O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

FARZAND TARBIYASI MAS'ULIYATI

 
 

             Farzand Alloh taoloning bandalariga bergan ulkan ne'matlaridan biridir, bu ne'matni shukrini ado qilish har birimizning zimmamizdagi eng asosiy burchlarimizdan biri hisoblanadi. Uni  asrab–avaylab, chiroyli tarbiyalab kamolga yetkazish esa bu ne'matning oliy shukronasidir.

Taniqli adib Abdulla Alvoniy: “Tarbiya biz uchun yo hayot yo mamotdir...”, degan ekan. Aslida ham shunday, chunki farzandni yaxshi tarbiya topib voyaga yetishi oila va jamiyatda e'tiborga molik muhim narsalardan biri hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam: “Ota – ona farzandiga go‘zal odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”,- deb aytganlar. Chunki e'tiqodi va dunyoqarashi sog‘lom farzand ota-ona xizmatini qilib, vataniga sadoqatli, komil inson bo‘lib voyaga yetadi. Farzandning yaxshi, komil inson bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida tarbiya bilan birgalikda ilmning xizmati beqiyosdir. Zero, chiroyli tarbiya bilan ziynatlangan ilmli inson yurtimiz ravnaqi va kelajagi hisoblanadi. Insonning o‘sib, kamolga yetishida ilmning zarurligini qisqa satrlarda ta'riflab berish qiyin, albatta. Bu to‘g‘rida dono xalqimizning ajoyib bir hikmatli so‘zi bor; “Farzand aziz, tarbiyasi esa undanda aziz (xalq maqoli)”. Xalqimizda odob-axloq va tarbiyaga  bu qadar e'tibor berilishi bejiz emas, chunki inson ilmi bilan yeta olmagan cho‘qqilarni chiroyli odob-axloqi bilan zabt etadi.

Alloh taolo ilmli bandalarining darajasini baland qilib, olimlarning fazilati haqida: “....Ayting: “biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!”...”, - deydi[1]. Ilmning inson hayotida nechog‘lik katta o‘rin tutishi mazkur oyatdan ham ma'lum bo‘ladi, chunki har bir millatning salohiyati, kuch-qudrati va kelajagi uning olimlari bilan belgilanadi, jumladan, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom bu haqda: “Beshikdan qabrgacha ilm izlang”, “Ilm olish har bir erkagu ayol mu'min-musulmonga farzdir”, deb bizlarni ilm sari  intilishimizga buyuradilar, hatto “Bir kunlik ilm talabida bo‘lish oltmish kunlik nafl ibodatdan afzal” deb ilmning fazilatini bayon qiladilar.

  Farzanlarimizga chiroyli tarbiya berib, hunar o‘rgatib ruhan kuchli va e'tiqodi sog‘lom holda voyaga yetkazish bilan birga ularni jismonan baquvvat qilib voyaga yetkazish ham ota-onaning burchlaridandir. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom ham: “Farzanlaringizga suvda suzishni, kamonda otishni, nayza uloqtirishni va otda chopishni o‘rgatinglar”,-deydilar. Darhaqiqat, har bir yigit-qiz zamonning talabidagi ilmlarni mukammal egallamog‘i lozim.

 Aziz zamandosh farzand tarbiyasi kelajagimizni ta'minlashdir. Yaxshi tarbiya – saodatli kelajakdir, yomon tarbiya esa istiqbolsiz kelajakdir. Biz farzandimizga yaxshi tarbiya berish orqali kelajagimizda hosil beradigan mevaning urug‘ini yerga qadayotgandek bo‘lamiz.  Bu borada ota-onalarning farzand tarbiyasi masalasida mas'uliyati kattadir. Bu mas'uliyatni qanchalik halol ado etsak, kelajagimiz ham shunchalik farovon bo‘ladi.

[1]  Zumar surasi. 9- oyat.

Nodir Qobilov, Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 16/10/2019 15:30;   Ko‘rilganligi: 98
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/farzand-tarbiyasi-masuliyati
Chop etilgan vaqti: 23/01/2020 19:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing