O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

8 dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi kuni

 
 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining yaratilishi tarixi haqida so‘z yuritishdan oldin “Konstitusiya nima?” degan savolga javob berish maqsadga muvofiqdir.

Konstitusiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.

“Konstitusiya” atamasi Qadimgi Rimdayoq ma'lum bo‘lgan (imperator Konstitusiyasi deb atalgan qonun). Amir Temur “Tuzuklar”i Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitusiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta'sir o‘tkazgan.

Asosiy Qonunimiz yaratilishining murakkab va muhim, ayni chog‘da sharafli solnomasiga nazar solar ekanmiz, hech shubhasiz, O‘zbekiston Konstitusiyasi xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasi ekaniga komil ishonch hosil qilamiz.

Konstitusiyaviy komissiya tomonidan 1992 yil 6 dekabrda Konstitusiya loyihasi oxirgi marta muhokama etildi. Shuni alohida ta'kidlash joizki, Konstitusiyaviy komissiya xorijiy konstitusiyaviy tajribaga murojaat qilib, Asosiy Qonunning rolini yaxlit tushunishdan kelib chiqdi.

Bunda jahon konstitusiyaviy tajribasinining bir qator ilg‘or jihatlari hisobga olindi. Konstitusiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan o‘tdi.

Ayniqsa, Konstitusiya loyihasining umumxalq muhokamasi O‘zbekiston xalqining xohish-irodasini aniqlash hamda juda boy material to‘plash imkonini berdi. Ushbu material chuqur va har tomonlama o‘rganib chiqildi, umumlashtirildi va xalqning umumiy irodasi shaklida o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasi muhokamasiga kiritildi.

Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, unga yana bir qator o‘zgartishlar kiritilgach, 1992 yil 8 dekabr kuni Bosh Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e'tiboran, 8 dekabr – umumxalq bayrami deb e'lon qilindi.

Shunday qilib, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e'lon qilgan sanadan e'tiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat qaror topgan bo‘lsa, birinchi Konstitusiyamiz qabul qilingan kuni davlatimiz yangidan tug‘ildi, haqiqiy mustaqilligimizga mustahkam huquqiy poydevor qo‘yildi.

 Konstitusiyaning g‘oya va normalari o‘zbek xalqining teran tarixiy ildizlariga asoslangan bo‘lib, u ko‘p asrlik tajriba va ma'naviy qadriyatlarni, ulug‘ ajdodlarimizning huquqiy merosini o‘z ichiga olgan.

Xulosa qilib aytganda, Konstitusiyani ishlab chiqish, muhokama etish va qabul qilish jarayoni Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Konstitusiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnoma” bo‘lganligi, u “xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini” aks ettirishi, uning “xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsuli” ekani haqidagi hikmatli xulosalari to‘g‘ri va asoslangan ekanini yaqqol tasdiqlaydi.

Yahyoev Zafar  - Urgut tumani "Mirzo Ulug‘bek" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 08/12/2022 19:34;   Ko‘rilganligi: 861
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/8-dekabr-ozbekiston-respublikasi-konstitutsiyasi-kuni
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing