O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Amallar Parvardigorga yetkaziladigan oyd

 
 

Qodir Alloh o‘z bandalariga ibodat va savoblarini ko‘paytirishlari va O‘ziga yaqinlik hosil qilishlari uchun ma'lum fasllarni ato etgan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sha'bon oyida ibodatlarini ko‘paytirar edilar. Mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho shunday deganlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ramazondan boshqa oyning ro‘zasini to‘liq tutganlarini ko‘rmadim. Sha'bonda tutganchalik ko‘p ro‘za tutganlarini ham ko‘rmadim. Uning faqat ozginasining ro‘zasini tutmas edilar. Balki, hammasini tutar edilar, desak ham bo‘laveradi”. To‘rtovlari rivoyat qilgan.

Alloh u kishining o‘tgan va kelgusi gunohlarini mag‘firat qilgani bois Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu oyda Alloh taologa toatu ibodat va sajdani astoydil bajarganlar va sahobalar ham, Alloh ulardan rozi bo‘lsin - toat va sajda qilishda o‘zaro raqobatlashar edilar. Shu bois har bir mo‘min-musulmon ibodat fasllaridan unumli foydalanishi lozim. Xususan, sha'bon oyida ham.

Sha'bon oyi hijriy-qamariy oylarning sakkizinchisi bo‘lib, u ramazondan bitta oldingi oy hisoblanadi. Johiliyat davrida Rajab oyiga berilgan katta e'tibor, ramazon oyiga esa musulmonlarning qiziqishi yuqori bo‘lgani bois Alloh taolo sha'bon oyining boshqa oylardan ko‘ra fazli va o‘rni bo‘lakcha ekanligini bayon qildi. Chunki, rajab urush harom qilingan muqaddas oylardan biri, ramazon esa ro‘zasi farz qilingan, unda Qur'oni karim nozil bo‘lgan va eng ulug‘ tunni o‘z ichiga olgan oydir. Sha'bon esa urush harom qilingan oylardan emas va ramazon kabi ko‘p fazilatlarga ega ham emas. Shu narsa, odamlarni mazkur oyga nisbatan e'tiborsizroq bo‘lishga undab qo‘yishi mumkin. Ammo, bu xato bo‘lib, sha'bonning ham o‘ziga yarasha fazilatlari bisyordir. Ulardan biri ham bo‘lsa, unda barcha bandalarning amallari Allohga arz qilinishidir.

Usoma bin Zayd roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nima uchun sha'bon oyida ko‘p ro‘za tutishlari haqqida so‘raganida, u kishi: “Bu oy odamlar Rajab va Ramazon o‘rtasida ahamiyat bermaydigan bir oydir. Bu oyda barcha amallar olam Robbisiga-Parvardigorga yetkaziladigan oydir. Men amallarimning ro‘za tutayotgan holimda ko‘tarilishini yaxshi ko‘raman”, dedilar.

Sha'bon oyining 14-dan 15-ga o‘tar kechasi eng fazilatli tunlardan biridir. Bu kechani "Baroat kechasi" deyiladi. Baroat kechasida bir yil ichida bo‘lajak ishlar haqida qazoyu hukm qilinib, ajal va umr belgilanadi va amal sahifalari Alloh taoloning huzuriga ko‘tariladi. Shu kuni Alloh taoloning rahmati yer yuziga yog‘iladi.

Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni kechalardan birida yo‘qotib qo‘ydim. So‘ng u kishini izlab chiqdim. Qarasam, U zot Baqiy' (Madinai munavvaradagi mashhur qabriston)da boshlarini osmonga ko‘tarib turgan ekanlar:

“Ey, Oisha, Alloh va Uning Rasuli sendan chetlashidan xavf qildingmi?”, dedilar.

“Siz ba'zi ayollaringizga borgansiz, deb gumon qiluvdim”, dedim.
“Albatta, Alloh Sha'bonning yarmidagi kechada dunyo osmoniga tushadi va Kalb (arab qabilasi)ning qo‘ylari juni adadidan ko‘proqni mag‘firat qiladi”, dedilar. Ibn Moja, Termiziy va Ahmad rivoyat qilgan.

Darhaqiqat, o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, bir dona qo‘yning jun tolalari qancha bo‘lishini sanashning o‘zi qiyin. Arab qabilalari ichida eng ko‘p qo‘yli qabilaning qo‘ylari jun tolasi qancha bo‘lishini tasavvur qilib ko‘raverish kerak. Buning hammasi o‘sha kecha juda ham fazilatli ekaniga dalolat qiladi.

Demak, sha'bon oyi kirib kelishi bilan ibodat, duo, savobli amallarimizni ko‘paytirib, mazkur va'da qilingan ajru savob hamda mag‘firatlardan bahramand bo‘lib qolishga intilaylik. Darvoqe, sha'bon oyi kirib kelganiga ham ikki kun bo‘ldi, g‘aflatda qolmang, azizalar...!

O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov


Kiritilgan vaqti: 26/03/2020 14:38;   Ko‘rilganligi: 1275
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/amallar-parvardigorga-etkaziladigan-oyd
Chop etilgan vaqti: 15/09/2024 14:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing