O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Vatan himoyasi - muqaddas burch

 
 

Tinchlik bebaho nemat, osuda hayot baxtu-saodat. Yurt obodligi, xalq farovonligi. Hozirda erishilgan ulkan o‘zgarishlar va kelajakdagi buyuk taraqqiyotlar omili aynan mana shu tinchlik va osudalik sababidan yuzaga keladi. Shu boisdan ham mustaqillikning ilk davrlaridanoq O‘zbekiston qurolli kuchlarini shakllantirishga alohida etibor berildi. Bugungi kunga kelib esa zamonaviy, ixcham va har tomonlama yaxshi qurollangan, jismoniy va intellektual bilimga ega, yurtimiz sarhadlarini har qanday tashqi xavfdan ximoya qilishga qodir milliy armiyamiz shakllandi.

Insonda ikki narsani tanlash imkoni yo‘q. Biri ota-ona, ikkinchisi Vatan. Shu boisdan ham ota-ona qancha muhtaram va mahbub bulsa, Vatan ham shunchalar aziz va muqaddas sanaladi. Shu sababidan ham inson yurtidan olis ketsa uni sog‘inadi, yurtini obodligi uchun jon kuydirib mehnat qiladi, yaxshi ko‘rib uni barcha yomonliklardan himoya qiladi. Yurtining himoyasi yo‘lida qalblari sadoqatu-jasoratga to‘la, og‘ir ammo o‘ta sharafli bu kasb egalariga ajr savoblar va'da qilingan. Zero, Rosululloh (sollalloxu alayxi vassalam): “Alloh yo‘lida bir kecha qo‘riqchilik qilish, ming kun ro‘za tutish va ming kecha qoim turishdan yaxshidir” - deya marhamat qilganlar (imom Axmad va imom Tabaroniy rivoyatdan).

Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbga xiyonat etish kechirib bo‘lmas gunohi aziym ekanligi haqida ham dinimizda qattiq ta'kidlangan. Jumladan, Abu Hurayra (roziyollohu anhu) dan rivoyat qilingan hadisi sharifda ham Rasululloh (s.a.v): “Halokatga eltuvchi yetti amaldan saqlaninglar” – deganlar.  Shu vaqtda sahobalar “Yo Rasulalloh ular nima?” - deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Alloh taologa shirk keltirish, sehr-jodu qilish, nohaq birovni o‘ldirish, sudxo‘rlik, yetimning haqqini yeyish, Vatan himoyasidan qochish, iffatli mo‘mina ayolga tuhmat qilishdir” - dedilar. (Imom Buxoriy).

Vatan himoyachilari Allohning amrini ado etayotgan, naqadar sharafli, havas qilishga, faxrlanishga arzigulik insonlardir. Rasulullox (sollallohu alayhi vassalam): “Ikki ko‘z sohibiga do‘zax olovi tegmaydi. Biri tunda Allohdan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z. Ikkinchisi: Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilgan ko‘z” – deb marhamat qildilar. ( Imom Termiziy rivoyati).

Shayh Muhammad G‘azzoliy Vatan haqida shunday deganlar: “Inson o‘z yerini, undagi narsalar bilan garchi u joy odam yashamaydigan sahro bo‘lsa ham sevadi. Vatanni sevmoqlik, qalbdagi asl tug‘ma tabiatdir. Tug‘ma tabiat insonni Vatanida yashab turganida xotirjam, undan yirokda bo‘lganida sog‘inadigan, unga hujum qilinganida uni himoya qiladigan, unga hurmatsizlik qilinganida g‘azablanadigan qilib qo‘yadi”.

Yurtimizda 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” etib belgilangan. Shunday ekan, Vatanimiz osudaligi, xalqimiz tinchligi, ajdodlardan meros bo‘lib qolgan manaviy-moddiy boyliklarimizning himoyachilari, Vatan posponlari, shijoatli o‘g‘lonlarimizning kasb bayramlari muborak bo‘lsin. Alloh taolo ularning sharafli va savobli ishlarida O‘zi madadkor bo‘lsin.

 

Pastdarg‘om tumani “Chandirobod” jome masjidi imom-xatibi Nurullo o‘g‘li Nasrulloxon


Kiritilgan vaqti: 07/01/2021 10:08;   Ko‘rilganligi: 1121
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/vatan-himoyasi-muqaddas-burch
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 02:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing