O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Uchrashuvlar, seminarlar, brifinglar

Samarqandda Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari boshlandi

 
 

Shonli tariximizdan ma'lumki, Movarounnahrdan nafaqat islom sivilizatsiyasi, balki jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk shaxslar yetishib chiqqan va samarali ijod qilgan. Ana shunday allomalardan biri buyuk mutafakkir, kalom ilmining asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiydir. Avval xabar berilganidek, Alloma tavalludining 1150 yilligi munosabati bilan joriy yil 3-5 mart kunlari Samarqandda “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ayni kunlarda viloyatda mazkur anjumanga qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi va viloyatdagi oliy ta'lim muassasalari hamkorligida Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi targ‘ibotiga bag‘ishlangan “haftalik” tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Haftalik doirasida Samarqanddagi ta'lim muassasalari va mahallalarda ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etilib, unda Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi xususida ma'ruzalar qilinadi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan mutakallimning xorijdan olib kelingan asarlari taqdimoti o‘tkaziladi.

Dastlabki targ‘ibot tadbiri 11 fevral kuni Samarqand davlat universitetida bo‘lib o‘tdi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.

Istiqlol yillarida milliy qadriyat, urf-odat va an'analarimizni tiklash, ulug‘ allomalar merosini o‘rganish ishlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada keng quloch yoydi. Yurtimizdagi muqaddas qadamjolar ta'mirlanib, obodonlashtirilmoqda. Yangi ilmiy-tadqiqot muassasalari ochilib, mutafakkir allomlarning ilmiy merosini chuqur o‘rganish va tadqiq etish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Bunda albatta, respublika va xalqaro darajadagi ilmiy-amaliy seminarlar va konferensiyalar alohida ahamiyat kasb etadi. Ayni jihatlar tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan alohida e'tirof etildi.

– Markazning xalqaro hamkorlik aloqalari natijasida 2019 yilda Misr Arab respublikasidan Alloma qalamiga mansub qator asarlar, yaqinda esa, Turkiyaning Marmara universiteti Ilohiyot fakultetidan 18 jildik “Ta'vilotul Qur'on” asarining turk tilidagi tarjimasi olib kelindi. Bugungi tadbirda mazkur asarlar va Markaz ilmiy xodimlari tomonidan«Jaholatga qarshi-ma'rifat» rukni ostida nashr etilgan“Samarqandlik allomalar”, “Alouddin al-Usmandiy as-Samarqandiy”, “Ibrohim Saffor Buxoriy”, “Imom Buxoriy majmuasi kitob-albomi”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni” nomli kitoblar taqdimoti ham o‘tkazildi. Targ‘ibot tadbirlari doirasida Markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar hadya qilinadi. Mazkur asarlar orqali xalqimiz, yoshlar va ilmiy jamoatchilik vakillari yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir va allomlar hayoti va ilmiy merosi, ma'rifiy islomning asl insonparvarlik tamoyillari haqida atroflicha ma'lumotlarga ega bo‘lishadi. Shu o‘rinda aytish joiz, ayni kunlarda Markaz ilmiy xodimlari tomonidan Imom Moturidiyning “Ta'vilotul Qur'on” asarini arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlari olib borilmoqda. Tarjima ishlari yakunlangach mazkur asar ham zamonaviy kitob holida nashr etilib kitobxonlar ommasiga taqdim etiladi, deydi – Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov.

Tadbirda shuningdek, joriy yilning mart oyida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro anjuman va unga tayyorgarlik jarayonlari haqida ham ma'lumotlar berildi. Konferensiya moturidiylik ta'limotining tub mazmun-mohiyatini ochib berish, Imom Moturidiy merosini o‘rganish va uning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

Targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 12/02/2020 17:27;   Ko‘rilganligi: 1010
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/seminars-briefings/samarqandda-imom-moturidiy-hayoti-va-ilmiy-merosiga-bagishlangan-targibot-tadbirlari-boshlandi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 20:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing