Afv qilgan bu dunëda insonlar mehr-muhabbatiga, oxiratda esa ulug‘ ne'matga noil etadi
Inson zoti shunday yaralgan – ba'zan shaytonning qutqusiga uchadi, ba'zan to‘g‘ri yo‘ldan toyadi. Beayb – faqat Parvardigor. Allohning bir ismi – sifati Rahmon, yana biri – G‘afur. Ya'ni rahmli va kechirimlidir. Insonki, adashibdi, yo‘lini boshqa tomonga buribdi, ammo bir kun kelib uning xato ekanligini anglabdimi, uni kechirish, to‘g‘ri yo‘lga qaytishiga ko‘mak berish bandalariga ham xos bo‘lmog‘i lozim.
Baxt degan tushunchani har kim har xil tasavvur qiladi. Kimdir uni tinchlik-xotirjamlik yoki sihat-salomatlikda, boshqa birov oila, do‘stlar, yaxshi daromadli ishda, deb biladi. Umuman, baxt haqida gap borganda, har kim uni o‘z dunyoqarashi, tafakkuri, qarichi bilan o‘lchaydi. Mahkumlikdagi odam uchun esa ozodlik, oilasi bag‘rida bo‘lish katta baxt.
Shu bois adashib jinoyat yo‘liga kirgan va sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni to‘g‘ri yo‘lga, oilasi bag‘riga qaytarish davlatimiz oldida turgan muhim masalalardan biriga aylandi. Zero, adashganlar ham shu mamlakat fuqarolaridir.
Muhtaram Prezidentimiz eng aziz umummilliy bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligi e'lon qilinganining 29 yilligini nishonlash arafasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig‘i sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan 113 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 5 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 53 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 15 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 40 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 1 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 2 nafarini chet davlat fuqarolari, 105 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.
Farmonga muvofiq afv etilganlar ish joylari bilan ta'minlanib, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga yordam beriladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik yurtimizdagi barcha insonparvar, mehr-oqibatli kishilarni xursand qildi.
Zero, kechirimli bo‘lish hamma vaqt insonlar va jamiyatga ko‘pdan-ko‘p manfaat va muvaffaqqiyatlar keltirgan. Va shu bilan birga kechirimli bo‘lish mo‘min-musulmonlar uchun yuksak fazilatlardandir.
Kechirimlilik insonning ulug‘ sifatlaridan biridir. Alloh taolo o‘zining kalomida shunday bayon qiladi: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Sen yaxshilik bo‘lgan narsa ila daf qil. Ko‘ribsanki, sen bilan orasida adovati bor kimsa, xuddi sodiq do‘stdek bo‘lur”. (Fussilat surasi 34-oyat)
Yana bir oyati muborakda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Kim avf etib isloh qilsa, uning ajri Alloh zimmasidadir”. (Sho‘ro surasi 40-oyat).
Qur'oni karimning yana bir oyati karimasida Alloh taolo bandalariga quyidagicha xitob qiladi: “Va agar avf etsangiz, ko‘ngilga olmasangiz va ayblarini kechirsangiz, bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahimdil zotdir”. (Tag‘obun surasi 14-oyat).
Alloh taolo bandalarini gunohini kechiruvchi Zotdir. Kechirimlilik qanchalik buyukligini Alloh taoloning Odam alayhissalomning tavbasini qabul qilganidan bilsa bo‘ladi. Alloh taolo bandalarini ham bir-birlarini ayb nuqsonlarini, xato-kamchiliklarini kechirishga buyurgan.
Yuksak xulq sohibi bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu borada eng katta ibrat bo‘lganlar. U zotniing nihoyatda kechirimlilik bo‘lganliklari, u kishini boshlariga og‘ir kunlarni solgan mushriklar rahnamosi bo‘lgan bir qancha kishilarni kechirib yuborganliklari kechirimlilikning oliy namunasidir.
Alloh taolo “Qur'oni Karim”da shunday marhamat qiladi: “Afvni ( qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!”. (A'rof surasi, 199-oyat).
Ushbu oyatni tafsir qilgan ulamolar oyatdagi “ Afvni ( qabul qilib) oling” degan muborak birikmani “kechirimli bo‘lishga” dalolat qiladi, deyishadi. “Tafsiri irfon”da bu oyatning tafsiri haqida shunday deyiladi:“Oyat karimadagi “urf” so‘zi “yaxshi amallar” ma'nosida, Alloh taolo ushbu oyati karima orqali O‘z payg‘ambariga afvni qabul qilib olishni, ya'ni, o‘ta kechirimli bo‘lishni, odamlarni yaxshilikka chorlashni hamda shirk va kufr yo‘lini tutgan johil, nodon kimsalardan yuz o‘girishni buyurmoqda. Parvardigorning amriga bo‘ysungan Payg‘ambarimiz kechirimlilikda ham, odamlarni yaxshilikka chaqirishda ham butun ummatga ibrat bo‘lganlar”.
Ulug‘larimiz kechirimlilik dunyodagi amallarning eng xayrlisi va fazilatlisidir, deydilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar: “Qiyomat kuni bo‘lganda bir jarchi nido qiladi: “Odamlarga kechirimli bo‘lganlar qayerda? Parvardigoringiz huzuriga kelinglar va savobingizni olinglar! Qaysi bir musulmon kechirimli bo‘lsa, jannatga kirishlikka haqlidir”
Kechirimlilik, bag‘rikenglik, insonparvarlik — o‘zbek xalqiga xos azaliy qadriyatlar hisoblanadi. Hayotda adashgan, bilib-bilmay xato qilgan, qilmishidan pushaymon bo‘lgan yuzlab odamlar kechirilmoqda, afv etilmoqda, oilasi, yaqinlari bag‘riga qaytarilmoqda.
Boshi devorga tekkandan so‘ng adashganligini tushunib yetgan odamlarni afv etish muqaddas dinimizning asosiy arkonlaridan biri sanaladi. Ko‘plab bunyodkorlik va xayrli amallari bilan tarixda qolgan ulug‘ bobokalonimiz sohibqiron Amir Temur ham “Menga yomonliklar qilib, boshim uzra shamshir ko‘targanlar, ishimga ko‘p ziyon yetkazganlarni ham, agar ular iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelsalar, hurmatlab, yomon qilmishlarini xotiramdan o‘chirdim”, deya bag‘rikenglik, kechirimlilik fazilatlarini yuksak darajada e'zozlaganini eslamoq joiz.
Mazkur bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan farmon jamiyatimizda inson, uning hayoti va erkinliklari eng oliy qadriyat ekanligini yana bir tasdiqladi. Xulosa qilib aytganda, bu yurtda inson aziz, uning qadr-qimmati har narsadan ustun. Bugun afv etilganlarni, kechirilganlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘mak berish zamirida bir haqiqat mavjud. U ham bo‘lsa, hayotga kelgan har bir inson umrini mazmunli o‘tkazsin, g‘animat fursatlarni huda-behudaga sarflamasin, yurtiga, yurtdoshlariga sodiq bo‘lib, o‘z vatanida baxtli hayot kechirsin….
Rahmatulloh USMONOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 03/09/2020 14:41; Ko‘rilganligi: 1391
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:55