qabri ziyoratgoh hisoblanadi. Ilgari amirlar taxtga o‘tirishdan oldin, safarga chiqayotganda va qaytayotganda albatta Bahouddin Naqshband daxmasini ziyorat qilishgan. Bahouddin Naqshband vafotidan keyin naqshbandiya tariqati keng yoyildi. O‘n beshinchi asrda Xo‘ja Ahror Ubaydulloh Valiy bu tariqatning eng yirik rahnamosi sifatida maydonga chiqdi. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi shoirlar ham naqshbandiya tariqatida edilar.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatining teng huquqli a'zosi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ga qabul qilindi. Shundan so‘ng 1993 yil 24 oktyabrda Toshkentda Xolid Malik boshchiligida BMTning vakolatxonasi ish boshladi.

O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari bu – mintaqaviy xavfsizlik, tahdidlarga qarshi kurashish, ekologik muammolarni bartaraf etish, ta'lim, fan va madaniyatni rivojlantirish, milliy an'analar, tarixiy shaxslar merosi va me'moriy yodgorliklarni asrash, qayta tiklash, ularni umumbashariy qadriyatlar sifatida jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini e'tirof etish kabilardir.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Namangan viloyatining Mingbuloq qishlog‘i yaqinida burg‘ulash ishlari olib borilayotgan paytda 5 ming 237 metr chuqurlikdan kuchli neft favvorasi otilib chiqdi – nodir neft koni ochildi.

1999 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “9 mayni Xotira va qadrlash kuni deb e'lon qilish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

2001 yil (bundan 20 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Temir yo‘l transportini monopoliyadan chiqarish va aksiyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

2020 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi Ustavini (Gaaga, 1951 yil 31 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni qabul qilindi.

2020 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Unga muvofiq, 22 mart Mahalla tizimi xodimlari kuni etib belgilandi.

Alisher EGAMBERDIYEV
tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 02/03/2021 10:04;   Ko‘rilganligi: 645
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/amirlar-taxtga-otirishdan-oldin-buxorodagi-qaysi-avliyo-qabrini-ziyorat-qilgan
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 02:52
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing