O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha MUROJAAT

 
 

Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha FATVOSI e'lon qilingan edi. Unda bir qancha vazifalar qatori mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozi, besh vaqt namozlarni ham uyda ado etilishi aytildi.

Shu munosabat bilan Samarqand viloyatidagi barcha masjid va ziyoratgohlar faoliyati vaqtincha cheklab qo‘yildi.

Yaratganga shukurki, yurtimizda diniy ulamo va rahbarlarimiz bor. Ular biz mo‘min-musulmonlar uchun tegishli fatvolarni qabul qilish imkoniyatiga egalar. Hozirgi vaqtda butun dunyo bo‘ylab keng tarqalib ketayotgan kasallikning xalqimiz orasida ham yoyilib ketishini oldini olish maqsadida qabul qilingan ushbu fatvo ayni muddao ekkanligi va shariat ahkomlariga to‘la mos kelishini ta'kidlamoqchimiz. Sababi, fatvoning o‘zida ham Qur'oni karim oyatlari, hadisi sharif, fiqh kitoblaridan aniq dalillar keltirilgan. Qolaversa, dunyo ulamolarining fikr va fatvolari hamda boshqa musulmon o‘lkalarning tajribalariga tayangan holda ushbu qarorga kelinganini ham eslatib o‘tmoqchimiz. Ishonchli dalillar asosida qabul qilingan fatvoga yana qanday ong bilan e'tiroz bildirish mumkin. Zero, musulmon kishi Alloh taolo va Uning rasuliga to‘la taslim bo‘lib, ma'siyat bo‘lmaydigan o‘rinda Payg‘ambar merosxo‘rlari bo‘lgan ulamolar, muftiy va xalqning o‘zidan saylangan rahbarlarga itoat etishi va bo‘yinsunishi oyati karimada quyidagicha ta'kidlangan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ أَطِيعُواْ اللّهَ وَأَطِيعُواْ الرَّسُولَ وَأُوْلِي الأَمْرِ مِنكُمْ

ya'ni: “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, payg‘ambarga va o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilarga itoat qiling” (Niso surasi, 59-oyat).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim piyoz, sarimsoq piyoz va yovvoyi piyoz yegan bo‘lsa, masjidimizga aslo yaqin kelmasin. Chunki odam bolalari ozor topadigan narsalardan farishtalar ham ozor topadilar”, (Jobir roziyallohu anhudan Imom Muslim rivoyati) deb marhamat qilganlar. Shariatimiz yoqimsiz hid bilan kishilarga ozor bermaslik uchun masjiddan uzoqlashishga buyurar ekan, kishilar va o‘zining sog‘ligiga jiddiy xavf tug‘diradigan sabab tufayli masjid va jamoatga chiqmaslik vojib darajasidagi amal hisoblanadi.

 Shuning uchun, siz aziz samarqandliklar va viloyatimiz mehmonlaridan vaziyatga xolis va to‘g‘ri baho bergan holda, juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozi, besh vaqt namozlarni ham uyda ado etishingizni hamda rejalashtirgan ziyoratingizni keyinroqqa qoldirishingizni iltimos qilamiz.

Har bir ishning hikmati bor deganlaridek, ushbu fursatdan foydalanib, joylardagi ziyoratgoh va masjidlarimizda joriy ta'mir ishlari amalga oshiriladi.

Har bir ish Allohning izni bilan sodir bo‘ladi. Kasallik va boshqa xatarlarning kelishi ham shular jumlasidan. Inson o‘ziga yoki o‘zgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq bo‘lishga buyurilgan. Shunday ekan, xalq orasida vahima, tushkinlik, norozilik kayfiyatini paydo qilishda emas, mushkullarni aritish, ko‘ngillarni shod qilish, qiyinchiliklarni yengib o‘tishda bir-birimizga ko‘makchi bo‘laylik! Zero, bu holat ham o‘tkinchi, tez kunlarda vaziyat yaxshilanib, o‘z o‘rniga qaytadi. Vaqtinchalik sinov davridan ochiq yuz va muvaffaqiyat bilan o‘tib olamiz insha Alloh.                                                    

   Zayniddin Eshonqulov O‘MI - Samarqand viloyat bosh imom-xatibi 


Kiritilgan vaqti: 18/03/2020 11:27;   Ko‘rilganligi: 1011
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/infektsiyasi-tarqalishining-oldini-olish-boyicha-murojaat
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 07:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing