AL-JOMI' AS-SAHIHDA FITNALAR MASALASINING YORITILISHI (2-maqola)
Imom Buxoriy hazratlarining “al-Jome' as-sahih” asaridagi “Fitnalar” kitobining ikkinchi bobida 7052- raqam bilan kelgan hadisi sharifda musulmon kishi fitnalarga duch kelanda nima qilmoq kerakligi aniq va ravshan bayon qilingan:
Abdulloh ibn Mas'ud rivoyat qiladilar: “Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) bizga qarata: “Men vafot qilganimdan keyin asara (Mol-dunyo to‘plab manmanlik qilmoq)ning hamda o‘zlaringiz nafratlanadigan boshqa ishlarning guvohi bo‘lasizlar,” – dedilar. Sahobalar: Yo Rasululloh, bizga nima deb amr qilasiz? U zot: “Amirlaringizning farmoishlariga itoat etinglar va Alloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiringlar!” – dedilar”.
Hadisning umumiy ma'nosi:
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizga qarata: “Men vafot qilganimdan keyin asara (mol-dunyo to‘plab manmanlik qilmoq)ning hamda o‘zlaringiz nafratlanadigan boshqa ishlarning guvohi bo‘lasizlar,” – dedilar.
Mol-dunyo fitnasi ham boshqa fitnalar kabi juda xatarli bo‘lib, o‘z sohibini turli balolarga va oxiratda alamli azobga mubtalo etuvchidir. Shuning uchun Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam sahobalarini hamda butun ummatni fitnalardan ogoh bo‘lishga chaqirib, zamonlar kelib mol-dunyo bilan fitnalangan man-man, mutakabbir kishilarni va islom diniga nomuvofiq ishlarni guvohi bo‘lishlarini bashorat qildilar.
Sahobalar: Yo Rasululloh, bizga nima deb amr qilasiz?
Sahobalarning odatlaridan biri dunyo va oxirat ishlarini barchasini Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan maslahatlashib bajarish bo‘lgan. Shuning uchun sahobalar o‘z odatlariga binoan, vaqti kelib ana shunday fitnalarga duch bo‘lganda musulmon kishilar qanday yo‘l tutishsalar najot topishlari mumkinligini so‘radilar.
U zot: “Amirlaringizning farmoishlariga itoat etinglar va Alloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiringlar!”
Rasululloh musulmonlar jamiyati orasida turli fitnalar boshlanganda ummat uchun eng to‘g‘ri yo‘l – yurt rahbariga, hokimlarga itoat etish, farmonlarini bajarishga buyurdilar. Chunki, bunday vaqtda qanday qilib bo‘lsa ham mamlakatda fuqarolarga tinchlikni ta'minlab berish va fuqarolarning farovon hayot kechirishi uchun boshqalarga nisbatan juda qattiq qayg‘uradigan, mana shunga intilib yashaydigan inson faqat yurt rahbari bo‘lar ekan. Shuning uchun turli fitnalarning oldini olishda musulmonlar suyanadigan eng ishonchli kishi faqat yurt rahbari bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga musulmon kishi o‘z zimmasidagi Alloh taoloning haqlarini – farz ibodatlarni bajarishi lozim ekanligini uqtirdilarki, boshqa manbalarda keltirilishicha Rasululoh sallallohu alayhi vasallam: “Fitna va qatl ko‘paygandagi ibodat xuddi menga hijrat qilgan kabidir”, – deb o‘sha vaqtdagi ibodatning savobini Rasulga bo‘lgan muhabbat va hijratga tenglashtirgan ekanlar. [1]
Fitnalar boshlanganda musulmon kishining bu ikki narsa – itoat va ibodatga chorlanishini buyuk hikmati bordir. Inson yurt rahbariga itoat qilish bilan jismi-jonini jismoniy fitnalardan himoya qilsa, ibodat bilan o‘z qalbini mafkuraviy fitnalardan himoya qiladi. Zero, dunyo fitnalarga aralashib turgan davrda oxirat saodatiga yetaman degan kishi uchun eng maqbul va so‘ngi yo‘l shudir.
Hadisdan olinadigan istifodalar:
- Fitnalarga to‘lgan zamonlar Rasululloh vafotlaridan keyin kelishi.
- Mol-davlat insonni dunyoning turli fitnalariga solishi.
- Musulmonlar orasida ham din-diyonatdan ko‘ra bu dunyo boyliklariga ko‘proq e'tibor beradigan kishilar paydo bo‘lishi.
- Musulmonlarni nafratlantiradigan ishlarni ko‘payishi.
- Dunyo va din ishlarini olim kishilardan maslahat so‘rab bajarish.
- Musulmon kishilar yurt amiriga, podshohiga itoat qilishi lozim ekanligi.
- Bilmagan ishning hikmatini rahbardan so‘rashning joizligi.
- Fitnali zamonlar kelganda ham musulmonlar o‘z zimmalaridagi Allohning haqlarni unutmasligi.
- Inson yurt rahbariga itoat qilish bilan jismi-jonini jismoniy fitnalardan himoya qilsa, ibodat bilan o‘z qalbini mafkuraviy fitnalardan himoya qilishi.
Mazkur bobning 7053- raqam bilan kelgan hadisi sharifda ham jamiyat fuqarolarini o‘zaro ittifoqlikka chaqirib, fitnalradan ehtiyot bo‘lishga buyuriladi:
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallam: “Kimki o‘z amirining biror ishidan nafratlansa, sabr qilsin. Chunki, sultonning itoatidan bir qarich bo‘lsa ham chiqqan kishi johiliyat (islom dinidan bexabar, johillar) o‘limini topadi!” – dedilar”.
Hadisning umumiy ma'nosi:
“Kimki o‘z amiri (boshlig‘i)ning biror ishidan nafratlansa, sabr qilsin.”
Agar hadisning mazkur jumlasiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, musulmon kishi o‘ziga boshliq etib tayinlangan har qanday kishiga itoat qilishi lozim. U boshliqning ba'zi tomonlari unga yoqmasa, sabr qilishi, besabrlik ortidan biror fitna boshlab qo‘yishdan saqlanish kerak bo‘ladi. Zero, har qanday fitnaning avvalida besabrlik turadi. Besabrlik insonni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirib, itoatsizlik va tug‘yonga yetaklaydi. Payg‘ambarimiz tug‘yon va itoatsizlikning olib boradigan natijalarini bayon etib:
“Chunki, sultonning itoatidan bir qarich bo‘lsa ham chiqqan kishi johiliyat (islom dinidan bexabar, johillar) o‘limini topadi!” – deydilar. Podshohning itoatidan chiqish yurtda tartibsizliklar va fitnalar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Fitna boshlangan joyda esa albatta ma'rifat o‘rnini jaholat, adolat o‘rnini razolat egallab, turli jinoyatlar avj oladi. Shuning uchun Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam yurt boshlig‘ining itoatidan chiqqan kishi iymonsizning o‘limini topadi, deb bu yo‘ldan ogoh bo‘lishga chaqirmoqda.
Hadisdan olinadigan istifodalar:
- Har bir ishda, xossatan e'tiqodga bog‘liq ishlarda kishi sabrli bo‘lmog‘i kerakligi.
- Fitna boshlanganda fitnaga qarshi ilm bilan qarshi turmoq.
- Hikmat bilan pand-nasihat qilmoq.
- Pand-nasihat qilish fitna qo‘zg‘ash emasligi.
- Boshliqlarimiz tomonidan bizni nafratlantiradigan ishlar sodir bo‘lsa ham sabr qilib, ularga itoat etish.
- O‘z yurtining podshohini itoatidan chiqan kishi, hox unga isyon qilsin, hox isyon qilmasin, u o‘ladigan bo‘lsa johiliyat o‘limini topishi.
- Musulmon kishi toki tirik ekan rahbarga itoat qilishi shart ekanligi.
- Podshohga nisbatan isyon kufrga eltuvchi yo‘l ekanligi.
- Yuqorida keltirilgan hadislar zamirida agar zolim bo‘lsa ham rahbarga qarshi chiqmaslik va faqihlarga itoat qilishni shartligi mavjud.
- Rahbarga itoat qilish unga qarshi chiqishdan afzalroq ekanligi.
- Musulmon kishi har bir ishda sabrli bo‘lishi.
- Qiyomatda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ummatlari bilan Kavsar hovuzi yonida uchrashishlari.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu muborak hadislari bilan biz ummatni turli fitnalar domiga tushib qolishdan ogoh etib, doim hushyor bo‘lishga, ulardan saqlanishga chorladilar.
Alloh taolo “Baqara” surasining 191-oyatida: “Fitna – qatl etishdan ham yomonroqdir”[2] deb marhamat qilmoqda. Ya'ni, fitnaning gunohi odam o‘ldirishning gunohidan og‘ir ekanligi aytilmoqda. Shunday ekan, har bir inson o‘zini, oilasini fitnalardan saqlashi farz ayndir. Fitnalardan saqlanish masalasida har bir inson fitnaga olib boruvchi sabablardan o‘zini va tili hamda qo‘lini saqlamog‘i lozim bo‘ladi.
O‘tgan solih ulamolarimiz fitnadan saqlanish uchun shunday duo qilisharkan:
“Ey Alloh! Dindan qaytishlik yoki fitnaga mubtalo bo‘lib qolishimizda sendan panoh tilaymiz”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Darhaqiqat, ayni biz yashab turgan bu zamon ham turli fitnalardan xoli emas. Bir tomondan dindan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanayotgan Turkiston islom harakati, salafiylar, ISHID kabi diniy ekstremistik oqimlarning fitnasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan islomofobiya, yana bir tomondan missionerlik balosi farzandlarimizga ko‘z olaytirib turgan bo‘lsa, boshqa tomondan “ommaviy madaniyat” va “demokratiya” niqobi ostida turli insitutlar o‘zlarining targ‘ibot maydonlarini kengaytirish yo‘lida harakatlar olib bormoqda. Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek; “bugungi zamonda mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko‘proq kuchga ega” bo‘lgan bu davr mamlakatimizning har bir fuqarosi zimmasiga doimiy ogohlik hamda bu kabi fitnalardan saqlanish vazifasini yuklaydi. Shuningdek, “fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat”ga ega bo‘lib turgan bu davrda jamiyatimizning har bir ziyoli kishisi, xossatan muqaddas dinimiz himoyachilari va fuqarolarimiz e'tiqodining qalqoni bo‘lgan din arboblari, imom-xatiblarimiz zimasiga muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosat atrofida jipslashib, yot fikr-mafkuralarga qarshi milliy mafkuramiz bilan, vayronkor g‘oyalarga qarshi bunyodkor g‘oyalar bilan, dinsizlik jaholatiga qarshi milliy ma'rifat bilan kurashishdek ulkan mas'uliyatlarni yuklaydi.
Ushbu mas'uliyatni his qilgan holda joriy yilning 10 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida Samarqand shahrining “Registon” maydonida “Ijtimoiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusida Respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur kofrensiyada ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha Samarqand viloyatining bir qancha tuman markaziy masjidlarida va Imom Buxoriy xalqaro markazida mavzuga oid ilmiy-amaliy tadbirlar ham o‘tkazildi.
[1] Imom Muslim. “Sahihu Muslim”, Fitnalar kitobi. 730-hadis.
[2] Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsirni. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2009. Baqara surasi, 191-oyat.
Nodir QOBILOV - Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi,
Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Kiritilgan vaqti: 22/11/2019 15:31; Ko‘rilganligi: 1758
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 14:08