O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Moturidiylik ta'limotida iymon masalasi (2-maqola)

 
 

 Imom Moturidiiy va moturidiylik yo‘nalishi ulamolari hanafiylik an'analariga mos tarzda, balki aqidaviy ta'limotni yanada rivojlantirib, har tomonlama mukammal tarzda o‘z davrlarida yuzaga kelgan masalalarga javaob berganlar. Jumladan, ular yuqorida zikr etilgan iymon va boshqa aqidaviy masalalarni Qur'on va sunnaga mos tarzda yechib, jumladan, iymon shartiga amalning kirmasligi, uning ziyoda va noqis bo‘lmasligini dalillar bilan doimo ta'kidlab keldilar. Chunki, qaysi bir yurtimizda yetishib chiqqan soha olimlarining asarlarini olsak, aynan ushbu masala bo‘yicha yakdil qarash, ya'ni iymon bu – qalb tasdig‘i va til iqrori ekanligi hamda u ziyoda va noqis bo‘lmasligi, har bir qalbida iymoni bor kishi komil iymon sohibi ekanligi, amal esa iymondan tashqari narsaligi ta'kidlangan.

Ammo boshqa yo‘nalish va oqimlar (hozirgi kunda yuzaga kelgan mutaassib oqimlar ham) iymon til bilan iqror, dil bilan ishonish va amallarni bajarishdir deb ta'kidlaydilar. Bu qarashning asoslari yetarli darajada emasligi hanafiylik olimlari asarlarida Qur'on oyatlari va hadislarning to‘g‘ri sharhlar asosida aniq isbotlangan va shak-shubhaga o‘rin qoldirilmagan. Bu borada yurtimizdan yetishib chiqqan soha olimlarining so‘zlari alohida ahamiyat kasb etadi.

Avvalambor, imom Moturidiy ta'kidlagandek, “iymon” so‘zining ma'nosi “tasdiqlash”dir. Shuning uchun imom Moturidiy eng avvalo so‘zining lug‘aviy ma'nosidan tashqariga chiqmaslik lozimligini ta'kidlagan, so‘ng oyatlarni keltirib, ularni birma-bir sharhlab bergan va ushbu qarashning to‘g‘riligini isbotlagan. Jumladan, “Baqara” surasining 3-oyati sharhida shunday deydi:

 الَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالْغَيْبِ

Ular g‘aybga iymon keltirurlaroyati barcha toat-ibodatlar iymondir deydiganlarga raddiyalar. Chunki, oyatda namoz, zakot kabi toat-ibodatlar zikr etilmasdan, mo‘inlarning g‘aybga iymon keltirganlari uchun bu nom ularga mansub qilinmoqda.

Shunindek, “Baqara” surasi, 8-oyatida kishilarning orasida tilda iymon keltirdik, deydiganlar bor bo‘lib, ularning iymon sohib emasliklarini, ya'ni mo‘min emasliklarini zikr etilishiga ko‘ra iymon bu qalb bilan tasdiqlash ekanligini ta'kidlaydi. Hamda ushbu mazmundagi oyatlar karromiylarga raddiya ekanini zikr etadi, chunki ular iymon til bilan iqror bo‘lish bo‘lib, dil bilan tasdiqlash unga kirmaydi, deganlar.

Imom Moturidiy xorijiy, mo‘taziliy, karromiy, hashshaviy oqimlarning iymon haqidagi qarashlarini botil ekanligini zikr etib, Qur'ondagi “Ey, iymon keltirganlar...” jumlasining o‘zi iymonning tasdiq ekanligi va qalbda bo‘lishiga dalil qilib keltirgan. Shuningdek, iymon bu ma'lum chegaraga ega nom ekanligini aytadi.  

Zayniddin ESHONQULOV - O‘MI Samarqand viloyat vakili (manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 15/02/2020 13:59;   Ko‘rilganligi: 1177
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/moturidiylik-talimotida-iymon-masalasi-2-maqola
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 05:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing