Alloh va Uning Rosulidan yuz o‘git I 17-o‘git: Rosulullohga ko‘p-ko‘p salovot ayting!
Alloh va Uning Rosulidan yuz o‘git!
17-o‘git: Rosulullohga ko‘p-ko‘p salovot ayting!
Alloh taolo aytadi: «Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salovot ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom ayting» (Ahzob surasi )
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga bitta salavot aytsa Alloh taolo unga o‘nta salavot aytadi va undan o‘nta gunoh o‘chiriladi va u uchun o‘nta daraja ko‘tariladi”, dedilar (Nasaiy rivoyat qilgan).
Xulosa:
1. Muhammad alayhissalomga eng avvalo Alloh taolo salovot aytmoqda. Alloh tomonidan u zotga yuborilgan salavotning ma'nosi: “Alloh taoloning Muhammad alayhissalomga o‘z rahmatini yuborishi, ulug‘lashi, maqomlarini ko‘tarishi va farishtalar huzurida sha'nlariga maqtovlar aytishini”, anglatadi.
2. Alloh taoloning muqarrab farishtalari ham to‘xtovsiz holda Payg‘ambarimizga salavot yuborib turadi. Farishtalar tomonidan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga aytiladigan salavotning ma'nosi: “U zotning haqlariga duo qilishlari va istig‘for aytishlarini”, anglatadi.
3. Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan kishilar ham Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishga buyurilgandirlar. Mo‘minlar tomonidan u zotga salavot aytishning ma'nosi: “Nabiy alayhissalomga duo qilishlari va u zotni ulug‘lashlarini”, anglatadi.
4. Qur'on va sunnatda buyurilgan birorta amal haqida “Alloh va Uning farishtalari shu amalni bajaradi”, degan xabar kelmagan. Faqatgina, Rosulullohga salovot aytish haqidagina ushbu amalni Alloh va Uning farishtalari ham bajarishi aytilmoqda. Bu esa, salovot aytishning fazilatini yanada yuksaltiradi.
5. Qolaversa, salovot aytgan kishi Alloh taoloning buyrug‘iga itoat qilish bilan birgalikda judayam ko‘p ajr va savoblarga ega bo‘ladi.
6. Avvalo, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga bir marta salovot aytgan kishiga Alloh taolo salovot aytadi.
7. Atigi bir marta salovot aytgan kishining o‘nta gunohi, xatosi o‘chiriladi.
8. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga bir marta salovot aytgan kishining darajasi o‘n barobar ko‘tariladi.
9. Agar bu salovotlar qancha ko‘p bo‘lsa, berilgan va'dalar va xushxabarlar ham shunchalik ziyoda bo‘lib boraveradi.
10. Salovotning turlari judayam ko‘pdir. eng qisqalaridan biri: “Sollallohu alayka ya Rosulalloh”, “Allohumma solli va sallim va barik alayhi”, kabi jumlalardir.
Allohumma solli a'la sayyidina Muhammad, Allohumma solli va sallim va barik alayhi.
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi:
Yorbek Islom
Kiritilgan vaqti: 30/10/2020 15:56; Ko‘rilganligi: 2200
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 23:17