O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

ILMNING BARAKALI BO‘LISHI-USTOZNI HURMAT QILISHDADIR

 
 

Hurmatli o‘quvchi! Bilamizki Islom dini ilmu-ma'rifatga targ‘ib qiluvchi ilohiy va rabboniy dindir. Zero, insonning dunyoda aziz bo‘lishi, azizlik tojini kiyishi va oxiratda esa ulug‘ maqomu martabalarga sazovor  bo‘lishi, ilm olishi va unga amal qilishi bilan bog‘liqdir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa'y-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. Ilm o‘rgatuvchi ustozlar bejizga “Payg‘ambarlarning merosxo‘rlari” deb e'zozlanmaganlar. Islom dinining asosiy manbai bo‘lgan Quroni Karim va hadisi sharifda ustozning darajasi nechog‘lik buyuk ekanligi haqida oyatlar, ilm yo‘lida jasorat ko‘rsatgan va ko‘rsatayotgan ustozlarga barcha mavjudotu-maxluqotlar hattoinki suvda suzib yurgan baliqlar ham istig‘for aytib, haqqiga duo qilishi haqida malumotlar kelgan.

Alloh taolo oyati karimada shunday marhamat qiladi:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

(سورة المجادلة/11).

ya'ni: “... Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida esa shunday deydilar:

"إِنَّ اللَّهَ وَمَلائِكَتَهُ وَأَهْلَ السَّمَوَاتِ وَالأَرْضِ حَتَّى النَّمْلَةَ فِي جُحْرِهَا وَحَتَّى الْحُوتُ فِي الْبَحْرِ لَيُصَلُّونَ عَلَى مُعَلِّمِ النَّاسِ الْخَيْرَ

(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن أبي أمامة الباهلي رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)

ya'ni: Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli,  hattoki dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta'lim beruvchining haqqiga  duo qiladilar (Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu oyat va hadisdan bilsak bo‘ladiki ustozlarning, muallim va murabbiylarning shonu-shuhrati, maqomu-martabasi yuksakdir.

“Muallim” so‘zining ma'nosi “ilm beruvchi, ta'lim beruvchi, o‘rgatuvchi” deganidir. Demak, aziz o‘quvchi, bizga xoh ilm bo‘lsin xoh kasb-hunar bo‘lsin, uni o‘rgatgan zot biz uchun ustoz bo‘ladi va bizdek ahli ilmlarning zimmamizda esa u zotlarga nisbattan hurmat va ehtirom ko‘rsatishimiz lozim bo‘ladi. Shundagina biz o‘rganayotgan ilmimizda baraka bo‘ladi va o‘rgangan ilmimiz esa dunyoyu oxiratda bizga foida keltiradi.

Aziz o‘quvchi! Shuni ham alohida takidlab o‘tish kerakki, yurtimizda ham ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e'zozlash, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvatlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta'lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylarimizni har vaqt hurmatlashimiz va e'zozlashimiz lozim. Zero, kelajak avlod barkamol, yetuk va ma'rifatli bo‘lib yetishishida ularning xizmatlari kattadir. O‘zbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida ta'lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda o‘z mavqe'iga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Shu munosabat bilan yurtimizda har yili 1 oktyabr kunini “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida nishonlanadi. Bu kunda ustozlarga yanada ko‘proq hurmat-izzat ko‘rsatiladi va ularga xursandchilik baxsh etishga harakat qilinadi.

 

Muallif: B.Boboxonov, Samarqand shahar “Xo‘ja Nisbatdor” jome masjidi imom xatibi                                                         


Kiritilgan vaqti: 30/09/2019 15:04;   Ko‘rilganligi: 1392
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/ilmning-barakali-bolishi-ustozni-hurmat-qilishdadir
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 00:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing