O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“Abu Hanifani faqat ilmsiz kishigina ayblaydi!”

 
 

Abu Hanifa rahimahulloh buyuk fiqh madrasasi sohibi, fiqhda va taqvoda imom. Zamonasidan bugunga bugungacha eng katta fiqhiy mazhab asoschisi. Barcha ilmlarga peshqadam bo‘lgan zot. Zamonasidagi va keyingi ulamolar u kishini e'tirof etib, ko‘p maqtovlar aytganlar. Ammo ba'zi olimlar tomonidan u kishi hadis ilmi borasida e'tirozlar va ta'nalar yetgan. Bunday e'tirozlar ummat qabul qilgan ulamolarga ta'sir qilmaydi.

Abu Hanifa rahimahullohni ham boshqa ko‘plab ulamolar va muhaddislar e'tirof etib, u kishini maqtaganlar. Xususan, imom Shofe'iy u kishi haqida ushbu mashhur so‘zlarini aytgan: Insonlar fiqhda Abu Hanifaga boqimandadir.

Yana buyuk muhaddis, Kufa va Bag‘dodda qozi bo‘lgan imom Hafs ibn G‘iyos ham u kishi haqida shunday degan: Fiqhda Abu Hanifaning gapi, she'rdan ham daqiqdir, Abu Hanifani faqatgina johil kishi ayblaydi.

Imom Zahabiy aytadi: “Imom A'mash bir masala haqida so‘ralganda Buni Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit yaxshi biladi. Men u kishi ilmiga baraka berilgan deb o‘ylayman” deb javob bergan”.

Yana imom Zahabiy o‘zlari Abu Hanifa rahimahulloh haqida: Fiqhda va fiqhning daqiq masalalarida imomlik u kishiga berilgan. Bunda hech qanday shak-shubha yo‘q, deb aytgan.

Bundan tashqari Abu Hanifa rahimahullohni rijol ilmida e'tiborli bo‘lgan ulamolardan Yahyo ibn Said Al-Qatton, Yahyo ibn Maiyn va Ali Ibn Madiniylar u kishini hadis ilmida ishonchli deb aytganlar.

Yuqorida biz ba'zi ulamolarning imom Abu Hanifa haqida gaplarini keltirdik. U kishi haqida yana o‘z zamonasida va undan keyin yashab o‘tgan juda ko‘plab ulamolar maqtovlar aytgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, butun ummat imom deb e'tirof etgan ulamolarga ba'zi bir e'tirozlar ziyon yetkazmaydi. Chunki boshqa ulamolar, xususan, mazhab imomlari haqlarida ham turli xil e'tirozlar bo‘lgan. Tabiiyki, ularga ham bu e'tirozlar ziyon yetkazmaydi.

Habibulloh OLIMJONOV


Kiritilgan vaqti: 14/05/2024 16:20;   Ko‘rilganligi: 259
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/abu-hanifani-faqat-ilmsiz-kishigina-ayblaydi
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 13:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing