O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Allohning hukmida hikmatlar bor!

 
 

Alloh subhanahu va taolo behuda o‘tkazib bo‘lmaydigan bir necha amallarni farz qildi, haddan oshishlik mumkin bo‘lmaydigan hududlarni chegaralab qo‘ydi va uning ichiga kirib bo‘lmaydigan bir necha narsalarni harom qildi. Zero, Nabiy s.a.v: “Alloh kitobida nimani halol qilgan bo‘lsa, bas u haloldir, nimani harom qilgan bo‘lsa, u haromdir. Nima haqida sukut saqlagan bo‘lsa, bas u ofiyatdir. Sizlar Allohdan ofiyatni qabul qilinglar, chunki Alloh hech narsani unitgan emas”, dedilar va ushbu oyatni tilovat qildilar: “ Robbing unitguvchi bo‘lmagan” .  Hokim rivoyati.

Muharramot (Alloh harom qilgan narsalar) —  Allohning chegarasidir. “O‘shalar Allohning chegaralaridir, unga yaqinlashmang” (Baqara 187). Alloh  taolo chegarasini buzgan, harom qilgan narsalarining ichiga kirgan bandalarga tahdid qilib: “Kim Allohga va uning rasuliga isyon qilsa va Uning chegarasidan tajavuz qilsa, uni abadiy qolish uchun do‘zaxga kiritadi. Va unga xorlovchi azob bordir”, dedi. (Niso14).

Harom qilingan narsalardan chetlashish Rasululloh s.a.v ning ushbu hadislariga binoan vojibdir. “Sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsam , undan chetlashingiz, sizlarga nimani buyurgan bo‘lsam, bas uni toqatingiz yetguncha bajaringiz”.  Muslim rivoyati.

Demak, Alloh taolo harom qilgan narsalarida ham halol qilgan narsalarida ham biz bandalar uchun juda ko‘p hikmatlar bor. Mo‘min bandalari U Zotning hukmiga rozi bo‘lishi va taslim bo‘lishi kerak ekan.

Alloh taoloning ahkomlari uning ilmi, hikmati va adliga ko‘ra bo‘ladi, bekordan-bekorga emasdir. Alloh taolo kalomida: “Robbingning so‘zlari sodiqlik va adolat ila batamom bo‘ldi. Uning so‘zlarini o‘zgartiruvchi yo‘q. Va U yaxshi eshituvchi va yaxshi ko‘rguvchi zotdir”, deb marhamat qilgan.

Alloh azza va jalla bizlarga harom va halolning o‘zagi bo‘lgan qoidani o‘zining kalomida bayon qilib: “…va ularga pokiza narsalarni halol qilib, nopok narsalarni harom qiladi…” , deb halol narsalar pokiza ekanligini, harom esa nopok narsa ekanini o‘rgatyapti. Biror narsaga halol yoki harom hukmini berish faqat Allohning haqqidir. Agar kimdir bu haqni da'vo qilsa, ya'ni halolni harom, haromni halol desa kufrga ruju' qilgan bo‘ladi. Bu to‘g‘risida Alloh taolo: “Yoki ularning dindan Alloh izn bermagan narsalarni shariat qilib bergan sherik (xudo) lari bormi?!”, deb bandalarni o‘ta og‘ir gunohdan saqlanishga chaqirmoqda.

Shuningdek, Qur'on va sunnat olimlaridan bo‘lmish olimdan boshqa kishilarni halol va harom to‘g‘risida gapirmoqliklari joiz emas. Chunki ilmsizlik bilan  halol va harom masalasida fatvo bergan kishiga qur'oni karimda juda qattiq ogohlantirish bor. “Allohga nisbatan yolg‘on to‘qish uchun tillaringiz vasf qilgan yolg‘onni gapirib: “Bu halol, bu harom”, deyavermanglar. Albatta , Allohga nisbatan yolg‘on to‘quvchilar najot topmaslar. (Nahl 116).

Bandalar qilishligi mahrum qilingan narsalar qur'on va sunnatda qat'iy zikr qilingan. “Keling, Robbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni tilovat qilib beraman: “Unga hech narsani shirk keltirmang! Ota –onangizga yaxshilik kiling! Ochlikdan qo‘rqib, bolalaringizni o‘ldirmang…”.  (An'om 151)

Shuningdek, Rasululloh s.a.v hadislarida ham mu'minlar uchun mahrum qilingan narsalar zikr qilingan. “Alloh xamrni, o‘laksa gushtni, cho‘chqani va but-sanamlarni sotishni  harom qildi”. Abu Dovud rivoyati.

“Agar Alloh biror narsani harom qilgan bo‘lsa, uning pulini ham harom qilgan”. Doru Qutniy rivoyati.

Alloh taolo bandalariga juda rahmlidir. U Zot sanog‘i va navining hisobi bo‘lmagan pokiza narsalarni halol qilib qo‘ygan. Shuning uchun halol narsalarni birma-bir bayon qilmadi. Balki, harom qilgan narsalarni bayon qilib, bandalar uni e'tirof etib o‘zlarini undan saqlashlari uchun ularni batafsil ajratib qo‘ydi. “U sizlarga harom qilgan narsalarni batafsil bayon qilib bergan-ku?! Magar muztar bo‘lganingizda mayli”.  (An'om 119). Ammo, halol narsalar modomiki pokiza ekan, Alloh taolo ularni go‘zal uslub bilan bayon etdi. “Ey odamlar! Yer yuzidagi narsalardan halol-poklarini yenglar. Va shayton izidan ergashmanglar, chunki u sizlarga ochiq dushmandir”. (Baqara 168).  Oyati karimada halol-pok rizqlarni yeyishga zid qilib shaytonning izidan ergashish qo‘yilmoqda. Ya'ni, shaytonning yo‘lida yurganlargina halol-pok yemaydilar, deganidir. Shayton insonlarga holol yedirmaslik bilan ularni Allohning itoatidan chiqaradi. Shaytonning izmiga tushib qolgan nodon inson esa, halol-haromni farqlamay naqadar ulkan gunoh qilayotganini o‘zi bilmaydi, hatto his etmaydigan darajaga tushadi.

Muboh ya'ni, ruxsat etilgan narsalarni inson hayotining mazmuni qilib qo‘yilishi, hatto harom qilingan narsalarga dalil-hujjat keltirilishi Allohning bandalariga rahmatidir.  Bas shunday ekan, bandalarga itoat, hamd va shukrona qilishlik vojibdir.

Ba'zida odamlar harom narsalarni bayon qilinayotganda ularning zarariga aytilinayotgandek qabul qiladilar. Shunda ular shariat ahkomlarini o‘lchab qalblari siqilib, “dod!” deb baqirib yuborgisi keladi. Aytadiki: “Hamma tomonda harom! Axir din yengillikdan iborat emasmi?”. Ha, aslida din yengillikdan iborat. Ularning bu tushunchalari shariatni oz tushunganlari, iymonlarini zaifligidandir. Dindagi “Yengillik” tushunchasi kishilarning fikrlari va xoxishlariga binoan emas, balki shariat keltirgan narsaga binoandir.

Misol uchun: Musofir namozini qisqartirishi, ro‘zasini ochmoqligi, mahsiga mas'h tortmoqlik muqim kishi uchun  hukmi bir kecha va kunduz, musofir kishi uchun uch kecha va kunduz, suvni iste'mol qilishda xavf bo‘lsa, tahorat o‘rniga tayammum qilish, kasal kishi uchun namozlarni jam qilib o‘qish, qasam buzilganda uning kafforatini ado qilishda uchta hukmdan birini ixtiyor qilish  qul ozod qilish yoki taom berish yoki kiyintirish, zarurat bo‘lganda o‘lgan go‘shtni iste'mol qilish shariat yengilliklari va ruhsatidir.

Shuningdek, harom qilingan narsalarni harom bo‘lishida hikmatlar bor ekanini musulmon kishi bilmoqligi kerak. Alloh bandalarni harom narsalar bilan sinab ko‘rishi, do‘zox ahlidan jannat ahlini ajratmoqligi, agar shu kabi sinovlar bo‘lmasa itoatkor kishidan osiy kishini bilib bo‘lmas edi. Iymon ahli Allohning roziligini topish uchun U zotning amriga bo‘ysinish va ajrni kasb etish ko‘zi bilan zimmasidagi mashaqqatga nazar soladilar, mashaqqat esa ularga yengil bo‘lib ko‘rinadi. Nifoq ahli esa shu mashaqqatlarga alam, og‘riq va mahrumlik ko‘zi bilan nazar soladilar, natijada bosim ularga qattiq, toat esa qiyin tuyuladi.

Harom narsalarni tark qilish bilan itoatkor kishi iymon halovatini tatiydi. Kim Alloh uchun biror narsani tark qilsa, Alloh unga undan yaxshi narsani evaz qilib beradi, va qalbida iymon lazzatini topadi.

 

Xayrulloh Sattarov, O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari.


Kiritilgan vaqti: 12/09/2020 09:57;   Ko‘rilganligi: 2600
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/allohning-hukmida-hikmatlar-bor
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing