O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ijtimoiy tarmoqlarning xatari

 
 

Ushbu maqolamiz uchun mazkur mavzuni tanlashimiz bejis emas, albatta. Zero, jamiyatimiz hayoti, ayniqsa insonlar o‘rtasida o‘zaro axborot almashish, ma'lumot olishda internet tarmog‘ining ahamiyati kundan kunga ortib bormoqda.

Inson salomatligi u oziqlanayotgan suv va ne'matlar sofligiga bog‘liq bo‘lganidek, shaxs dunyoqarishining sog‘lomligi va ilm saviyasi o‘zlashtirayotgan ma'lumot va bilimlarining manbalariga bog‘liqdir. Shu nuqtai nazardan, davrimizda internet tarmog‘idan foydalanish odobi ijtimoiy odoblarning eng ahamiyatlilaridan biri hisoblanadi.

Aslida, internet, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ilm olish imkoniyatlarini osonlashtirish, odamlarning uzog‘ini yaqin qilish, o‘zaro munosabatlarda qulaylik yaratish edi. Biroq bugungi kunga kelib, ularning vazifalari tobora kengayib, maqsadlari ham turlanib bormoqda.

Biroq, har narsaning yaxshi va yomon tarafi bo‘lganidek, so‘ngi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning ham jiddiy xatarlari yuzaga chiqmoqda. Jumladan, ayni davrda ayrim buzg‘unchi oqimlarning internetdan o‘z g‘arazi yo‘lida keng foydalanayotgani, yoshlarni o‘z domiga tortayotgani, ayrim saytlarda behayolik, o‘z joniga qasd qilish kabi ayanchlik illatlar targ‘ib etilayotgani, ba'zi ijtimoiy tarmoqlarda turli fitnalar, jamiyatni beqarorlashtiruvchi yolg‘on ma'lumotlar berilayotganini kuzatishimiz mumkin.

Shuning uchun ham xalqimiz, xususan yoshlarni ana shunday xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma'rifatparvar insonning eng dolzarb vazifasiga aylanib bormoqda. Quyida ijtimoiy tarmoqlarning ana shunday xatarlaridan eng asosiylarini sanab o‘tamiz: 

 Yolg‘on va asossiz xabarlarning tarqalishi

Hozirgi globallashuv davrida eng asosiy muammoga aylangan illatlardan biri – yolg‘on axborotdir. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz ma'lumotlarni tarqatish, turli bo‘htonlar va uydirmalarni urchitish holatlari ko‘plab uchramoqda. Ayrim soddadil musulmonlar mana shunday uydirmalarga ishonib, yolg‘on va bo‘htonga sherik bo‘lib qolmoqdalar. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

“Ey, mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!” (Hujurot surasi 6-oyat).

Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga quyidagi hadis ham yaqqol dalil hisoblanadi. Bu borada Payg‘ambarimiz alayhissalom:

“Kishiga gunoh bo‘lishi uchun eshitgan narsasini gapirishining o‘zi kifoyadir”, – deganlar (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyati).

Kishilarning sha'niga tajovuz qilishning avj olganligi  

Eng achinarlisi – ko‘pincha tarqatilgan yolg‘on ma'lumotlar oqibatida insonning obro‘ va sha'ni toptalmoqda, ta'na toshlari otilmoqda, shariatimizda qaytarilgan katta gunohlarga yo‘l ochilmoqda.

Shariatimizga ko‘ra, har bir musulmonning sha'ni va obro‘sini to‘kish – huddi qonini to‘kish yoki molini o‘zlashtirish kabi, boshqa musulmon uchun haromdir.

“Fitnalar uyushtirish makoni” ekani

So‘nggi yillarda internet siyosiy kurashlar maydoni, turli xil manfaatlarning kuchli quroliga ham aylanib bormoqda. Har qanday to‘siq, cheklov va taqiqlarni aylanib o‘tishga moslashtirilgan ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda chinakamiga jilovlab bo‘lmas kuchga aylandi.

Terrorchi to‘dalar, adashgan firqalar va boshqa buzg‘unchi kuchlar ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalangan holda odamlarni, ayniqsa yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish, ulardan o‘zlarining manfur maqsadlari yo‘lida foydalanish, jamiyatda nifoq chiqarish hamda eng achinarlisi urush olovini yoqishga urinishmoqda va bunga ma'lum ma'noda erishishmoqdalar ham. Bunga yaqin tariximizda “Arab bahori” deb nom olgan arab davlatlaridagi inqilob va ziddiyatlar yaqqol misol bo‘ladi.

Aslida turli fitnalar uyushtirish, insonlar o‘rtasida adovat urug‘ini sochish – dinimizda eng katta jinoyatlardan biri ekani ta'kidlangan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

“Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir...” (Baqara surasi 217-oyat)

Noto‘g‘ri fatvo va qarashlarning tarqalgani

Turli oqimlar o‘zlarining manfur qarashlarini yoshlar ongiga singdirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan keng ko‘lamda foydalanmoqdalar. Bu ham yoshlar, umuman, dindan, diniy ma'rifatdan yaxshi xabardor bo‘lmagan kishilarni sof aqidadan og‘ib ketishiga, fiqhiy mazhablar borasida noto‘g‘ri fikr va tushunchalar shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Imom Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayhi: “Ilmni ishonchli zotlardan olish lozim, chunki dinning ustuni ilm bilandir. Kishi o‘zining jonini ishonadigan kishigagina dinini ham ishonib topshirishi lozim”, – deganlar.

Shuningdek, terrorchilar o‘zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida ayrim yoshlarni o‘zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo‘lishayotgani achinarli hol, albatta.

Shuni ham eslatib o‘tish lozimki, fatvo berish – ulkan mas'uliyat ekani va u bilan faqatgina yetuk ilm va malakaga ega bo‘lgan ulamolargina shug‘ullanishi lozimligi salafi solihlar davridan uqtirib kelingan. Shuni inobatga olib, yurtimizda shar'iy savollarga fatvo berish faqatgina O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilishi lozim.

Fahsh va behayolikning tarqalishi

Yovuz niyatli kimsalar g‘arazli maqsadlari yo‘lida va xalqning o‘zligini yemirish uchun turli usullardan foydalanadi. Ulardan biri – jamiyatda axloqiy bu­zuqlikni yoyishdir. Bu yo‘lda g‘alamislar ijtimoiy tarmoq orqali axloqsizlikni, fahshni keng tarqatishga bor imkoniyatlarini sarflamoqdalar. Behayolikka yo‘g‘rilgan tasvirlar, video-roliklar tarqatish orqali yer yuzida fasod tarqashiga “xizmat” qilmoqdalar.

Kishilarning, xususan yoshlarning ruhiyatiga, axloqiga salbiy ta'siri

Ijtimoiy tarmoq orqali fikr bildirish va buning ortidan maqtov (“layk”)larni qo‘lga kiritishga urinish bugungi yoshlarini tobora o‘z domiga tortmoqda. Buning salbiy tomoni shundaki, foydalanuvchi bunday maqtov (“layk”)larni yana va yana olishni istaydi va rohatlanadi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi va giyohvand moddalarni iste'mol qiluvchini mana shu bog‘langanlik va rohatlanish hislari birlashtirib turadi.

Muhtaram o‘quvchi! Albatta, ijtimoiy tarmoqni butkul yomonga chiqarishga haqqimiz yo‘q. Ijtimoiy tarmoq ham televideniye, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsa – yaxshi, yomonlikka ishlatsa – yomon natija beradi. Bu yerda eng muhimi – inson omilidir. Hammamiz ham yangiliklardan xabardor bo‘lish, dunyoqarashimizni o‘stirish maqsadida internet tarmoqlariga murojaat qilamiz. Muhimi – ulardan oqilona foydalansak, xususan yoshlarni aqlan va ruhan to‘g‘ri tarbiya topishida, turli yot qarashlar ta'siriga tushib qolmasliklariga xushyor bo‘lsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

Muallif: Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin Eshonqulov

 

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 23/10/2019 11:34;   Ko‘rilganligi: 1450
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ijtimoiy-tarmoqlarning-xatari
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 00:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing