Alloh taologa iymon
Inson uchun eng birinchi vazifa va burch Alloh taologa iymon keltirishdir. Allohga iymon keltirish bo‘lmas ekan, iymon keltirish lozim bo‘lgan boshqa narsalarga ham iymon bo‘lmaydi. Kishi hamma narsani yolg‘iz Alloh taolo yaratganini, Undan o‘zgaga sig‘inib bo‘lmasligini, U komil sifatlar bilan sifatlanganini, ayb-nuqsondan pokligini qalbi bilan tasdiqlab, tili bilan iqror bo‘lsagina Alloh taologa iymon keltirgan bo‘ladi.
Alloh taolo zoti va sifatlarida yagonadir, qadimdir (mavjudligining avvali yo‘q), doimdir (mavjudligining nihoyasi yo‘q), tirikdir, biluvchidir, qodirdir, ixtiyorlidir (istaganini qiladi), so‘zlaguvchidir, eshituvchidir, ko‘ruvchidir. Alloh taolo jism ham, javhar (ya'ni modda) ham, araz (rang, hid kabi) ham emas. Uning surati va shakli yo‘q. Alloh taolo biror tomonda va makonda emas. Zero, U Zot makon va tomonni O‘zi yaratgan. Alloh taoloning borligi zamon bilan belgilanmaydi. Alloh taolo ismlari, zotiy va fe'liy sifatlari bilan hamisha bo‘lgan va bo‘ladi. Alloh taoloning birorta ismi va sifati yangi paydo bo‘lmagan.
Alloh taoloning zoti va sifatlarida o‘xshashi, aksi, tengi yo‘q. Alloh taolo hech bir narsaga muhtoj emas. Alloh taolo oxiratda mo‘minlarga O‘z zotiga munosib, kayfiyatsiz ravishda ko‘rinadi. Hamma narsa Alloh taoloning xohishi, hukmi va taqdiri bilan bo‘ladi. Alloh taolo barcha narsani biladi, hamma narsaga qodirdir.
Alloh taoloning sifatlari azaliy va abadiydir. Alloh taoloning sifatlari sakkizta:
Hayot – tiriklik. Alloh taolo tirikdir.
Ilm – bilish. Alloh taolo hamma narsani biluvchidir.
Qudrat – qodirlik. Alloh taolo hamma narsaga qodirdir.
Sam'a – eshitish. Alloh taolo oshkor va pinhonni eshituvchidir, hech narsa Unga maxfiy emasdir.
Basar – ko‘rish. Alloh taolo hamma narsani ko‘radi, hech narsa Undan yashirin emasdir.
Iroda – xohish. Alloh taolo xohlagan narsa bo‘ladi, xohlamagan narsa bo‘lmaydi.
Kalom – so‘zlash. Alloh taolo so‘zlaguvchidir.
Takvin – yo‘qdan yaratish. Alloh taolo olamni yo‘qdan yaratgan, hamma narsaning yaratuvchisi Alloh taolodir.
Bu sifatlardan hayot, ilm, qudrat, sam'a, basar, iroda va kalom sifatlari Alloh taoloning zotiy sifatlaridir. Takvin sifati ham Alloh taoloning zotiy sifati bo‘lib, barcha fe'liy sifatlar Alloh taoloning «takvin» sifati ostiga kiradi. Alloh taoloning hech bir sifati maxluqlarning sifatiga aslo o‘xshamaydi.
Qurbonov Raxmatullo Oqdaryo tumani "Bilol" jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 29/02/2024 13:35; Ko‘rilganligi: 583
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 12:29