O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Allohning roziligi jannatdan afzaldir.

 
 

Allohning roziligi jannatdan afzaldir. Jannat ahlining Alloh taoloni ko‘rishi eng katta ne'mat ekani haqida Suhaybdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahli jannatga kirgach, Alloh taboraka va taolo: "Sizlarga yana bir narsani ziyoda qilishimni xohlaysizlarmi?" deb so‘raydi. Ular: "Yuzimizni yorug‘ qilmadingmi? Jannatga kirgizmadingmi? Bizga do‘zaxdan najot bermadingmi?" deyishadi. Shunda parda ochiladi, bas, ularga Parvardigorlari azza va jallani ko‘rishdan ham suyukliroq biror narsa berilmaydi". Boshqa rivoyatda: "So‘ng ushbu:"Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne'matlar bordir"(Yunus, 26), oyatini o‘qidilar", deyiladi. (Muslim rivoyati).

Abu Dovud Tayolisiy ham bu hadisni taxrij qilgan: Suhayb roziyalloxu anxu aytadilar: "Rasululloh sollalloqu alayhi va sallam: "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne'matlar bordir", oyatini tilovat qilib dedilar: "Jannat ahli jannatga kirsa, nido qilguvchi: "Ey ahli jannat, sizlar uchun Alloh taoloning xuzurida va'da bor", deb nido qiladi. Ular: "U nima ekan? Darhaqiqat, yuzimizni yorug‘, mezonimizni og‘ir qilib, bizni jannatga kirgizdi-ku?" deyishadi. Bu ularga uch marta aytiladi. So‘ng Alloh taboraka va taolo ularga tajalliy qiladi, bas, ular Unga qaraydilar. Bu narsa ularning huzurida berilgan narsalarning eng ulug‘i bo‘ladi".

Imom Ahmad va Muslim Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: "Rasululloh sollalloxu alayhi va sallamdan: "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne'matlar bordir", oyati haqida so‘rashdi, bas, aytdilar: "Dunyoda chiroyli amal qiltan zotlar uchun chiroyli oqibat — jannatdir, ziyoda ne'mat esa Alloh taoloning jamoliga qarash".

Jannat ahliga Alloh taoloning salomi haqida Jobir roziyalloxu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasalam aytdilar: "Jannat ahli o‘zlariga va'da qilingan noz-ne'matlar ichida rohat-farog‘atda ekanlar, banogoh, ustlarida bir nur paydo bo‘ladi. Shunda Alloh taolo: "Assalomu alaykum, ey ahli jannat", deydi. Bu hol Alloh taoloning: "(Ularga) mehribon Parvardigor tomonidan salom aytilur" (Yosin, 58), degan so‘zining tasdig‘idir. Uni ko‘rganlarida jannatning barcha ne'matlarini unutadilar, toki to‘silgunicha shunday bo‘ladi. Qachon Alloh ulardan to‘silsa, Uning nuri va barakoti ular bilan qoladi".

"Banogoh ustilarida..." degan so‘zdan murod Allohning oliyligidir. Zero, Alloh taolo joy va manzildan iborat makon bilan sifatlanmaydi. U oliylik va ulug‘lik jihatidan sifatlanadi. "Uni ko‘rganlarida, jannatning barcha ne'matlarni unutadilar", deganida Allohning jamoliga qarash lazzati bilan mashg‘ul bo‘lib qolishlari tushuniladi. Chunki Uning jamolini ko‘rishdan afzal narsa yo‘q, Alloh taoloning tajallisiga hech narsa barobar bo‘la olmaydi. Agarda Alloh taolo ularni sobit va boqiy qilmaganida edi, ularga ham tog‘ bilan sodir bo‘lgan narsa voqe' bo‘lur edi.

Zero, Alloh taolo toqqa tajalliy qilgan paytda, u parcha-parcha bo‘lib, qumga aylanib ketgan edi.

"Qachon Alloh ulardan to‘silsa", deganining ma'nosi, Alloh ularni unutib qo‘ygan jannat ne'matlariga qaytarsa va ular yana o‘zlariga va'da qilingan ne'matlar ichida bo‘lib, tayyorlab qo‘yilgan narsalardan orom olishda davom etsalar, deganidir. Biroq bu, ulardan g‘oyib bo‘lsa, ular Allohni yana unutadi va ko‘rishdan to‘silib, jannat ne'matlari bilangina kifoyalanadilar, degani emas. Alloh taolo ularni unutgan narsalariga qaytaradi, ayni paytda ularni boshqa ko‘rib bo‘lmaydigan qilib to‘smaydi. Bunga hadisdagi: "Uning nuri va barakoti ular bilan qoladi", degan jumla dalolat qiladi.

Alloh taoloni jamolini ko‘rishlik barchamizga nasib qilsin!

Nurimova Dilshoda – Ishtixon tuman otinoyisi


Kiritilgan vaqti: 21/02/2022 08:14;   Ko‘rilganligi: 1969
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/allohning-roziligi-jannatdan-afzaldir
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing