O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Abu Hanifa rahimahullohning so‘zlarini qanday tushunamiz?

 
 

Savol: Abu Hanifa rahimahulloh: "Hadis sahih bo‘lsa, u mening mazhabimdir", degan so‘zlarini sharhlab bering. Soxta salafiylar shu gaplarni dalil qilib qayerda sahih hadis bo‘lsa, o‘shanga amal qilish kerak, deb gapirib yurishibdi.

Javob: Bismillahir rohmanir rohim. Ko‘pchilik olimlar bu jumlani: "Agar hadis sahih bo‘lsa va unga zid keluvchi hadisdan xoli bo‘lsa, u mening mazhabimdir", deb tushuniladi deydilar. Yana bu Abu Hanifa rahimahullohning hadislarni qiyosdan ustun qo‘yganiga dalildir. Lekin bu so‘z ijtihodga layoqati yo‘q kishi qayerda sahih hadis ko‘rsa, undan hukm olishi joiz degani emas.

Eng muhimi, mujtahid darajasiga yetmagan shaxs oyat va hadislardan o‘zicha hukm chiqarishga haqqi yo‘q. Bitta sahih hadisni o‘qib u bilan hukm chiqarilmaydi, chunki ba'zi hadislar sahih bo‘lsada keyinchalik mansux (bekor) bo‘lgan bo‘lishi mumkin yoki unga ma'noda zid keluvchi hadis ham bo‘lishi mumkin. Sahih hadis kitoblariga ilmiy omonat sifatida mansux hadislar ham kiritilgan. Hukm olinadigan hadislarni mujtahid ulamolar saralab olganlar.

Mujtahid olimlar hadislardan qanday hukm chiqarganlarini Imom Abu Ja'far Tahoviy rahimahulloh “Sharhi maonil osor” nomli kitoblarida ko‘rsatib berganlar. Ya'ni, bir mavzudagi barcha hadislarni bir joyga to‘plab, ularni saralab, taqqoslab, tahlil qilib oxirida mujtahid ulamolarimizning ulardan chiqargan hukmlarini keltirganlar.

 

SALAFIYLARNING DA'VOSI NIMA?

 Hozirda mazhabsizlikka targ‘ib qiladigan kishilar: “Kelinglar, mazhablarni qo‘yaylik, Qur'on va sunnatga birlashaylik”, deydilar. “Qur'on va hadisga qanday birlashamiz”, deyilsa, “Ijtihod qilamiz”, deyishadi. Voqelikda ham shunday bo‘ldi, ularning ko‘zga ko‘ringan olimlari ijtihod qilib boshladi, natijada bitta yagona ummat paydo bo‘lmadi, aksincha beshinchi, oltinchi, yettinchi, sakkizinchi mazhabni keltirib chiqarishdi. Paydo bo‘lganiga endigina 200 yildan ortiqroq vaqt o‘tgan salafiylik hozirning o‘zida 4 ta katta mazhabga bo‘lingan:

  1. As-salafiyatul-ilmiya (1920 y.da tashkil etilgan)
  2. As-salafiyatul-jihodiya (1979 y.)
  3. As-salafiyatus-sururiya (1984 y.)
  4. As-salafiyatul-jomiya (1990 y.)

Endi bu salafiylarning ustidan ming yillar o‘tsa, qancha mazhab va firqalarga bo‘linib ketarkin?! Buning ustiga mazhabga ergashuvchi musulmonlarga turli “tamg‘alar”ni yopishtiradiganlar mana shunday bo‘linishlardan keyin “tamg‘a”ni o‘zlariga yopishtirishlari ayni adolat va mardlik bo‘ladi. Shu o‘rinda kichik ma'lumot, Saudiyalik doktor Sa'd ibn Abdulloh Barik “Al-iyjaz fi ba'zi maxtalafa fiyhil Alboniy va Ibn Usaymin va Ibn Boz” (ya'ni, “Alboniy, Ibn Usaymin va Ibn Boz ixtilof qilgan ba'zi masalalar haqida mo‘jaz (qisqa) kitob”) nomli ikki jildli kitob yozgan. Unda mavzudan ma'lum bo‘lgani kabi salafiylarning keyingi yillarda eng mashhur namoyandalari o‘rtalaridagi ixtiloflarning bir qismi keltirilgan. Eng qizig‘i kitobda ular o‘rtasidagi aqidaviy masalalardagi ixtiloflar ham keltirilgan va ular anchagina (ajabki, aqidada bir nuqtaga kela olmayotgan salafiylar boshqalarni qanday birlashtirar ekan?!). Demak, ularning har birining mazhabi bor. Endi salafiylar ularning qaysi biriga ergashadi va ulardan birini tanlaganlar boshqalari haqida qanday hukm beradi?! Yana bir haqli savol, oxir oqibat Ahli sunna val jamoa musulmonlari ham, salafiylar ham (o‘z) mazhablariga ergashar ekan, qaysi jamoaning mazhabboshilari ijtihod maqomiga loyiq?! Tobe'inlar va taba tobe'inlar bilan bir zamonda yashab, ularning ilmini o‘zlashtirgan Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofe'iy va Imom Ahmadlarmi (rahmatullohi alayhim) yoki bizga zamondosh bo‘lgan Alboniy, Ibn Usaymin va Ibn Bozlarmi (hozirgi kunda bu salafiy olimlarning har birining mazhabi shakllangan)?! Insof bilan aytganda qaysi jamoa haqqa yaqinroq?! Salafiylarning puch da'volariga mahliyo bo‘lgan musulmon birodarlarimizni mana shu masalada oqilona fikr yuritishga chaqiramiz. Chunki Ahli sunna val jamoa mujtahidlarining mazhablarini 14 asrdan beri butun islom ummati bir ovozdan haq, deb qabul qilganlar. Keyingi sanalgan olimlarning mazhablari boshlangandan hozirgacha aksar olimlarning e'tiroziga sabab bo‘lib kelmoqda. Ularning mazhabini o‘zlari va hissiyotga berilgan yuzaki ilm bilan mashg‘ul bo‘lganlar qabul qilishdi xolos. Qiyomat kuni Payg‘ambarimiz alayhissalom bashorat qilgan savodul a'zam (ko‘pchilikni tashkil qilgan haq jamoa) bilan turgan ma'qulmi yoki jamoatga xilof qilgan ixtilofchilar bilanmi?!

 

SALAFIYLIK HAQIDA MASHHUR OLIMNING FIKRI

Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh o‘zlarining “Salafiylik islomiy mazhab emas, balki u muborak davr bosqichidir” nomli asarlarida shunday deydilar: “Islom dinining o‘tgan o‘n to‘rt asrlik tarixi davomida biror mo‘tabar imom yoki ulamodan eshitmaganmizki, musulmonlarning hidoyatda bo‘lishlarining hujjati “salafiylar” deb nomlagan guruhga mansub bo‘lish hisoblansa. Balki, “salafiylik” degan guruhga mansub bo‘lishning o‘zi ayni bid'atdir (ya'ni, chunki ular yaqinda paydo bo‘lgan “yangilik”dir)” (231-232-betlar).

TUYA GO‘SHTI HAQIDAGI HADIS

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh hadislarni tushinish haqida shunday misol keltirganlar: “Alloh taolo kaminaga ham chet el islomiy ilm dargohlarida tahsil olishni nasib etdi. O‘sha yerdagi muhtaram ustozlarimizdan birlari, hadislardan foydalanishda ko‘p ilmlardan xabardor bo‘lish zarurligi, ba'zi bir hadislarning aytilish sabablari va tarixi borligi, agar shular e'tiborga olinmasa, tamoman boshqacha ma'no va tushuncha chiqib qolishini tushuntirdilar. Bunga misol keltirishga o‘tdilar:

«Ichingizda «Kim tuyaning go‘shtini yesa, tahorat qilsin», degan hadisni o‘qigan yoki eshitganlar bormi?» deb so‘radilar ustoz. Talabalar:

«Bor», deyishdi.

«Xo‘sh, nimani tushundingiz bu hadisdan?» deb so‘radilar ustoz.

«Tuyaning go‘shtini yegan odam tahoratini yangilashi zarurligini».

«Demak, sizlardan kim tuya go‘shtini yesa, tahoratini yangidan qiladi. Shundaymi? Ammo biz Molikiy mazhabidagilar bunday qilmaymiz».

«Biz ham bunday qilmaymiz».

«Nima uchun?»

«Chunki mazhabimizning ulamolari buni aytishmagan».

«Mazhabingiz ulamolari nima uchun buni aytishmaganini bilasizlarmi?»

«Bilmaymiz. Endi sizdan bilishni umid qilamiz», dedik.

«Bo‘lmasa, eshitinglar. Bu hadisni ko‘rib, tuya go‘shti yegan odam tahoratini yangilashi lozim, deganlar bo‘lsa, ular ahli zohir deyiladi. Ya'ni bular – hadisni zohiridan hukm chiqarib, gapiraveradiganlar, degani. Ammo haqiyqiy faqih olimlar, shar'iy dalillarni nozik nuqtalarigacha anglab yetadiganlar bunday qilmaydilar. Har bir dalil bilan atroflicha tekshirib ko‘radilar. Ulamolarimiz bu biz misol qilib keltirayotgan hadisni ham tekshirib ko‘rganlar. Aniqlasalar, bu hadis ma'lum bir munosabat bilan aytilgan ekan. Bir kuni Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam kishilar bilan jamoat namozini o‘qib bo‘lib, ziyofatga o‘tiribdilar. Hamma tahorati bilan kelib, ziyofatga o‘tiribdi. Ziyofatda tuya go‘shti tortilibdi. Hamma undan maza qilib yebdi. Shu orada birovdan noqulay hid chiqibdi. Buni hamma o‘zicha mulohaza qilibdi. Ziyofatdan yana jamoat namoziga turish kerak bo‘libdi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

«Kim tuyaning go‘shtini yesa, tahorat qilsin», debdilar-da, o‘zlari boshlab, tahorat qilibdilar. Alloh Rasulining yuksak odoblarini, kishilarni xijolatchilikdan chiqarish uchun yo‘l topganlarini qarang. Agar shunday qilmasalar, hamma namozga kirganida, haligi hid chiqargan odam yolg‘iz o‘zi tahorat qilishi kerak edi. Chunki hid chiqarganidan keyin tahorati ketadi, tahoratsiz namoz o‘qib bo‘lmaydi. O‘tirganlarning hammasi tahorat qilganida esa, hid chiqargan odam xijolatchilikdan qutuladi», deya ustoz so‘zlarini tugatdilar.

Mana shu dars ko‘plarimizga o‘rnak bo‘ldi. Shariat ahkomlarini, oyat va hadislarning ma'nolarini tushunishda ko‘p harakat lozim ekanligini yana bir bor anglab yetdik. Vallohu a'lam!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo hay'ati yetakchi mutaxassisi

Toshtemirov Hikmatulloh


Kiritilgan vaqti: 05/11/2020 13:05;   Ko‘rilganligi: 2154
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/abu-hanifa-rahimahullohning-sozlarini-qanday-tushunamiz
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing