O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Abu Mansur Moturidiyga tosh otmang!!!

 
 

Ahl as-sunna va-l-jamoada hanafiylik, shofiiylik, molikiylik va hanbaliylik kabi to‘rt mazhab mavjud. Ushbu mazhablarning aqidaviy qarashlari moturidiya va ash'ariya ta'limotlarida o‘z aksini topgan bo‘lib, ular zamondosh olimlar tomonidan ayni bir davrda, lekin turli hududlarda asos solingan kalom maktablari zamirida yuzaga kelgan. Jumladan, bu haqida hanafiy mazhabining taniqli olimlaridan Abulxayr Isomuddin Ahmad ibn Mustofa Toshko‘prizoda (901-968/1495-1561) “Bilginki, kalom ilmida Ahl as-sunna va-l-jamoa olimlarining raisi (boshchisi) ikki kishi bo‘lib, ularning biri hanafiy va ikkinchisi shofiiydir. Hanafiy bu – Abu Mansur Moturidiy va shofiiy esa, bu – Abul-Hasan al-Ash'ariy”, – degan.

Movarounnahrda Imom Abu Hanifaning bevosita shogirdlari faoliyat olib borgan. Natijada, “Movarounnahr hanafiy maktabi” shakllangan. O‘z navbatida ushbu maktabdan ko‘plab mashhur hanafiy olimlari yetishib chiqqan. Jumladan, “Imom al-hudo” (Hidoyat yo‘li imomi), “Imom al-mutakallimin” (Mutakallimlar imomi) nomlari bilan ulug‘langan Abu Mansur al-Moturidiy ham mazkur maktabning vakillaridan hisoblanadi. Uning to‘liq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiy bo‘lib, 257/871 yili Samarqandning Moturid qishlog‘ida tug‘ilgan. U yoshligidan ilm olishga ishtiyoqi baland bo‘lgan va o‘z davrining taniqli mahalliy hanafiy olimlardan ta'lim olgan.

Chunonchi, Abu Mansur Moturidiyning ilm silsilasi hanafiy mazhabi asoschisi Imom A'zam Abu Hanifaga bog‘lanadi. Natijada esa, u ham imomning yirik izdoshlaridan va mazhab aqidasining buyuk olimlaridan biri bo‘ldi.

Abu Mansur Moturidiy yashagan davrdagi ijtimoiy-siyosiy holat tahlili o‘sha paytda turli adashgan oqimlar tomonidan musulmonlar o‘rtasida atayin nizo va ig‘vo chiqarish maqsadida ba'zi aqidaviy hamda fiqhiy masalalar buzib talqin qilinganini ko‘rsatadi. U ilmiy faoliyati davomida “Kitob at-Tavhid”, “Ta'vilot ahl as-sunna” kabi tafsir, fiqh, mantiq va aqida ilmlariga oid o‘nlab qimmatli asarlar yozgan. Lekin, ularning hammasi ham bugungi kunda aniqlanmagan. Garchi olimning barcha asarlarida adashgan oqimlarga muayyan darajada raddiyalar berilgan bo‘lsa-da, manbalarda aynan ularga bevosita raddiya sifatida bitilgan sakkizta asari mavjud. Ayni shu holat uni kalom maktabini joriy etishga undagan.

Zayniddin domla Eshonqulov manbalar asosida tayyorladi.

 


Kiritilgan vaqti: 14/12/2021 07:49;   Ko‘rilganligi: 1093
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/abu-mansur-moturidiyga-tosh-otmang
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing