O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ekstremizm va terrorizm- jamiyat dushmani

 
 

Butun olamlar Robbisi Alloh taolo haq bo‘lgan dini-islom dinini O‘zining haq, butun olamlarga rahmat  payg‘ambari Muhammad sollollohu alayhi vasallamga yubordi. Bu din butun dunyoga tez fursatlar ichida tarqala boshladi, insonlar sekin-sekin, ammo to‘p-to‘p, jamoa holida bu dinga kira boshladilar. Alloh taolo O‘zining muqaddas kitobi Qur'oni karimda bu haqda shunday deydi:

وَرَأَيْتَ النَّاسَ يَدْخُلُونَ فِي دِينِ اللَّهِ أَفْوَاجًا

“Va, siz insonlarni to‘p-to‘p bo‘lgan hollarida Allohning diniga kirayotganini ko‘rasiz”(Nasr surasi, 2-oyat).

Ha, Allohning haq dini bo‘lgan Islom dini butun insoniyat uchun rahmat dini bo‘ldi. Musulmonlar doimo bir-birlarini izzat-ikrom qilishliklari, bir-birlariga yordam berishliklari, va hatto, Alloh gunoh ish qilgan, adashgan bandalarini tavba qilishsa O‘z fazli va marhamati ila kechirishini O‘z kalomida aytib o‘tgan. Lekin hozirgi kunda, dunyoda shunday mudxish hodisalarni uchratib, insonlar lol bo‘lib qolishmoqada. Va hattoki, boshqa din vakillari Islom dinini noto‘g‘ri tushunib, musulmon insonlarni o‘zlariga dushman deb bilishmoqda.

 Hozirgi kunda diniy terrorizm, ekstremizm degan tushunchalar va oqimlar paydo bo‘lib, insonlarni qo‘rqitib, Islom dini haqida noto‘g‘ri hayol va fikrlarni insonlar ongiga, va  hattoki ularning qalbiga joylashmoqda. Ular “Islom halifali”gi, yoki “Islomiy davlat” ni tuzamiz deya yo‘lida uchragan insonlarni vaxshiylarcha o‘ldirishmoqda. Hattoki, yoshlar, qarilar va ayollarga ham rahm qilishmayapti. Xolbuki, Alloh taolo va Uning rosuli ham zaiflarga tegmaslik, hattoki urush vaqtida ham ularni o‘ldirmaslikka buyurgan. O‘zlarini musulmon ekanligini  butun dunyoga jar solib, tillarida Allohning nomini  zikr qilib yurgan ayrim kishilar esa  ayollarni xo‘rlab, so‘ngra o‘ldirib yuborishmoqda, yosh bolalar va qarilarni ham vaxshiylik ila o‘ldirib yuborishmoqda. Yana o‘zlarining adashib, katta gunoh ishlarni qilishayotgani yetmaganidek, bu qilgan ishlarini butun dunyodagi insonlar ko‘rishi uchun turli xil internet saytlariga qo‘yishmoqda. Hattoki, bu qabih ishlarini o‘zlarining hali aqlini tanimagan yosh bolalariga ham o‘rgatishmoqda. Bu esa haqiqiy qabihlikdir. Afsuski, ularning bu ishlarini noto‘g‘ri ekanligini anglamagan ba'zi bir insonlar ularning gaplariga aldanib ketishmoqda, ularga qo‘shilib turli xil qabix ishlarni qilishmoqda. Ularning orasida bizning vatandoshlarimiz borligi esa haqiqiy ayanchli holatdir. Chunki qadim-qadimdan Islom dini bizning qon-qonimizga  singib ketgan. Biz bu ishlarga qanday qilib jim qarab turibmiz? Axir bu ishlar gunoh emasmi? Qanday qilib o‘z birodarlarimizni bila turib jarlikka ketishlariga qarab turishimiz mumkun? Ularni qutqarmaymizmi?….

Yuqorida aytib o‘tilgan savollar ayni damda  juda ko‘p insonlarni o‘ylantirib kelmoqda va bu savollarga javob qidirishmoqda. Bizning yurtimizda juda ko‘p insonlar diniy ilmlar haqida  juda yaxshi bilishadi va bilmaganlarga o‘rgatilib kelinmoqda. Xususan, 2018-yildan boshlab prezidentimizning farmonlariga binoan, islom bilim yurtlariga kiruvchi o‘quvchilar soni ko‘paytirildi,  viloyatlarda diniy yo‘nalishga qaratilgan maktablar ochildi. Diniy soha vakillariga keng imkoniyatlar berilmoqda, prezidentimizning shaxsan o‘zlari imom-xatiblar bilan uchrashib, ular bilan turli xil sohalarda suhbat o‘tkazganliklari ham so‘zimizning yorqin dalilidir. Agar butun dunyoda shu kabi ishlar olib borilsa, insonlarni noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketishining oldi olinadi. Biz yoshlar yot, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshimiz. Shunday ekan ularga qarshi jon kuchimiz bilan kurashmog‘imiz darkor.

Manba: Nasihat.uz


Kiritilgan vaqti: 09/03/2020 13:18;   Ko‘rilganligi: 959
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ekstremizm-va-terrorizm-jamiyat-dushmani
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 08:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing